Линклар

Шошилинч хабар
28 январ 2020, Тошкент вақти: 05:34

Toshkent hokimiga qarashli kompaniya ishchilari o‘zlarining quldek ishlatilayotganini aytmoqda


Ozodlik suhbatlashgan ishchilarga ko‘ra¸ suratda 27 yanvar kuni Discover Invest shirkatidagi qoidalarga norozilik bildirib¸ ish tashlagan lar aks etgan.

O‘zbekistondagi eng yirik qurilish loyihasi – Tashkent Cityning bosh pudratchisi, mamlakatdagi yirik developerlik shirkatlaridan biri Discover Invest mingdan oshiq ishchini haftasiga 7 kun¸ 12 soatlab ishlatmoqda.

Discover Invest, Ozodlik gaplashgan kompaniya rasmiysining aytishicha¸ Akfa Group holdinggiga qarashli. Bu holding aktsiyalarining 70 foizi esa¸ Ozodlik ixtiyoridagi hujjatlarga ko‘ra¸ Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaevga qarashlidir.

Jahongir Ortiqxo‘jaev prezident Shavkat Mirziyoev ishongan hokimlardan.
Jahongir Ortiqxo‘jaev prezident Shavkat Mirziyoev ishongan hokimlardan.

O‘z xavfsizligidan cho‘chib Ozodlikka shaxsi sir qolish sharti bilan gapirgan Discover Invest ishchilariga ko‘ra¸ 27 yanvar kuni 10 ishchining besh minut dam olgani uchun prorab tomonidan ishdan haydalishi yuzlab odamning ish tashlashiga sabab bo‘lgan.

Ozodlik Discover Invest shirkatidan bu iddaolarga javob ola olmadi - kompaniyaning Ozodlik bog‘langan xizmatchilari boshqaruvchilar yoki matbuotga gapirish vakolati bor rahbarlar bilan ulab bera olmasligi¸ Ozodlikda “qanday taklif” bo‘lsa¸ ularni elektron pochta orqali yozib yuborish mumkinligini bildirdi. Ozodlikning tavsiya qilingan info@di.uz elektron pochtasiga yuborgan savollariga kun davomida javob berilmadi.

Ish tashlash

Ozodlikka bog‘langan ishchilar o‘zlarini Qashqadaryo¸ Surxondaryo va Jizzax viloyatlaridan kelib¸ Discover Invest kompaniyasi qurayotgan ob’ektlarda ishlayotgan oddiy quruvchilar deb tanishtirdi.

Ularning bildirishicha¸ uch oydan beri biror kun dam olishsiz kuniga 12 soatdan ishlayotgan ishchilardan 10 nafarga yaqinining ishdan bo‘shatilishi xabari¸ 27 yanvar kuni “to‘polonga sabab bo‘lgan”.

Uch oydan beri biror kun dam olmasdan sovuqda itdek ishlayapmiz. 10 kishi ishlab charchaganidan endi 5 minut dam olib tursa¸ prorablar kelib suratga olgan va ularni ishdan bo‘shatamiz degan. Qolgan ishchilar ularni himoya qilish uchun yakshanba kuni ertalab yo‘qlama paytida yotoqxonaning oldida ish tashlash qildi. 300 tacha odam to‘polon qilgandan keyin¸ prorablar kechirim so‘rab¸ ularni ishda qoldirdi va ishchilar bugundan (28 yanvar - tahr.) yana Shahriston ko‘chasida yo‘lning piyodalar o‘tadigan qismiga bruschatka terishayapti”¸ dedi Discover Invest shirkati qurilish ob’ektlaridan birida ishlayotgan quruvchi.

“Quldek ishlayapmiz”

Ozodlik suhbatdoshlari¸ Discover Invest shirkatiga¸ ularning viloyatlardagi vakillari tomonidan ishga yollangani va ishga kirish oldidan o‘zlariga o‘qitmasdan turib “ko‘p qog‘ozlarga tez-tez" qo‘l qo‘ydirib olinganini aytadi.

