Линклар

Шошилинч хабар
26 январ 2021, Тошкент вақти: 01:20

Kreml Venesuelaga yollanma askar yuborgani haqidagi xabarlarni rad etmoqda


Venesuela prezidenti Nikolas Maduro matbuot anjumanida so‘zlamoqda. Karakas shahri, 2018, 25 yanvar.

Kreml Venesuelaning legitimligi tan olinmayotgan prezidenti Nikolas Maduroni qo‘riqlash uchun Rossiyadagi xususiy harbiy kompaniyaning 400 ga yaqin jangchisi yuborilgani haqidagi xabarlarni rad etmoqda.

27 yanvar kuni Moskvada “Rossiya-1” telekanali boshlovchisi Rossiya prezidenti Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskovdan:

- Xo‘sh, 400 nafar jangchimiz Venesuelada Maduroni himoya qilyaptimi-yo‘qmi? - deb so‘radi.

Bu savolga Peskov “qo‘rqqanga qo‘sh ko‘rinadi“ degan maqol bilan javob berdi. Bu bilan kotib 400 jangchi haqidagi xabarlar noto‘g‘ri yoki asossiz ekanligiga shama qildi, ammo savolga aniq javob bermadi.

Buning ortidan Peskovdan Kreml bu kabi xabarlarni “rasman tasdiqlagan bo‘larmidi” deya so‘raldi. Bu savolga kotib “Albatta yo‘q!” deya javob qaytardi.

Peskovdan, umuman olganda, Rossiyaning birorta xususiy askari Venesuelaga yuborilgani haqida so‘ralmadi. Uning o‘zi ham bu haqda hech nima demadi.

Bundan oldin Peskov Reuters agentligining xabari haqida “Kremlda bunday ma’lumot yo‘q”, deyish bilan cheklangan edi.

Reuters agentligi manbalari Venesuelaga yuborilgan harbiylar “ChVK Vagner” deb ataluvchi guruh askarlari ekanligini ma’lum qilgan. Ushbu guruh a’zolari xavfsizlik xizmatlarining sobiq xodimlari bo‘lib, ular Rossiyaning xorijdagi maxfiy amaliyotlarida qatnashib keladi.

Rossiya xususiy harbiy shirkatlariga aloqador Butunrossiya ofitserlar assambleyasi raisi Yevgeniy Shabaev Venesuelaga yuborilgan rus yollanma askarlari soni taxminan 400 ekanligini aytgan. Boshqa manbalar esa, ular soni bundan ozroq ekanligini ma’lum qilgan.

Taniqli rus faoli va blogeri Dmitriy Aleshkovskiy hukumatga qarashli “Rossiya” havo yo‘llari kompaniyasi Reuters xabarida aytilgan askarlarni manziliga yetkazib qo‘yganini tasdiqlovchi dalil topganini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bort nomeri RA-96019 bo‘lgan “IL-96” samolyoti 19 yanvar kuni Moskvadan Senegalga uchgan. 23 yanvar kuni Senegaldan Paragvayga uchgan va o‘sha kuni Gavana tomon yo‘lga chiqqan. Ammo oradan ko‘p o‘tmay, samolyot marshrutini kuzatish imkonini beruvchi retranslyatorlar o‘chirib qo‘yilgan.

Har kim ko‘rishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar samolyot ikki marta qo‘nganini (ehtimol Gavana hamda Karakas shaharlarida) ko‘rsatadi. Buning ortidan uchoq retranslyatori qayta yoqilgan va samolyot Moskvaga kelib qo‘ngan.

Bundan avval xususiy rus harbiy shirkatlari boshqa mamlakatlarga, jumladan, Suriya, Ukraina hamda Afrika davlatlariga turli missiyalar bilan yuborilgani haqida xabarlar mavjud.

23 yanvar kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova Rossiyaning yollanma askarlari Sudanga yuborilganini tasdiqladi. Bundan avval Britaniya matbuoti rus askarlari Moskva hamkoriga aylangan hukumatga qarshi namoyishlarni bostirishga ko‘maklashayotganini xabar qilgan edi.

Ammo Zaxarova askarlarning Rossiya hukumatiga umuman aloqasi yo‘qligini ta’kidladi.

23 yanvar kuni Venesuelada o‘n minglab odam Maduroga qarshi namoyishga chiqar ekan, muxolifat yetakchisi Xuan Guaydo hali amaldagi prezident hukumatdan ketmasidan turib, hokimiyatni o‘z qo‘liga olganini e’lon qildi. Namoyishlarda o‘nlab odam halok bo‘lgani aytilmoqda.

26 yanvar kuni AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo BMTga a’zo barcha davlatlarni Guaydoni Venesuelaning muvaqqat prezidenti deb tan olishga chaqirdi va Maduro hukumatini “mafiya hukumati” hamda mamlakat iqtisodini barbod qilgan “sotsialistik tajriba” deya atadi.

BMT Xavfsizlik kengashining 26 yanvar kuni o‘tkazilgan maxsus yig‘inida Pompeo:

- Boshqa har bir davlat bir tarafni tanlashi kerak bo‘lgan vaqt keldi. Kechiktirishlar, o‘yinlar tugatilsin. Yoki erkinlik kuchlarini qo‘llaysiz, yoki Maduro va uning xaosiga sheriksiz, - dedi.

2013 yilda Ugo Chaves vafoti ortidan hukumat tepasiga kelgan Maduro inson huquqlarini poymol qilib, mamlakat iqtisodini og‘ir ahvolga solib qo‘ygani uchun tanqidga uchrab keladi.

Ikki hafta oldin Maduro prezident sifatida ikkinchi marta qasamyodga keltirildi, ammo bu holatni xalqaro hamjamiyat keskin qoraladi.

Turli manbalarga ko‘ra, yuzaga kelgan dori-darmon hamda oziq-ovqat taqchilligi ortidan Venesuelani 3 millionga yaqin odam mamlakatni tark etan.

XS
SM
MD
LG