Линклар

Шошилинч хабар
12 декабр 2019, Тошкент вақти: 15:55

Xotinini otib o‘ldirgan militsiya kapitani 19 yilga qamaldi


Illyustrativ surat

Xatlon viloyat sudi xotinini to‘pponchadan otib o‘ldirgan Vaxsh tuman ichki ishlar bo‘limi xodimi, militsiya kapitani ustidan hukm chiqardi.

28 yanvar kuni chiqarilgan sud hukmiga ko‘ra, militsiya kapitani Nabijon Aminjonov tabel to‘pponchasi bilan o‘zining xotini Tursunoy Aminovani o‘ldirganlikda aybdor deb topildi va 19 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

O‘zining so‘nggi so‘zida sudlanuvchi aybiga iqror bo‘lmadi va qotillikka aloqasi yo‘qligini aytdi. U sud qarorini «adolatsiz» dedi.

Xatlon viloyat sudi raisining o‘rinbosari Temur Boyzodaning aytishicha, davlat ayblovchisi sudlanuvchini 21 yilga ozodlikdan mahrum qilishni so‘ragan, ammo sud jazo sifatida 19 yilga qamash to‘g‘risida qaror chiqardi. «Aminjonovning advokati sud hukmi yuzasidan yuqori instantsiyalarga shikoyat qilish huquqiga ega», - dedi Temur Boyzoda.

Nabijon Aminjonov o‘z xotinini o‘ldirganlikda gumon qilinib, 2018 yilning 9 sentabriga o‘tar kechasi hibsga olingan edi. Tergov ayol peshonasidan Makarov to‘pponchasidan otilgan ikkita o‘qdan halok bo‘lganini aniqlagan.

Temur Boyzodaning aytishicha, tergov davomida Aminjonovning voyaga yetmagan ikki farzandi ruhshunoslar ishtirokida ota-onasi o‘rtasidagi janjalga guvoh bo‘lganliklarini va onasining o‘limida otasi aybdor ekanligini aytgan.

«Aminjonovning o‘g‘li onasini otasi o‘ldirganini aytdi. O‘sha kuni kechqurun bolalarning baqirgani sabab qo‘shni yetib kelgan va o‘lib yotgan ayol yonida eri turganini ko‘rgan», -deydi Xatlon viloyat sudi raisining o‘rinbosari. Shu bilan birga ruhiy jarohat olmasliklari maqsadida farzandlar sud jarayonida ishtirok etmasligi borasida qaror qabul qilindi.

Hukm qilinganning advokati Sirojiddin Mahmadalievning aytishicha, u Nabijonning qarindoshlari bilan birgalikda sud hukmi ustidan shikoyat qilish yoki qilmaslik masalasini ko‘rib chiqmoqda. U shuningdek, o‘z himoyasidagi mijoz aybiga iqror bo‘lmaganini aytdi. «Nabijon rafiqasini o‘ldirmaganini ta’kidlamoqda. Uning aytishicha, rafiqasi bilan janjal vaqtida uzoqroq ketgan va ko‘p o‘tmay o‘q ovozini eshitgan, ortga qaytganida xotini o‘lib bo‘lgan edi», - deydi advokat.

Aniqlanishicha, Aminjonov boshqa bir ayol bilan yashagan va shu sababli ham oilada tez-tez janjal chiqib turgan. «Tergov davomida Aminjonov o‘zining ikkinchi xotiniga ham to‘pponcha bilan po‘pisa qilgani aniqlandi. Ikkinchi xotinining aytishicha, bir kuni u to‘pponchani boshiga o‘qtalib o‘ldirish bilan do‘q qilgan. Uning ikkinchi xotini, onasi va Aminjonovning ikkinchi xotinidan bo‘lgan bolasi so‘roq qilindi», - dedi prokuratura xodimlari.

XS
SM
MD
LG