Rossiya hukumati IK-14 qamog‘i boshlig‘i va bir necha rahbar lavozimidan bo‘shatilganini xabar qildi. Bunga kutilmagan tekshiruv chog‘ida mahbus ayollar qiynoqqa solingani va qullik sharoitda ishlashga majbur qilingani aniqlangani sabab bo‘ldi.
Qizig‘i shundaki, besh yil oldin Moskvadagi Xaloskor Iso kafedral cherkovida qo‘shiq aytgani uchun ikki yilcha IK-14 qamog‘ida o‘tirgan “Pusi Rayot” guruhi a’zosi Nadejda Tolokonnikova ochiq xat yozib, Sovet Ittifoqi davrida qurilgan ushbu jazoni o‘tash muassasasidagi sharoit o‘ta og‘ir ekanidan shikoyat qilgan edi. O‘shanda u ayollar kuniga 17 soatdan ishlashga majbur etilayotgani, har sakkiz haftada bir kun dam olayotgani, tahdid va zo‘ravonlikka duchor bo‘layotganini yozgan edi.
Uning xatidan so‘ng IK-14 dan yillar bo‘yi shikoyatlar to‘xtamadi, biroq Jazoni ijro qilish federal xizmati (FSIN) da’volarni tekshirganini, ammo ular asossiz ekanini iddao qilgan edi. Biroq shikoyatlar Tolokonnikova 2013 yil dekabrida ozod etilganidan so‘ng ham davom etdi.
Keyinchalik FSIN boshlig‘i o‘rinbosari Valeriy Maksimenko “Tolokonnikovaning gapida jon borga o‘xshaydi”, deb haqiqatni tan olishga majbur bo‘ldi.
Iyul oyida ijtimoiy tarmoqlarda Yaroslavl shahridagi qamoqxonada 17 nafar nazoratchi mahbus Yevgeniy Makarovni urayotgani aks etgan video tarqaldi.
Noyabrda Chelyabinsk shahridagi qamoqxonaning 4 nafar nazoratchisi mahbus Sulton Isroilovni urib o‘ldirishda ayblandi. Mutasaddilar u o‘z joniga qasd qildi, degan bahona bilan qutulmoqchi bo‘lgan edi, ammo mahbuslar yoppasiga ochlik e’lon qilgandan keyin bor gapni aytishga majbur bo‘ldi.
Yanvarda Kareliyadagi IK-7 qamoqxonasining ikki xodimi mahbuslarni qiynoqqa solgani va jazoga hukm etilgan kishilar va ularning oilalaridan tovlamachilik yo‘li bilan millionlab rubl pul olgani uchun kesildi.
Bunaqa misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Ammo ular ko‘pligiga qaramay, FSIN boshlig‘i o‘rinbosari Maksimenko 8 yanvarda o‘z tashkilotini Sovet davridagi qamoqxonalar boshqarmasi bo‘lgan GULag bilan solishtirishni qat’iyan rad etdi.
Uning fikricha, bunday og‘ir holatlarga qamoqxona xodimlarinng jinoyatchilar bilan doimiy baqamti turishi oqibatida yuzaga keladigan “o‘ta og‘ir ruhiy bosim” sabab bo‘layotgan emish.
Ammo ko‘pchilik Rossiyadagi jazoni o‘tash tizimi zo‘ravonlikka asoslanganini aytadi.
Maksimenkoning aytishicha, 2017 yilda mahbuslar soni 523 ming kishiga qadar qisqartirilgan. Qabul qilingan yangi qonunga asosan, tuzalmas kasalga chalingan mahbuslarni afv etish soddalashtirilgani sababli qamoqxonalardagi o‘lim holatlari kamaygan.
Advokat Vera Goncharova Omskdagi xizmat vazifasini iste’mol qilganlik bilan bog‘liq shov-shuvli jinoyat ishida mahbuslar haqlarini himoya qilmoqda. Bu ish kaltaklash, elektroshoker bilan qiynoqqa solish, zo‘rlash bilan tahdid qilish, mahbuslarning ustiga siyish va boshqa ayblovlarni o‘z ichiga oladi. U qamoqxonalarga borganda nazoratchilar bilan ko‘p suhbatlashganini aytadi.
− Ular qaerga va nima uchun borayotganini yaxshi biladi, ‒ deydi u. ‒ Ko‘zi yoki gaplarida xafagarchilik yoki umidsizlikni ko‘rdim deb ayta olmayman. Aksincha, bu – juda qulay va ishonchli ish, bu ishda bir necha yil ishlasangiz bo‘ldi, pensiyaga erta chiqib ketaverasiz.
Advokatga ko‘ra, nazoratchilar jinoyati fosh bo‘lmay qolayotgani uchun ham quturib ketmoqda.
Siyosiy faolligi uchun qamalib, 14 dekabrda ozodlikka chiqqan Sergey Moxnatkinga ko‘ra, Rossiyadagi jazoni o‘tash joylarida Sovet qamoq tizimining merosi hamon saqlanib qolgan.
− Qamoqxona nazoratchisi nazoratchigina bo‘lib qolmay, tarbiyachi hamdir, degan sovet posterlari hamon devorlarga ilig‘lik turibdi, − deydi u. – ...Bu tizim to‘g‘ri ishlashiga xalaqit beradi. Biz uni kriminallashtiruvchi tashkilotdan ijtimoiylashtiruvchi tashkilotga aylantirishimiz kerak. Bugungi kunda buning teskarisini ko‘ryapmiz: Rossiya qamoqxonalarida ijtimoiy hayotga qaytishga tayyorlanish o‘rniga mahbuslarning jismoiny va ruhiy salomatligi izdan chiqmoqda.