Линклар

Шошилинч хабар
07 декабр 2019, Тошкент вақти: 14:02

Ocharchilik yoqasida. Afg‘oniston aholisi Dushanbedan Panj daryosi ustidagi ko‘prikni ochishni so‘ramoqda


Afg‘onistonning Tojikiston bilan chegarasiga yaqin hududlarda yashaydigan aholisi Dushanbe hukumatidan Panj daryosi ustiga qurilgan ko‘prikni ochishini so‘ramoqda.

Afg‘onlar ocharchilik yoqasiga kelib qoldi –1 yanvardan beri Xatlon viloyatining Shamsiddin Shoxin tumani bilan Afg‘onistonning shimoliy Xoxon muzofotini bog‘lovchi ko‘prik «xavfsizlik nuqtai nazari»dan yopilgan edi.

Tojikiston-Afg‘oniston chegarasida Afg‘onistonning Xoxon, Kufob va Shikay tumanlari aholisiga mo‘ljallagan oziq-ovqat mahsulotlari ortilgan 20 ga yaqin yuk mashinasi turib qoldi. Bu tumanlarda 299 mingga yaqin kishi istiqomat qiladi, ularning oziq-ovqat zaxiralari tugab qolgan. Afg‘onistonning shimoliy hududlari yarim yildan beri amalda tashqi dunyodan uzilib qolgan – tog‘ yo‘llari kuchli qorbo‘ronlar tufayli kuz oylarida yopiladi.

Afg‘onistonlik tadbirkor Nurali Sayidning 11 fevral kuni aytishicha, unga tegishli to‘rtta yuk mashinasida o‘n tonna oziq-ovqat mahsuloti, jumladan sabzavot va mevalar bor.

«Yuk mashinalari o‘tgan oydan beri chegarada turibdi. Menimcha, mahsulotlarning ayrimlari iste’mol uchun yaroqsiz holga kelib qolgan», - dedi tadbirkor.

Nurali Sayidning so‘zlariga qaraganda, kunlar sovib ketishi bilan Afg‘oniston markazidan shimoliy hududlarga eltuvchi yo‘llar berkitiladi, shu sababli haydovchilar mahsulot va tovarlarni yetkazishda Tojikiston hududlaridan foydalanadi.

«Ular Afg‘onistonning Qunduz viloyati va Tojikistonning Xatlon viloyatini bog‘lovchi chegaradan o‘tishadi va Tojikistonning Shamsiddin Shoxin tumani va Xoxon muzofotini bog‘lovchi ko‘prikkacha kelishadi», - deydi Nurali Sayid.

O‘zini Mahamadislom deb tanishtirgan Xoxon tumanida yashovchi fuqaroning aytishicha, bozorda oziq-ovqat mahsulotlari mutlaqo qolmagan.

«Biz ko‘prik ochilguncha bo‘lgan muddatga mo‘ljallab qish uchun oziq-ovqat g‘amlab qo‘ygan edik. Ko‘prik ochilganidan so‘ng hamisha shunday bo‘lib qolsa kerak degan xayolda, o‘zimizga tasalli berdik … Zaxira deyarli tugab bo‘ldi. Aholi ocharchilik yoqasiga kelib qoldi. Biz do‘st va qardosh Tojikiston prezidentidan ko‘prikni ochishga yordam berishini so‘raymiz», - dedi Mahamadislom.

Hukumat yuzaga kelgan vaziyat yuzasidan izoh bermadi. Tojikiston huquq-tartibot idoralaridagi manbaning aytishicha, «Tojikiston-Afg‘oniston chegarasidagi ko‘prik xavfsizlik nuqtai nazaridan yopilgan».

Afg‘onistonning Badaxshon viloyat gubernatori Ahmad Faysal Behzodning 11 fevral kuni bayonot berishicha, Tojikiston rasmiylari hamon bu ko‘prikning yopilishi yuzasidan izoh bermagan.

2017 yilning dekabrida bir guruh afg‘on kontrabandistlari bilan to‘qnashuvdan so‘ng Afg‘oniston bilan chegara yopilgan edi, o‘sha to‘qnashuvda «Sho‘raobod» chegara otryadi qo‘mondoni polkovnik Hayriddin Axtamov halok bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG