Линклар

Шошилинч хабар
28 январ 2020, Тошкент вақти: 05:44

Eron poytaxtida it boqish taqiqlab qo‘yildi


Tehronlik ayol AQShning sobiq elchixonasi binosi devoriga chizilgan satirik surat yonidan kuchugi bilan ketmoqda. 2018, 8 may.

29 yanvarda Tehron politsiyasi rahbari, brigada generali Husayn Rahimiy itlarni poytaxt ko‘chalari va xiyobonlarida sayr qildirish va ularni ulovda olib yurishni taqiqladi. Rahimiyning aytishicha, ushbu qaror Tehron prokuraturasi vakillari bilan uchrashuv vaqtida qabul qilingan.

Rahimiy taqiqqa itlar jamiyatda tug‘dirayotgan “qo‘rquv va xavotir” sabab bo‘lganini aytarkan, dedi:

‒ Itlarni avtomobillarda olib yurish taqiqlanadi, mabodo politsiya buni ko‘rib qolsa, avtomobil egalariga qarshi jiddiy choralar ko‘riladi.

Eronning bosh veterinari yangi taqiqni mantiqsiz deb atadi:

‒ Agar egalariga itlarni jamoat joylarga olib chiqish va avtomobillarida tashishga ruxsat etilmasa, veterinarlar ularni qanday davolaydi? ‒ deb savol berdi Eron Veterinarlar jamiyatining katta a’zosi Payom Muhibiy. ‒Ular qanday qilib kasal itlarini oldimizga olib keladi?

Itlarni bog‘ yoki boshqa jamoat joylarda sayr qildirish va avtomobillarda olib yurishni taqiqlash islom respublikasining it boqishga qarshi qo‘llayotgan so‘nggi amalidir. It boqishni mamlakatning diniy rahbariyati G‘arb madaniyatiga taqlid deb hisoblaydi.

1979 yilgi islom inqilobidan beri Eronda it boqish ziddiyatli masala bo‘lib kelmoqda. Rasmiylarga ko‘ra, islom ta’limotida itlarga iflos jonivor deb qaraladi.

Veterinar Muhibiy “Ozodlik”ning “Farda” radiosiga intervyusida ushbu chorani anchadan beri amalda bo‘lib kelayotgan sun’iy yo‘ldosh antennalari va priyomniklarini taqiqlashga o‘xshatdi. Uning fikricha, doimiy qatag‘onlar millionlab eronliklarni “g‘ayriislomiy” va “axloqiy zarar keltiruvchi” chet el telekanallarini tomosha qilishdan qaytara olmadi.

O‘tgan yillarda it egalari ogohlantirishlar oldi, ayrim hollarda ularning iti musodara qilinib, jonivorlarga mo‘ljallangan qamoqlarda saqlandi.

2014 yili qonun chiqaruvchilar itlarini jamoat joyga olib chiqib, sayr qildirgan kishilarni 74 darra urish va 3500 dollardan oshiq jarima to‘lashga majbur qilish to‘g‘risida qonun qabul qilishni taklif etgan edi.

‒ Ahvolimiz og‘ir, endi navbat insonning eng yaqin do‘stlariga keldi, ‒ deb yozdi Tvitterda bir kishi taqiqqa javoban.

XS
SM
MD
LG