Линклар

Шошилинч хабар
24 январ 2019, Тошкент вақти: 01:03

Besh yilda uchinchi maqbullashtirish: Fermerlarning boshi yana qotdi


O‘zbekistonda fermerlarning yer maydonlari so‘nggi marta maqbullashtirilganidan 3 yil o‘tib, hukumat yerlarni yana maqbullashtirishga qaror qildi.

Uch yil avval fermer yerlari qisqartirilgan bo‘lsa, endilikda paxtakor fermerga kamida 100 gektar yer olish majburiyati yuklatildi.

Shu paytgacha O‘zbekistonda fermer xo‘jaliklarini maqbullashtirish bir necha marta o‘tkazilganki, bu islohotlar har gal fermerlar tinchini buzadi.

“Yana fermer baloga qoldi”

Ozodlik suhbatlashgan fermerlarga ko‘ra, hozirda moddiy imkon, ishchi kuchi va texnika yetishmovchiligi bois aksar fermerlar qo‘lidagi 15-20 gektar yerni zo‘rg‘a eplayapti.

Jumladan, jizzaxlik fermer yigit 100 gektardan ziyod yerni eplash qiyinligini aytdi.

“Yuz gektarni eplay oladigan fermer bor, qilolmaydigani bor. Hozir fermerlar 15-20 gektarini zo‘rg‘a eplayapti. Endi yana fermerlar baloga qolayapti. Xo‘jaligimizni oyoqqa turg‘azish uchun bor-budimizni sotdik. Endi yerimizni tortib olishsa, nima qilamiz”, deydi jizzaxlik fermer ismini ochiqlamaslik sharti bilan.

Qashqadaryoning Mirishkor tumani Mirishkor qishlog‘idagi “Abdurahmonov Asilbek” fermer xo‘jaligi 15 gektarda paxtachilik va g‘allachilik bilan shug‘ullanadi. Xo‘jalik rahbari Ulug‘bek Qurbonov maqbullashtirish qarori chiqqanidan buyon tashvishda ekanini aytadi:

“G‘alla-paxta yetishtirardik. Endi bilmadik nima qilishni, boshimiz qotayapti. Nima qilsak, qaerga borsak? O‘zi qaerga borib, bosh ursak, boshimiz faqat tosh devorga tegayapti. Fermerning muammosini eshitadigan odam yo‘q”, deydi Ulug‘bek Qurbonov.

Ayni paytda Ulug‘bek Qurbonov fermer xo‘jaligini saqlab qolish uchun kurashish rejasida qat’iy ekanini aytadi:

“Man izlanmoqchiman. Birinchi navbatda qonuniy haq-huquqimni, qay darajada imkoniyatim borligini bilmoqchiman. Nima qila olaman? Shunga qiziqayapman hozir. Qanday qilib, shu yerni olib qolib, elimizga, vatanimizga kerakli paxta-g‘allani yetishtirib berishni harakatini qilmoqchiman. Lekin hozircha menda biror echim yo‘q”.

“Hukumat qarori noto‘g‘ri talqin qilinmoqda”

Farg‘onaning Yozyovon tumanidan Ozodlikka bog‘langan va xavfsizlik yuzasidan ismi-sharifini ochiqlamaslikni so‘ragan fermerning aytishicha, ayrim mulozimlar ushbu qaror ijrosida qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ymoqda:

Bizning tuman mulozimlari ushbu qonunni noto‘g‘ri talqin qilayotgani bois fermerlar orasida norozilik paydo bo‘ldi. Tuman hokimi qancha eri borligidan qat’i nazar tumandagi barcha fermerning yerlarini tortib olayapti. Hozir hamma fermer bilan ijara shartnomasini bekor qilish borasida majburiy tarzda ariza yozdirib olayapti. Ya’ni barcha fermer yerini topshiradi va keyin qaytadan bo‘lib berishmoqchi. Vaholanki, bu harakatlar hukumat qarorining 4-bandiga zid tarzda bo‘layapti. Fermer faoliyatiga xolisona baho berish Respublika ishchi guruhlari zimmasiga yuklatilgan”, deydi yozyovonlik fermer.

