Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:26

Dunyoga mashhur universitet imi-jimida o‘zini rossiyalik milliarderdan chetga oldi


Rossiyalik milliarder Viktor Vekselberg 2013 yildan beri AQShning eng nufuzli instituti homiylari kengashi a’zo bo‘lgan.
Rossiyalik milliarder Viktor Vekselberg 2013 yildan beri AQShning eng nufuzli instituti homiylari kengashi a’zo bo‘lgan.

To‘qqiz yil oldin rossiyalik oligarx Viktor Vekselbergni AQSh kompaniyalari, universitetlari va hatto hukumati quchoq ochib kutib olayotgan edi.

Vashingtoninng Rosiya bilan aloqalari qayta yo‘lga qo‘yilayotgan, Vekselberg Kreml qo‘llab-quvvatlayotgan “Skolkovo” tashabbusiga rahbar bo‘lgan, maqsad esa yuksak texnologiya, tadqiqot va tadbirkorlikni rivojlantirish edi.

Dunyodagi eng nufuzli va boy oliy o‘quv yurtlaridan biri Massachusets texnologiya instituti ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi hamda Skolkovo fan va texnologiya institutini (Skoltek) tashkil etish uchun 300 million dollarlik sarmoya kiritdi.

MTI 2013 yili Vekselbergni homiylar kengashiga ham kiritdi, ammo bugun u institutning ishonchli vakili emas. Ma’muriyat 2018 yili uni imi-jimida ishonchli vakillar qatoridan chiqarib tashladi. Bunga oligarxning AQSh Moliya vazirligining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgani sabab bo‘ldi.

Rossiyaning metall sanoatida milliardlab dollar pul ishlab olgan va qarorgohi Shveysariyada bo‘lgan “Renova Grup” egasi Vekselberg 2013 yilda MTI homiylar kengashiga saylangan, oradan ikki yil o‘tib, qayta saylangan edi.

Aslida sobiq prezident Dmitriy Medvedev davrida tashkil etilgan Skolkovoni 2013 yili Vladimir Putin prezidentlikka qaytgandan so‘ng tergovchilar bosdi. Oqibatda u yerdagi amaldorlar 750 ming dollarni o‘g‘irlaganlikda ayblandi. Bu ishga muxolifatchi deputat ham aralashib qolgani aytildi.

2014 yilda Qrimni bosib olingandan so‘ng Qo‘shma Shtatlar Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy qila boshladi. Dastlab sanksiyalar Vekselberg singari biznes yetakchilariga emas, hukumatning yuqori lavozimli amaldorlariga nisbatan qo‘llandi.

2018 yil boshida Qo‘shma Shtatlar Rossiyaga qarshi jazo choralarini kengaytirayotib, Vekselbergga ham bosim o‘tkazish yo‘liga o‘tdi. Aprel oyida u bilan “Renova Grup” ham sanksiyalar ro‘yxatiga kiritildi.

Keyinchalik “Renova Grup”ga qarashli AQShdagi “Kolumbus Nova” investitsiya kompaniyasi prezident Donald Trampning shaxsiy advokati Maykl Koenga konsultantligi uchun pul to‘lagani oshkor bo‘ldi.

Yana ma’lum bo‘lishicha, Vekselberg Trampning inaguratsiya marosimida ham qatnashgan va tadbirga 250 ming dollar homiylik yordami bergan ekan.

2019 yil yanvariga kelib Vekselbergning nomi MTIning korporativ kengashi a’zolari ro‘yxatidan butunlay chiqarib tashlandi.

AQSh Moliya vazirligining sanksiyalar qo‘llanishini nazorat qilib turuvchi bo‘limi tahlilchisi Brayen O’Tulga ko‘ra, Vekselberg ro‘yxatga kiritilgandan so‘ng MTI shu zahotiyoq munosabat bildirishi shart edi.

‒ MTI undan zudlik bilan qutulishi kerak edi, ‒ dedi O’Tul. ‒ Sanksiyalar faqat moliyaviy operatsiyalarga emas, biror shaxsga har qanday xizmat ko‘rsatishga, u bilan qilinadigan ish munosabatlariga... yana u ishonchli vakil sifatida MTI nomidan bajaradigan har qanday faoliyat turiga tegishli.

Vekselbergning MTI boshqaruvi ro‘yxatdan chiqarilishi sababi xususida boshqa ekspertlar ham shunga o‘xshash fikrlar bildirmoqda.

XS
SM
MD
LG