Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:47

Jizzaxda Peugeot zavodi ishga tushish-tushmasligini "O‘zavtosanoat" ham bilmaydi


"O‘zavtosanoat" Jizzaxda qurilayotgan Uzbekistan Peugeot Citroyon Automotive avtomobil zavodi loyihasining qachon amalga oshishi mavhum qolayotganini e’tirof etdi.

5 fevral kuni mahalliy jurnalistlar bilan uchrashgan shirkat boshqaruvi raisi o‘rinbosari Azizbek Shukurov, zavod binosi deyarli tayyorligi¸ biroq uning ishga tushishi uchun belgilovchi bo‘lgan texnologiyalar hali yo‘qligini bildirdi.

Shukurovga ko‘ra¸ Frantsiyaning PSA Groupe ​korporatsiyasi bilan so‘zlashuvlar davom etmoqda.

"O‘zavtosanoat" shirkati boshqaruvi raisi o‘rinbosari Azizbek Shukurov 5 fevral kungi brifingda Jizzaxdagi zavod taqdiri haqida mahalliy jurnalistlar savollariga javob berdi.

Ozodlik 14 dekabr kuni o‘tgan yilning 10 dekabrida ishga tushishi va’da qilingan zavodning ochilmagani, aksincha, zavod qurilishi ham to‘xtab qolganini xabar qilgan edi.

O‘shanda qo‘shma korxonadagi frantsuz tomoni - PSA Groupe matbuot xizmati Ozodlikka loyiha ustidagi ishlar davom etayotganini bildirgan, ammo zavodning nima uchun belgilangan muddatda ishga tushmaganini izohsiz qoldirgan edi.

Ozodlik xabaridan bir necha kun o‘tib "O‘zavtosanoat" shirkati zavod qurilishi to‘xtaganini tasdiqlagan, bunga esa PSA Groupe bilan hamkorlikda loyiha konsepsiyasiga oid boshlang‘ich ma’lumotlardagi ba’zi ko‘zda tutilmagan o‘zgarishlar qayta ko‘rib chiqilayotgani sabab bo‘lganini bildirgan edi.

5 fevral kuni bu borada matbuot savollariga javob bergan "O‘zavtosanoat" boshqaruvi raisi o‘rinbosari Azizbek Shukurov, hozirda zavod binosining deyarli tayyor bo‘lgani¸ ammo ishlab chiqarishni boshlash uchun fransuz tomoni kiritishi lozim bo‘lgan texnologiya hanuz kelmaganini bildirdi.

Buning sabablarini bitim shartlarining konfidensialligini vaj qilib ochiqlamagan mulozim, ayni paytda, o‘tgan yilning dekabrida shirkat va zavod qurilishiga mas’ul rahbariyatdagi manbalar tomonidan berilgan ma’lumot - PSA Groupe frantsuz korporatsiyasining zavod loyihasini "daromad keltirmaydigan", deb topgani haqidagi ma’lumotni "o‘rinsiz va noprofessional", deb baholagan.

"Biz "O‘zavtosanoat" va O‘zbekiston manfaatlaridan kelib chiqib PSA Groupe bilan muzokaralarni davom ettiramiz. Peugeot Citroyon kiritilgan pulni 30 yil ichida qaytara olmasligimiz mumkinligiga ishonganiga kelsak, bu unchalik ham professionallik emas. Chunki o‘tgan yili kompaniya 56 mlrd yevro ishlab topdi. Bu ayrim mamlakatlar YaIMidan ko‘proq. Eslab o‘tish lozimki, Peugeot Citroyon bu yerga kirish va qo‘shma korxona ochishdan oldin O‘zbekiston bozori bo‘yicha barcha hisob-kitob va tahlillarni o‘tkazdi, talabni, TIA, rentabellikni o‘rgandi", deya Azizbek Shukurovdan iqtibos keltiradi Gazeta.uz nashri.

2018 yilning 10 dekabrida - prezident Shavkat Mirziyoev tayinlagan muddatda zavod ishga tushmagani sabarlarini Ozodlik bilan suhbatda izohlagan "O‘zavtosanoat"ga yaqin mulozimlar PSA Groupe korporatsiyasining bu loyihadan voz kechish ehtimoli borligini aytgan edi.

“Fransuz tomoni kiritadigan investitsiyasini 30 yilda ham ololmaymiz¸ o‘zini oqlamaydi¸ deb ikkilanib qolgan. Shunga ularning O‘zbekistonga kelish-kelmasligi mavhumroq bo‘lib turipti", degan edi bu loyiha taqdiridan bilvosita xabardor mulozimlardan biri Ozodlikka jumladan.

2017 yilning 16 may kuni «O‘zavtosanoat» aksiyadorlik jamiyati Fransiyaning «Peugeot Citroen Automobiles S.A» kompaniyasi bilan mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida, ustav jamg‘armasi, ekvivalenti 29,3 mln yevro miqdoridagi «Uzbekistan Peugeot Citroen Automotive» qo‘shma korxonasini tashkil etish to‘g‘risida bitim imzolanganini xabar qilgan edi.

Bitim imzolangani aytilganidan bir oy o‘tib-o‘tmay 2017 yilning 13 iyun kuni Shavkat Mirziyoev “Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi “ Uzbekistan Peugeot Citroen Automotive” korxonasini tashkil etish to‘g‘risida” maxsus qaror chiqargan.

Qarorda «Jizzax» erkin industrial zona hududida yengil tijorat avtomobillarini ishlab chiqarish ob’ektlarini qurish uchun O‘zavtosanoat»ga 45 ga yer maydoniga ega yer uchastkasini ajratish¸ bu zavodni qurishga tendersiz tanlangan «Avtosanoat-Injiniring» MChJ¸ «O‘zog‘irsanoatloyiha» AJ¸ «12-trest» MChJga “O‘zavtosanoat” bilan bir qatorda “qurilish davrida ishlar hajmi va xizmatlar bo‘yicha qo‘shimcha qiymat solig‘idan ozod etish” kabi qator maxsus imtiyozlar berilgan edi.

Umumiy narxi 133,3 mln yevroga teng deb e’lon qilingan bu investitsion loyiha¸ mahalliy ommaviy axborot vositalari tomonidan¸ Markaziy Osiyodagi noyob proekt sifatida ko‘z-ko‘z qilingandi.

XS
SM
MD
LG