Линклар

Шошилинч хабар
10 декабр 2019, Тошкент вақти: 02:29

Otasi deport qilingan, onasi Rossiyada bo‘lgan 17 yashar bola o‘zini osdi


Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 9-maktabning 11-sinfida o‘qiydigan bola 7 fevral kuni uyidagi molxonada osilgan holda topildi.

Marhum mahalladoshlarining aytishlaricha, bola o‘tgan yilning noyabr oyida o‘rtog‘i bilan qishloq do‘koniga o‘g‘rilikka tushgani uchun 2 yil uy qamog‘i jazosiga hukm qilingan edi.

Kattaqo‘rg‘on tumani prokuraturasi mulozimi mazkur holat bo‘yicha tergovoldi harakati olib borayotganini Ozodlikka aytdi.

Chig‘atoy qishlog‘idagi 9- maktabning 11-sinfida o‘qiydigan 17 yashar M.A. 7 fevral kuni o‘z joniga qasd qilgani haqida marhumning mahalladoshlaridan biri Ozodlikka xabar berdi:

“O‘sha kuni maktabda oltinchi soat darsdan chiqib uyiga kelganu, molxonasiga kirib o‘zini osgan. Uyida bir singlisi bo‘lgan xolos, chunki dadasi Rossiyadan deport bo‘lib kelganidan so‘ng, Toshkentda ishlar edi. Onasi esa Rossiyaning Vladivostok shahrida ishlardi. Onasiga telefon qilishgan ekan, 8 fevral kuni o‘g‘lini ko‘mishmasdan oldin yetib keldi”.

Uning aytishicha, 8 fevral kuni M.A. janozasiz dafn qilingan:

“Tuman imom-xatibi kelib aytdiki, o‘z joniga qasd qilganlarga janoza o‘qilmaydi. Shunday ko‘minglar, dedi. Keyin qabristonga ko‘mib keldik”.

Chig‘atoy mahallasining ismi sir qolishini so‘ragan faollaridan birining aytishicha, M.A, o‘tgan yili o‘g‘rilikda ayblanib, uy qamog‘iga hukm qilingan edi:

“Otasi shu yerda, onasi Rossiyada. Oilada bitta o‘g‘il va bitta qiz edi. O‘tgan yilning 15 noyabr kechasi bu bola bir o‘rtog‘i bilan qishloqdagi magazinning devorini teshib, kassasini o‘g‘irlab, qo‘lgan tushgan edi. Tergov olib borilib, sud bo‘ldi. Voyaga yetmagani uchun sud uni ikki yil “harakatni cheklash”, ya’ni uy qamog‘iga hukm qilgan edi. Shundan keyin maktabga borib-kelib yurardi. O‘zlariga to‘q oila, kamchiligi yo‘q edi. Nega o‘zini osgani sababi noma’lum”.

Kattaqo‘rg‘on tumani prokuraturasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, shunday voqea bo‘lganini tasdiqlar ekan, ayni paytda bu holat yuzasidan tergov oldi harakatlari olib borilayotganini aytdi.

Bu ozodlikka ma’lum so‘nggi bir oy ichidagi yettinchi suitsiddir.

Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida kollej o‘quvchisi bo‘lgan 17 yoshli qiz 22 yanvar kuni o‘z uyida osilgan xolda topilgan edi.

Samarqand viloyati Paxtachi tumanida 28 yanvar kuni 21 yoshli O.N o‘z uyi molxonasida o‘z joniga qasd qilgan.

Qashqadaryoning G‘uzor tumanida esa 27-umumta’lim maktabining 14 yashar o‘quvchisi 17 yanvar kuni uyining molxonasida o‘zini osgani haqida Ozodlik xabar qilgan.

Undan oldin 9 yanvar kuni Namangan viloyat, Kosonsoy tumanidagi Qo‘qimboy qishlog‘ida yashagan 23 yashar yigit molxonasida o‘zini osgan edi.

Jizzax viloyat, Forish tumanidagi Maishiy xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejining 3-bosqich o‘g‘il bola o‘quvchisi esa 6 yanvar kuni osilgan holda topilgan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoev ham 2017 yilning 22 dekabrida o‘tgan hukumat yig‘ilishida, mamlakatda o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘payganini ta’kidlab, mutasaddi idoralarni ushbu muammoga e’tibor qaratmayotganlikda ayblagan edi.

O‘tgan yilning 16 mart kuni prezident o‘z joniga qasd qilishning oldini olishga qaratilgan maxsus qaror ham qabul qildi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, har yili mamlakatda 100 ming kishidan 6 nafari o‘zini o‘ldiradi.

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti hisobotida dunyo bo‘yicha har 40 sekundda bir odamning o‘zini o‘ldirishi¸ 20 odamning esa o‘z joniga qasd qilishga urinishi aytiladi.

XS
SM
MD
LG