Линклар

Шошилинч хабар
23 январ 2020, Тошкент вақти: 13:21

Ulyanovskda politsiya bo‘limiga chaqirtirilganidan uch kun o‘tib yo‘qolgan urganchlikni yaqinlari qidirmoqda


Urganchlik Temur Qurbonov 2018 yilning 24 dekabrida Dimitrovgradda yo‘qolgan

Rossiyaning Dimitrovgrad shahrida yo‘qolgan 37 yashar o‘zbekistonlik Temur Qurbonovni yaqinlari qidirmoqda. Ozodlik bilan suhbatda Temurning yaqinlari namozxon bo‘lgan bu muhojir dekabr oxirlarida mahalliy politsiya nazoratiga tushganidan keyin yo‘qolganini aytdi.

Ma’lum bo‘lishicha, oldinroq politsiya Temurning ukasi Mansurni Sankt-Peterburgda qo‘lga olib, Rossiyadan deportatsiya qilgan.

Ulyanovsk oblast, Dimitrovgrad shahrida yashayotgan 1982 yilda tug‘ilgan urganchlik Qurbonov Temur Odilbekovichning 2018 yil, 24 dekabridan buyon qaerdaligi noma’lum.

Ozodlik bilan suhbatda Temurning xotini Gulnora Qutlieva Rossiyaga 3 yashar qizi va eri bilan kelgani, Novaya Malikla qo‘rg‘onida yashab kelgan amakisi hovlisida qaydga turganini aytadi.

- Qarindoshimizning uyiga registratsiya bo‘ldik, hujjatlarni qildik. RVP (Razreshenie na vremennoe projivanie - tahr.) olmoqchi edik. Yana kirdi-chiqdi qildik. Keyin patentlarga pul to‘lagandan keyin shaharda kvartira ijaraga oldik, xo‘jayinim “Avrora” mebel fabrikasiga tokarmi, slesarmi bo‘lib ishga kirdi rasman. Ertalab 6 larda ishga chiqib ketardi. 2018 yilning 21 dekabr kuni ishdan qaytib keldi va “Bizni uchastkovoy chaqirayapti, srochno borishimiz kerak!”, dedi. Borib nima uchun shahar chetidagi registratsiya joyimizdan chiqib ketganimiz to‘g‘risida tushuntirish xati yozdik. Bizni mobil telefoniga rasmga tushirdi. Dushanba, 24 dekabr kuni erim ishga chiqib ketdi, ammo o‘sha kuni ishga yetib bormagan. Internet, telefonlari o‘chgan, xullas topolmadik, - deydi Gulnora.

Ikki kun o‘tib Gulnora qo‘l telefoniga erining nomeridan SMS xabar kelib tushganini yodga oldi.

Unda xorazmcha shevada “Assalomu alaykum, Gulnor. Man Piterga srochno ketishimga to‘g‘ri kelib qoldi. Mansurni problemasi chiqib qolibdi – hammasi joy-joyiga tushganida o‘zim telefon qilaman”, deb yozilgan edi. Suhbatdosh ayol turmush o‘rtog‘i uni hech qachon “Gulnor” deb chaqirmagani, yozish uslubi unikiga mutlaqo o‘xshamasligini aytdi.

Temurning ukasi Mansur ham, Gulnoraning aytishicha, dekabr o‘rtalarida Peterburgdagi ish joyida qo‘lga olingan, hozirda sud qarori bilan 5 yilga Rossiyadan deportatsiya qilingan.

Temur Qurbonov bedarak yo‘qolganidan bir necha kun o‘tib, uning xotini Gulnora politsiyaga arz qilgan.

- 3-4 kundan keyin qidiruvga ariza berdim. Lekin chegaradan chiqmagani aniqlandi. Xo‘jayinimning do‘sti roziskka bermoqchi bo‘lib militsiyaga borganida, “O‘zbekistonlik yo‘qoldi”, desa, “1982 yilda tug‘ilganmi?”, deb so‘ragan militsiya xodimi. Dimitrovgradda bir masjid bor ekan. Xo‘jayinim shu masjidga borib turardi, yakshanba kunlari arab tilidan dars olardi, - dedi Gulnora Qutlieva.

Temur Qurbonovning yo‘qolganiga oid arizani qabul qilgan Ulyanovsk oblast, Novaya Malikla qo‘rg‘oni politsiya bo‘limi tergovchisi Aleksey (familiyasini aytishni istamadi) Ozodlikka ish yuzasidan bunday dedi:

- Ha, xotinidan qidiruv to‘g‘risida ariza olganmiz. Hozircha hech qanday natija yo‘q. U odamning izlari ham topilmadi. Bu gapni aytgan tergovchi boshqa savollarga javob berishni istamadi.

Gulnora Qutlieva hozir O‘zbekiston prezidenti, Rossiya prezidenti va O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga xat hozirlayotganini ham bildirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, “Avrora” mebel fabrikasida ishlab kelgan 37 yashar Temur Qurbonovning O‘zbekistonda 4 yashar qizi va 9 yashar o‘g‘li qolgan.

Ozodlik 2017 yilning aprelida Sankt-Peterburg metrosida sodir bo‘lgan portlash ortidan shaharda va Rossiyaning boshqa mintaqalarida ko‘plab mehnat migrantlari, jumladan o‘zbekistonliklar qo‘lga olingani, bir qanchasi teraktga aloqadorlikda gumonlanib tergov qilingani, yana boshqalari dom-darksiz yo‘qolganini batafsil yoritib keladi.

Bu hujumlarga aloqadorlikda gumonlanganlarning aksari va ularning yaqinlari FSB nazoratidagi tergov ishlari qo‘pol qonunbuzarliklar bilan olib borilgani, mahbuslarga nisbatan qiynoqlar qo‘llanilganini iddao qilib kelmoqda.

Ozodlik Temur Qurbonovni ko‘rgan-bilganlardan Ozodlik tahririyatiga xabar berishni so‘raydi.

XS
SM
MD
LG