Линклар

Шошилинч хабар
20 январ 2020, Тошкент вақти: 08:21

O‘zbekistonning gazi 1 yanvardan boshlab Tojikistondagi xonadonlarga ham berilmoqda


Dushanbe shahrida yashaydigan uy bekasi O‘zbekistondan kelgan gazda choy qaynatmoqda. 2019, 15 yanvar.

Yangi yildan boshlab qo‘shni O‘zbekistonning tabiiy gazidan yuzlab dushanbelik oilalar foydalana boshladi. Ko‘p yillik tanaffusdan so‘ng o‘tgan yilning aprelidan boshlab o‘zbek “zangori olovi”ni Tojikistonga yetkazib berish qayta tiklangan edi.

Biroq o‘zbek gazidan faqat Tojikiston sanoat korxonalarigina foydalanib kelardi.

Dushanbe shahridagi Mirzo Tursunzoda ko‘chasidagi uyda istiqomat qiluvchi Zulfiya O‘runova 10 yillik tanaffusdan so‘ng O‘zbekistondan keltirilgan gazda choy qaynatmoqda.

«Hozircha choy qaynatayapmiz, xolos. Bosim kuchsiz. Shunisiga ham shukur», - deydi Zulfiya. Uning so‘zlariga qaraganda, har bir kubometr gaz uchun 1 somoni 70 diram to‘lanmoqda. Tabiiy gazdan bir oy foydalanganlik uchun ular 40 somoni (4 dollardan ko‘proq) to‘lashdi.

Hozircha Dushanbe shahrining boshqa tumanlarida istiqomat qiluvchi aholiga tabiiy gaz yetib bormadi, chunki uzoq muddat ishlatilmagani bois quvurlar yaroqsiz holga kelib qolgan. «Dushanbegaz» korxonasi xodimlarining aytishicha, quvurlarni ta’mirlash uchun mablag‘ yetishmayapti. Biroq ayrim restoran va qahvaxonalar o‘z hisoblaridan quvurlarni ta’mirlashdi, shu sababli ular o‘zbek tabiiy gazidan foydalanishmoqda.

«Avvallari biz suyultirilgan gazdan foydalanar edik, gazni «Gazpromneft» va «Faroz»dan sotib olardik, bir litr gaz uchun 4 somoni 50 diramgacha to‘lardik. Mana bir oy bo‘libdiki o‘zbek gazidan foydalanayapmiz, deyarli ikki barobar arzonga tushmoqda», - deydi “Qatra” qahvaxonasining ma’muri Marat Zinchenko.

Bugungi kunda Dushanbedagi ayrim tuman aholisi va restoranlaridan tashqari o‘zbek gazidan Issiqlik elektr markazi ham foydalanmoqda. Import qilinayotgan o‘zbek gazining hajmi haqida hozircha ma’lumot berilmadi. Biroq «Dushanbegaz»ning ma’sul xodimlari norasmiy suhbatda har bir ming kubometr tabiiy uchun $145 to‘lanayotganini aytishdi.

Tojikistonga o‘zbek gazining yetkazib berilishi to‘laligicha to‘xtatilgan 2012 yilda ming kubometr gaz uchun korxonalar $350 to‘lashardi. O‘tgan yilning mart oyida ikki mamlakat gaz taqsimlovchi kompaniyalari o‘rtasida erishilgan bitimga ko‘ra, ming kubometr o‘zbek gazi uchun Tojikiston $120 to‘lashi belgilab qo‘yilgan.

XS
SM
MD
LG