Линклар

Шошилинч хабар
22 ноябр 2019, Тошкент вақти: 10:27

Tailandga qochgan saudiyalik qizga qochqin maqomi berildi


Raxaf Muhammad al-Qunun Bangkok aeroportida Tailand rasmiylari bilan.

Birlashgan Millatlar tashkiloti Saudiya Arabistoni fuqarosi, 18 yashar Raxaf Muhammad al-Qununni qochqin sifatida tan oldi.

Bu haqda al-Qunun ishi bilan shug‘ullanayotgan BMTning qochqinlar ishlari bo‘yicha agentligi murojaat qilgan Avstraliya ichki ishlar vazirligi vakili ma’lum qildi. Mahalliy hukumat ham “murojaatni odatiy tartibda ko‘rib chiqayotgani” haqida bayonot berdi.

Bundan avval al-Qunun bayonot berib, o‘zida Avstraliya vizasi bo‘lgani bois, aynan shu mamlakatga qochib o‘tishga qaror qilganligini aytgan edi.

Tailandga uning otasi va akasi yetib borgan, biroq qiz ular bilan uchrashuvdan voz kechgan.

Al-Qunun 5 yanvar kuni oilasi bilan dam olayotgan Quvaytdan qochib ketgan edi. U tushgan samolyot Tailandga qo‘nganida, tekshirib ko‘rilishini aytgan Saudiya elchixonasi xodimi aldov yo‘li bilan qizning pasportini olib qo‘ydi. Xodim al-Qununga oilasi uning safariga qarshilik qilayotgani, shu sababli qiz Quvaytga qaytishi lozimligini aytgan.

Keyinroq qiz Bangkokdagi aeroport mehmonxonasi xonalaridan biriga qamalib oldi va BMT vakillari bilan uchrashmaguncha xonadan chiqmasligini aytdi. Salkam bir kunlik muzokaralardan so‘ng Tailand rasmiylari, Raxaf ona yurtiga yoki Quvaytga topshirilmasligini aytishdi, shundan so‘ng qiz BMTning qochqinlar ishlari bo‘yicha agentligi vakillari hamrohligida aeroportni tark etdi.

BBCga bergan intervyusida qiz islomdan voz kechganini, uyga qaytgudek bo‘lsa o‘zini o‘lim kutayotganini ma’lum qildi. Saudiya Arabistonida islomdan voz kechganlar murtad deyiladi va o‘limga hukm qilinadi.

Saudiya Arabistonida xotin-qizlar huquqi ancha cheklangan. Faqat 2017 yilning sentabriga kelibgina xotin-qizlarga mashina boshqarish huquqi berildi. 2018 yil yanvarida xotin-qizlar ilk bor stadionda futbol tomosha qildilar.

Mamlakatda xotin-qizlar uchun ko‘plab qarorlar vasiy-erkaklar tomonidan qabul qilinadi. 2017 yilning may oyida podshoh Salman xotin-qizlarga davlat xizmatlaridan (jumladan sog‘liqni saqlash va ta’lim) o‘z hollaricha foydalanishga ruxsat berdi.

Saudiya Arabistoni – jahondagi eng boy va yopiq mamlakatlardan biridir.

XS
SM
MD
LG