Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 02:38

Ko‘prik ochildi, Afg‘oniston shimoliga tahdid solayotgan ocharchilik chekinadigan bo‘ldi


Xatlon viloyatining Shamsiddin Shoxin tumani bilan Afg‘onistonning shimoliy Xoxon muzofotini bog‘lovchi ko‘prik
Xatlon viloyatining Shamsiddin Shoxin tumani bilan Afg‘onistonning shimoliy Xoxon muzofotini bog‘lovchi ko‘prik

Tojikiston Panj daryosi ustidagi bir yarim oydan buyon yopiq turgan ko‘prikni ochdi. Bu ko‘prik qish oylarida daryoning narigi sohilidagi afg‘on qishloqlarini oziq-ovqat bilan ta’minlovchi yagona yo‘ldir.

Xatlon viloyatidagi Shamsiddin Shoxin tumanini va Afg‘oniston shimolidagi Xoxon mintaqasini bog‘lovchi ko‘prik Afg‘on narkokontrabandachilari tomonidan tojik cho‘poni To‘raxon Nurmatov o‘g‘irlab ketilganidan so‘ng 2019 yilning 1 yanvarida berkitilgan edi.

Shu kundan boshlab Tojikiston-Afg‘oniston chegarasida Afg‘onistonning Xoxon, Kufob va Shikay tumanlari aholisi uchun oziq-ovqat mahsulotlari ortilgan 20 ga yaqin yuk mashinasi turib qoldi.

200 mingga yaqin aholi istiqomat qiladigan mazkur tumanlarda oziq-ovqat mahsulotlarining zaxirasi tugab borayotgan va aholi ochlik girdobiga tushib qolayotgan edi.

Afg‘onistonning shimoliy tumanlari deyarli yarim yilgacha tashqi dunyodan uzilib qoladi – qor bo‘ronlari tufayli tog‘ dovonlari kuz oylaridan boshlab yopiladi. Afg‘on qishloqlarining aholisi Tojikiston rasmiylariga murojaat qilib ko‘prik tezroq ochilishini iltimos qilgan edi.

Sovuq kunlar kelishi bilan kuz oylaridan boshlab Afg‘oniston markazini shimol bilan bog‘lovchi yo‘llar yopiladi va shuning uchun ham mahsulot va oziq-ovqatlarni yetkazish maqsadida haydovchilar Tojikiston hududidan foydalanadi. Ular Afg‘onistonning Qunduz viloyati va Tojikistonning Xatlon viloyati o‘rtasidagi chegaradan o‘tadi va Tojikiston hududi orqali o‘tib Shamsiddin Shoxin tumanini Xoxon tumani bilan bog‘lovchi ko‘prikkacha boradi.

Afg‘onistonning Badaxshon ma’muriyati matbuot kotibi Nekmahmad Nazarining 16 fevral kuni aytishicha, ko‘prikni ochish masalasi ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari darajasida hal qilindi va nihoyat ijobiy qarorga kelindi.

«Mazkur ko‘prik Badaxshon viloyatining uchta tumani aholisi uchun hayotiy ahamiyatga ega. Ko‘prik berkitilgan davr mobaynida turib qolgan yuk mashinalaridagi oziq-ovqatlarning ko‘pchiligi yaroqsiz xolga kelib qoldi, endi muammo bartaraf etildi», - dedi Nekmahmad Nazari.

Afg‘onistonlik tadbirkor Nurali Said 16 fevral kuni oziq-ovqat mahsulotlari ortilgan to‘rtta yuk mashinasi Xoxongacha etib borganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga qaraganda, bir yarim oy mobaynida uchta tumandagi barcha bozor va do‘konlarning peshtaxtalari deyarli bo‘shab qolgan edi.

XS
SM
MD
LG