Discover Invest ishchilari kechqurungi sovuqda olov yoqib isinishga majburliklarini aytadi.
Discover Invest ishchilari kechqurungi sovuqda olov yoqib isinishga majburliklarini aytadi.

Nimaga qo‘l qo‘yganimizni¸ ochig‘i bilmaymiz. Ish soati haqida aniq gap yozilganini ko‘rmadim. Shirkatning talablari nihoyatda og‘ir. 1200 tacha odam Selxozning Limonariydagi eski yotog‘ida yashaymiz. Bittasida 25 tagacha odam turadigan xonalar bor. Ertalab 6 da pod’yom. Ikki bo‘lak bo‘lka non bilan shakar beradi zavtrakka. Ertalab soat 8 dan kechqurun 8 gacha dam olishsiz ishlaymiz. Prorab Mirsaid degan yigit. Yunusobod prokuraturasining oldida Avtopark qurilayapti¸ shuning buzish-tozalash ishlarini bizning gruppaga qildirishayapti. Bu yerda obedni salofan bilan o‘ralgan navesda qilamiz¸ ko‘pincha yerda o‘tirib ovqat yeymiz. Sovuq jon-jonimizdan o‘tib ketadi¸ chidolmay olov yoqib isinamiz. Besh minut ishni to‘xtatsak¸ prorab rasmga oladi¸ yo qora daftariga yozib qo‘yadi – bir kun ish haqingizni kesadi. Odamlar uch oydan beri bir kun ham dam olmasdan ishlayapti. Holdan toyish va sovuqdan hamma zombi bo‘p qolgan”¸ deydi Ozodlik suhbatdoshlaridan biri.

Ish haqi

Ozodlikka gapirgan Discover Invest ob’ektlarida oddiy quruvchi bo‘lib ishlayotganlar¸ bunday og‘ir mehnat uchun to‘lanadigan oylikka ham aniqlik kiritdi.

Oramizda uch xil toifa ishchi bor – usta¸ ustaning yordamchisi va raznaryadchiklar. Usta 2¸5 million¸ ustaning yordamchisi 2 million¸ razniylar 1¸4 million so‘m oylik oladi. Oyning birinchi va 15 kuni naqd pul tarqatishadi. Eng qizig‘i¸ pul berilishi bilan¸ viloyatlardan odam olib kelgan “kurator”lar¸ usta va usta yordamchilaridan 200 ming so‘mdan yig‘ib oladi – ish topib berganim haqi deb. Har 30 ta odamga bitta brigadiri bor¸ ana shu brigadirlar yig‘ib olib¸ bilishimizcha¸ qorovullar boshlig‘iga beradi. Usta bermayman desa¸ uni razniyga tushiradi va ishdan haydaydi. Hech kimga shikoyat qilolmaymiz¸ chunki kelgan joyimizda shu ish ham yo‘q”¸ deydi voha viloyatlaridan biridan kelgan oddiy ishchi yigit.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ bunday og‘ir sharoitda ishlab¸ yashayotganlarning aksariyati 20-25 yoshdagi yosh yigitlar va ular Rossiyaga ketmaslik uchungina¸ bu ishga ko‘nishga majbur bo‘lgan.

Komendatura

Suhbatdoshlarga ko‘ra¸ Discover Invest ob’ektlarida ishlovchilarning og‘ir vaziyati 12 soatlik ish kuni bilan tugamaydi.

“Yotoqxonaga kirish ham¸ chiqish ham muammo. Hamma yoq oxrana. Yotoqqa borganimizdan keyin¸ u yerdan chiqishga ruxsat yo‘q. Ko‘chaga chiqish uchun komendantdan¸ brigadirdan ruxsat olish kerak¸ oxranadan propiska olishimiz kerak. Undayam kechqurun 10 dan keyin kelsak¸ kiritmaydi. Ertalab komendant yo‘qlama qiladi¸ 8 gacha yo‘qlamadan kechiksangiz¸ o‘sha kunga ish haqi yozilmaydi”¸ deydi Ozodlik gaplashgan ishchilardan yana biri.

Discover Investning egasi kim?

