Линклар

Шошилинч хабар
12 ноябр 2019, Тошкент вақти: 12:49

Elektron chiqindi muammosi tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda


Illyustrativ surat.

Tashlab yuborilgan elektron jihozlardan iborat chiqindining iqtisod va atrof-muhitga solayotgan tahdidi o‘sib bormoqda. Turli hisoblarga ko‘ra, elektron chiqindilar vazni shu kungacha qurilgan barcha tijoriy samolyotlardan og‘ir keladi. Ularning qiymati esa aksar davlatlarning YaIMidan yuqoridir.

Yiliga jahon bo‘ylab 50 million tonna e-chiqindi tashlanadi. Tashlab yuborilgan smartfonlar, kompyuterlar hamda uy-ro‘zg‘or jihozlari qiymati taxminan 62,5 milliard dollar ekani aytiladi.

Tashlab yuborilgan elektron chiqindining ozgina qismigina qayta ishlanadi. Aslida esa bunday tashlandiqlar tarkibida qayta ishlatish mumkin bo‘lgan metallar hamda nodir elementlar ham bor.

Joriy haftada Davos shahriga to‘plangan BMT, Dunyo iqtisodiy forumi hamda Dunyo barqaror rivojlanish biznes kengashi xodimlari elektron chiqindiga qarshi kurashish bo‘yicha ilk global tashabbusni o‘rtaga tashlashdi.

Birlashgan millatlar universiteti dastur direktori Ryudiger Kyur:

- 2050 yilgacha ahvol o‘zgarmasa, yiliga 120 million tonna e-chiqindi chiqariladi, - dedi.

Hozirgi kunda elektron jihozlarning atigi 20 foizi qayta ishlanadi. Millionlab tonna jihoz axlatxonaga tashlanadi, metall chiqindilarga aralashtirib yuboriladi yoki kambag‘al davlatlarga noqonuniy tarzda sotiladi.

2016 yilning o‘zida 435 ming tonna telefon axlatga tashlangan.

Kyurning aytishicha, elektron chiqindini to‘plash uchun yaxshiroq tarmoqlarni yo‘lga qo‘yish hamda foydalanuvchilarga o‘z jihozlarini qaerga tashlash haqida ma’lumot berish yaxshi natijalarga olib kelishi mumkin.

Zamonaviy smartfonlarda o‘rtacha 60 elementdan foydalanilgan. Ularning aksari metallar bo‘lib, ular elektron jihozlarni ishlatuvchi shirkatlar uchun o‘ta zarurdir.

Batareyalarda foydalanilgan nodir materiallar hamda kamera linzalarini qazib olish tobora qimmatga tushmoqda. Bundan tashqari, bir tonna mobil telefon ichida bir tonna oltin rudasidan ko‘ra ko‘proq oltin bor. Kyur ayni damda rudalarni qazib olish nisbatan arzon bo‘lgani uchun ishlab chiqaruvchilar elektron chiqindini qayta ishlamayotganini aytdi.

Elektron chiqindi inson sog‘ligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Axlatxonaga tashlanadigan qattiq chiqindining atigi 2 foizi elektron jihozlar bo‘lgani bilan, ular tashlab yuborilgan xavfli materiallarning 70 foizini tashkil qiladi.

Pokiston va Nigeriya kabi rivojlanayotgan davlatlar esa elektron chiqindini sotib oladi. Buning ortidan mahalliy ishbilarmonlar chiqindini saralab, sotish mumkin bo‘lgan jihozlarni ajratadi. Bu esa ularning sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yadi.

XS
SM
MD
LG