Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:02

Andijon IIBsining “tadbirkorlarni qiyratib kelgan” to‘rt xodimi DXX yerto‘lasida so‘roq qilinmoqda


Prezident 2019 yilning 10 yanvarini O‘zbekiston ichki ishlar tizimidagi ahvol tahliliga bag‘ishladi.
Prezident 2019 yilning 10 yanvarini O‘zbekiston ichki ishlar tizimidagi ahvol tahliliga bag‘ishladi.

10 yanvar kungi maxsus selektorda prezident Shavkat Mirziyoevning alohida tanqidiga uchragan Andijon Ichki ishlar boshqarmasining kamida to‘rt nafar xodimi mazkur majlisdan uch xaftacha oldin hibsga olindi.

Andijon ichki ishlar tizimi mulozimi¸ qolaversa, ishga bevosita aloqador mahalliy tadbirkorlarning aytishicha¸ viloyat IIBsining Jinoyat qidiruv va terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasining to‘rt xodimi hozirda viloyat DXX yerto‘lasida so‘roq qilinmoqda.

14 yanvar kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Ozodlikka Andijon viloyati IIB xodimlarining 2018 yil 19 dekabr kuni hibsga olinganini tasdiqladi.

“Militsiya ichidagi mafiya” qo‘lga olindi

Ozodlik bilan xavfsizlik xavotirlari bois ismi sir qolish sharti bilan gaplashgan andijonlik tadbirkorlardan biriga ko‘ra¸ viloyat IIBsining jinoyat qidiruv boshqarmasining to‘rt xizmatchisi xozirda viloyat DXXsi podvalida saqlanmoqda.

Birinchi o‘rinbosar To‘lanboy (Razzoqov) ishdan olingan¸ ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat qidiruvdagi to‘rtta oper – Humoyun¸ Odil¸ Botir va Shukurlar DXX podvalida. Bular keyingi 5 yil davomida UVDni mafiya qilib olgan ekan. Ishi yurishgan tadbirkorlarni 15 sutkaga qamab¸ ularni noinsoniy qiynoqlarga solib¸ biznesini boshqa odamga o‘tkazib berishga majburlab kelishgan. Rozi bo‘lmaganlarni¸ katta iqtisodiy jinoyatlarda ayblab¸ 15 yillab qamoqqa tiqqan bular”¸ deydi voqea tafsilotlariga yaqin andijonlik tadbirkor.

Andijon IIB Jinoyat qidiruv va terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi to‘rt xodimining hibsga olinganini¸ viloyat huquq tizimidagi mulozim ham tasdiqladi.

15 sutkaga qamalib¸ qiynoqqa solinganlarning yaqinlari prezident portaliga yozgan. Andijonda Golden Chiken degan firmani egalariga ham bular shunaqa bosim qilgan. U odamning Moskvada kattaroq tanishi bor ekan¸ shu orqali prezidentning qulog‘iga chalingan bu jinoyatlar. Videoselektorda (10 yanvar kungi yig‘in nazarda tutilmoqda – tahr.) prezident Andijonni bekorga alohida tanqid qilmadi. Hozir o‘ndan oshiq tadbirkor viloyat prokuraturasiga bu operlar ustidan rasman ariza bergan»¸ dedi mahalliy huquq tizimining matbuotga ma’lumot berish vakolati yo‘qligi bois ismi ochiqlanmasligini so‘ragan mulozimi.

14 yanvar kuni Ozodlik Andijon IIBning qator boshqarma va rasmiylari bilan bog‘landi. Ularning birortasi boshliq o‘rinbosarining lavozimidan bo‘shatilib¸ kamida to‘rt nafar xodimning ushlanganini o‘zlarida bunday ma’lumot yo‘qligini aytish orqali na tasdiqladi va na inkor qildi.

Andijon IIB rasmiy saytida podpolkovnik Razzaqov To‘lanboy To‘xtasinovichning 14 yanvar kuni ham Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari ​lavozimida ekani yozilgan.

Ushlanganlarga qanday ayb qo‘yilmoqda?

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 14 yanvar kuni Ozodlikka bergan rasmiy javobida Andijon viloyati IIBsi jinoyat-kidiruv boshqarmasining xodimi X.Q​osimov va boshqalarga nisbatan JKning 206,234 moddalari bilan 19.12.2018 yilda Bosh prokuratura tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ularga qamoq extiyot chorasi qo‘llanilgani va mazkur jinoyat ishi tergovi Bosh prokuraturaning o‘ta og‘​ir jinoyatlarni tergov qilish yurituvida» ekani”ni bildirdi.