Qishloq xo‘jaligi korxonalari yer uchastkalarining o‘lchami 14-sonli qarorda nazarda tutilgan miqdorlardan kam bo‘lgan taqdirda, ularni maqbullashtirishga asos bo‘ladi.

Yozyovonlik fermerga ko‘ra, qarorning ushbu bandi ham mahalliy mulozimlar tomonidan buzilmoqda.

“Qarorning 4- ilovasi, 4-bandida qishloq xo‘jalik korxonalari yer uchastkalarining o‘lchami mazkur talablarning 3-bandida nazarda tutilgan mikdorlardan kam bo‘lgan taqdirda, ularni maqbullashtirishga asos bo‘ladi, deyilgan. Bunda, yer uchastkalaridan samarali foydalanayotgan, kontraktatsiya shartnomasi majburiyatlarini bajarib kelyotgan, moddiy - texnika bazasiga ega bo‘lgan hamda ko‘p tarmoqli faoliyati yo‘lga qo‘ygan paxta-g‘allachilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklariga, shuningdek, zamonaviy issiqxonalar, intensiv usulda tashkil kilingan bog‘ va tokzorlarning yer uchastkalariga mazkur talablarining 3-bandida ko‘zda tutilgan miqdorlar qo‘llanilmaydi”, deydi o‘zini oliy ma’lumotli fermer deya tanishtirgan yozyovonlik fermer.

“Hukumat qaroridan xursandman!”

Ayni paytda Xorazm viloyatining Shovot tumanida faoliyat yurituvchi fermer hukumatning maqbullashtirish qaroridan mamnun ekanini aytadi.

“50 gektar yerimiz bor. Yerlarni ko‘paytirish qaroridan, albatta, xursandman. 100 gektar bersa olaveraman. Imkonim yetadi. Yerni ko‘paytirsak, yana qo‘shimcha texnika olamiz”, deydi shovotlik fermer.

Hukumatning ushbu qarorini amalga oshirish uchun Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi mulozimlari boshchiligida jami 5 ta Respublika ishchi guruhi tuzildi. Ushbu guruh safiga qishloq xo‘jaligi rasmiylaridan tortib, bank, soliq va joylardagi deyarli barcha mutasaddi idora-tashkilotlar mulozimlari jalb qilingan.

Keyingi 5 yilda uch marta maqbullashtirish

Shu paytgacha O‘zbekistonda fermer xo‘jaliklarini maqbullashtirish bir necha marta o‘tkazilgan.

Vazirlar Mahkamasi 2016 yil 10 fevralda qabul qilgan qarorga binoan, fermer xo‘jaliklari yerlarining viloyatiga qarab, 70-90 gektardan ortiq bo‘lmasligi shart qilib qo‘yilgandi.

Hukumatning o‘sha qarori fermerlar yerlarini ko‘paytirishga yo‘naltirilgan 2015 yildagi qarorining aksi bo‘lgandi.

Uch yil avvalgi qarorda fermerlarga yer maydonlarini tuman hokimi emas, balki fermerlarning hududiy kengashlari va yer uchastkalari berish masalalari bo‘yicha komissiyalar xulosasiga asosan Xalq deputatlari tuman kengashi qabul qilishi belgilandi.

Joriy yilgi qarorga ko‘ra, eksperiment tariqasida fermer xo‘jaliklari uchun yer uchastkalari ochiq tanlov yakuniga ko‘ra yer uchastkalarini berish masalalarini ko‘rib chiquvchi tuman komissiyasi hamda tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining xulosasiga binoan xalq deputatlari tuman Kengashining qarori asosida qabul qilingan tuman hokimining qarori bo‘yicha beriladi.