Rasmiy saytini ikki til – rus va ingliz tillarida yurituvchi Discover Invest shirkati o‘zini “O‘zbekiston kelajagini qurayotgan kompaniya” sifatida ta’riflagan. O‘z ta’rifiga ko‘ra¸ ma’muriy binolar¸ ishlab chiqarish ob’ektlari¸ turar-joy va savdo komplekslaridan san’at galereyalari qurish bo‘yicha mamlakatdagi eng ilg‘or kompaniya bo‘lgan Discover Investning kimga qarashli ekani¸ uning boshqaruvchi va investorlari kim ekani haqida kompaniya saytida biror ma’lumot yo‘q.

O‘zbekistondagi shirkatlar registratsiyasiga oid ochiq ma’lumotlar portalidan ham bu shirkatga oid biror ma’lumot topilmadi.

Ozodlik 28 yanvar kuni shirkat sayti va uning reklama xabarlarida berilgan telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilib¸ bu savollarga javob izladi¸ ayni paytda¸ ishchilar bildirgan e’tirozlarga munosabat so‘radi.

Ozodlikka “o‘z takliflarini yozma shaklda yuborishni tavsiya qilgan” kompaniya namoyandasi¸ bu ma’lumot “kompaniyaning ichki qoidalariga ko‘ra¸ e’lon qilinmasligi”ni bildirdi.

Ayni paytda¸ shirkat ofis boshqaruvchisi Ozodlikning Discover Invest shirkati Akfa groupga qarashlimi¸ degan savolga “Ha¸ qarashli”¸ deya javob berdi.

Akfa group of companies deb nomlangan holding tarkibiga¸ mahalliy matbuotning yozishicha¸ «Akfa», «Imzo», «Artel» kabi brendlar kiradi va bu holding asoschisi Toshkent shahrining joriy hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaevdir.

Discover Invest saytida «Akfa», «Imzo», «Artel» shirkatlari “partnyorlarimiz” deya taqdim qilingan.

Ozodlik bilan bir-biridan mustaqil gaplashgan Davlat Mulk qo‘mitasi va adliya tizimi mulozimi¸ shuningdek¸ o‘zbekistonlik ayrim developerlar¸ Discover Invest va u qarashli Akfa Group shirkatining asl egasi Jahongir Ortiqxo‘jaev ekani hech kimga sir emasligini ta’kidladilar.

Qog‘ozda kimga rasmiylashtirilgan¸ buni aniq bilmayman. Lekin bu shirkat to‘g‘ridan-to‘g‘ri Ortiqxo‘jaevga borib taqaladi. Ortiqxo‘jaev Tashkent City qurilishiga direktor edi¸ Discover Invest uning asosiy pudratchisiga aylandi. Bugun Toshkentdagi eng yirik loyihalarni ham aynan shu Discover Invest olayapti. Sababi¸ hamma bilib turganidek¸ juda jo‘n”¸ dedi Toshkentdagi xususiy qurilish shirkatlaridan biri rahbari.

Odamlarni 7 kun dam olishsiz ishlatish qonunga ziddir

Ish beruvchi va ishchi-xodimlar o‘ratsidagi munosabatlarni tartibga soluvchi O‘zbekiston Mehnat kodeksining 16-moddasiga ko‘ra¸ “muddatlari chegarasi belgilangan ish vaqtini o‘rnatish, bir qator kasblar va ishlar uchun ish kunini qisqartirish, har haftalik dam olish kunlari, bayram kunlari, shuningdek haq to‘lanadigan yillik ta’tillar berish orqali ta’minlanadigan dam olish” xodimning asosiy mehnat huquqlari sanaladi.

Kodeksning “Ish vaqti” deb nomlangan VII bobi 115-moddasida “Xodim uchun ish vaqtining normal muddati haftasiga qirq soatdan ortiq bo‘lishi mumkin emas. Olti kunlik ish haftasida har kungi ishning muddati yetti soatdan, besh kunlik ish haftasida esa sakkiz soatdan ortib ketmasligi lozim”¸ deb yozib qo‘yilgan.

XS
SM
MD
LG