Ish tafsilotlaridan bilvosita xabardor mahalliy huquq tizimi mulozimi Ozodlik bilan suhbatda¸ jinoyat ishi Andijondagi GM Uzbekistan faoliyatini xam ichiga olishini bildirdi.

Ish katta zanjir. Birinchi Odilxon qo‘lga olindi. Qolganlar uning ko‘rsatmasiga asosan olindi. Asaka zavodi ham shularga qaragan¸ bu yerda juda katta o‘g‘riliklar bo‘lgan. Odil yaqinda Asakadagi GM Uzbekistan zavodiga nachalnik melisa etib tayinlangan edi. Prezident bu ishdan xabardor»¸ dedi viloyat huquq tizimi mulozimi.

Tadbirkorlar hikoyasi

Andijon viloyat IIBning kamida to‘rt yuqori darajali xodimining hibsga olingani tafsilotlaridan xabardor mahalliy tadbirkorlar¸ ushlanganlar qo‘lida jabr ko‘rganlardan 150 nafarga yaqini hozirda rasman shikoyat qilganini bildirdi.

«Bularni butun Andijon taniydi¸ hamma tadbirkor shulardan qo‘rqib yashaydi¸ haliyam qo‘rqadi. Yo‘q yerdan bahona topib¸ olib ketardi. Biznesi bormi¸ uyi¸ mashinasi bormi¸ o‘zining odamlariga o‘tkazib berasan¸ deb urardi. Ko‘pchilikni dubinka bilan tahqirlagan¸ ekspertiza xulosalari ham bor. Bitta qora maskasi bor ekan¸ shuni taqib qo‘ysa¸ odam 40 sekundga bormay¸ hushidan ketadi. 15 sutkani ko‘pchilik Andijon gorotdelida o‘tadi. Bu yerga olib kelingan tadbirkorlar yurolmaydigan bo‘lib chiqardi. Bularning ustidan yozganlar 150 ta bo‘p qoldi. Gorotdelning nachalnigi¸ shunaqalarga maxsus navbat berarkan¸ hozir ungayam jinoiy ish ochildi»¸ deydi Andijon IIBsining hibsga olingan xodimlari qo‘lidan aziyat chekkanlar yaqini.

IIBdagi “mafiya” guruhi qasosidan qo‘rqib¸ shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan andijonlik tadbirkorlardan yana biri¸ ishning prezident va Bosh prokuratura nazoratida ekaniga qaramay¸ ushlanganlarning yengil jazo bilan qutulib ketishidan xavotirda ekanini yashirmadi.

Viloyat huquq tizimlarini qo‘qonliklar nazoratiga olgan hozir. Toshkentda juda kuchli homiylari bor bularning. Bular ertaga chiqib keladi¸ degan qo‘rquvda ko‘pchilik jabr ko‘rganlar indamay o‘tiripti”¸ deydi o‘zi ham ikkilanib turgan bu tadbirkor.

IIB xodimlarining hibsga olinish tafsilotlaridan xabardor yana bir mulozim¸ mahalliy tadbirkorlarning bunday xavotirida jon borligini¸ o‘z xodimlarining hibsga olinishiga oxirigacha qarshilik qilgan Andijon IIB boshlig‘i Shuhrat Sobirov ularni “janjal bosilganidan keyin¸ yo‘lini qilib chiqarib olishini” iddao qildi.

«Prokuraturada vaqtincha saqlash xibsxonasi yo‘q. UVD nachalnigi o‘zimnikini o‘zim qamamayman¸ degani uchun DXX podvalida saqlashayapti. Hammasini IIB boshlig‘ining o‘zi chaqirib¸ o‘zi bo‘shatdi»¸ degan bu mulozim¸ to‘rt xodimning hibsga olinishini shunchaki o‘yin¸ deya baholadi.

«Prosto ushlab turilibdi xolos. O‘yin bu. Bular qamalib ketadimi endi¸ yoki nachalnik chiqarib oladimi¸ hali ko‘rasiz. Jarima bilan qutulib ketishadi. Rahbarlar hammasi bittaku inoq¸ hammasi bir -birining yo‘liga yuradi»¸ deydi mahalliy mulozim.

XS
SM
MD
LG