Bir gektar yer maydoni uchun paxta-g‘allachilik loyihasiga 2 ming AQSh dollari ekvivalenti miqdorida hamda sabzavot-g‘allachilik, bog‘dorchilik-uzumchilik, sabzavot-polizchilik loyihalariga 5 ming AQSh dollari ekvivalenti miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritadigan talabgorlarga va klaster korxonalariga tuman sektor rahbarining tavsiyasiga ko‘ra tanlov o‘tkazmasdan tuman hokimining qaroriga asosan yer uchastkalari ajratiladi.

Maqbullashtirish jarayonida tuman hokimliklari zaxirasiga qaytarilgan yer uchastkalari, birinchi navbatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritadigan, moliyaviy holati yaxshi va qishloq xo‘jaligi texnikalariga ega ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari, paxta-to‘qimachilik klasterlari, eksport qiluvchi va qayta ishlovchi korxonalarga beriladi.

Hukumat qarori: Fermerning yer maydonlari ko‘paytirilsin!

Vazirlar Mahkamasining joriy yil 9 yanvardagi 14-sonli qaroriga binoan, fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jalik korxonalari yer maydonlarini maqbullashtirish jarayoni boshlandi.

Qarorga muvofiq, endilikda fermer va korxonalarning yer maydonlari hajmi ularning faoliyat turiga qarab belgilanadi:

paxtachilik va g‘allachilik yo‘nalishidagi qishloq xo‘jaligi korxonalari yer uchastkalari maydonlarining eng kam o‘lchami – 100 gektar;

g‘allachilik va sabzavotchilik yo‘nalishidagi qishloq xo‘jaligi korxonalari yer uchastkalari maydonlarining eng kam o‘lchami – 20 gektar;

bog‘dorchilik va uzumchilik yo‘nalishidagi qishloq xo‘jaligi korxonalari yer uchastkalari maydonlarining eng kam o‘lchami – 10 gektar;

sabzavotchilik va polizchilik yo‘nalishidagi qishloq xo‘jaligi korxonalari yer uchastkalari maydonlarining eng kam o‘lchami – 5 gektar;

Hukumat qaroriga ko‘ra, chorvador fermerlarning yer maydonlari hajmlari qonunchilikda belgilangan tartibda mavjud shartli mol bosh sonidan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Nimaga yana maqbullashtirish?

Hukumat qaroriga ko‘ra, yana maqbullashtirish masalasiga qaytilishiga sabab yerlarni noqonuniy ajratish va ulardan xo‘jasizlarcha foydalanish holatlariga yo‘l qo‘yilgani sabab bo‘lgan.

Rasmiy hujjatda quyidagi to‘rtta holat misol tarzida keltirilgan:

birinchidan, 2018 yilda 2 638 ta holatda 16 447 gektar maydondan noqonuniy foydalanilgan hamda 1 502 ta holatda 28 427 gektar ekin yerlari noqonuniy ajratilgan;

ikkinchidan, 2018 yil davomida respublika bo‘yicha 4 062 holatda 622 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olinib, yakka tartibda uy-joy yoki boshqa bino va inshootlar qurib olinganligi aniqlangan;

uchinchidan, fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari yer maydonlarining konturlari kesimida ekinlarni joylashtirish va hosildorlikni belgilash bo‘yicha mahalliy hokimliklar tomonidan qabul qilingan qarorlarning shaffofligi va xolisonaligi ta’minlanmayapti. Bu esa, ayrim qishloq xo‘jaligi ekinlarini shartnomaga nisbatan ko‘p yoki kam ekilishiga, hosildorlikning adolatsiz belgilanishiga sabab bo‘lmoqda;

to‘rtinchidan, qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan tuproq unumdorligini oshirish hamda yerlarning meliorativ holatini yaxshilash xamda zamonaviy resurstejamkor innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish masalalariga e’tibor qaratilmayapti, jumladan, tomchilatib sug‘orish tizimi bor-yug‘i 43,1 ming gektar yoki jami sug‘oriladigan maydonning atigi 1 foizida joriy qilingan.

XS
SM
MD
LG