Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:50

Madaniyat vazirligi maktab o‘quvchilari ommaviy kaltaklanganini o‘rganmoqda (VIDEO)


 Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Navoiy shahridagi ixtisoslashtirilgan madaniyat maktabi o‘quvchilarining ommaviy kaltaklanishida aybdor ko‘rilgan ikki kishiga xayfsan berildi. Biroq kaltak yegan o‘quvchilar aybdorlarga berilgan jazodan qoniqmayapti. Ozodlik so‘rovidan so‘ng Madaniyat vazirligi o‘z tasarrufidagi maktabda yuz bergan ushbu voqeani o‘rganishga kirishdi.

Ozodlikka yo‘llangan videoda o‘ndan ziyod bolaning saf tortib, qator bo‘lib turgani va bir yigit ularga birma-bir musht tushirgani aks etgan. Urayotgan yigit xuddi bokschidek, bolalarga kuch bilan musht tushiradiki, har urganida musht ovozi eshitiladi. Video davomida “Bokschi” yigit “Men qaysingni urdim, kimni urdim”, deb so‘raydi. Musht yegan bolalar jo‘r ovozda “Hech kimni” deb javob berishadi.

Маданият вазирлиги мактаб ўқувчилари оммавий калтакланганини ўрганмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:13 0:00

Ozodlik o‘tkazgan surishtiruvlari natijasida videodagi voqea Navoiy ixtisoslashtirilgan madaniyat maktabida sodir bo‘lganini aniqladi. Voqea guvohlaridan biriga ko‘ra, video o‘quvchilardan biri tomonidan yashirin ravishda tasvirga olingan.

“Video maktab yotoqxonasidagi eshiklardan biri singan kuni olingan. Shu kuni yotoqxona tarbiyachisi Sulaymon Qo‘chqorov eshikni sindirgan odamni topish uchun shu usulni qo‘llagan. Urayotgan bola yotoqxona starostasi. Qo‘chqorov uni o‘ziga yordamchi qilib olgan”, deydi xavfsizligini o‘ylab ismi ochiqlanmaslikni so‘ragan voqea guvohlaridan biri.

Ozodlik yotoqxona tarbiyachisi Sulaymon Qo‘chqorovning ikkita mobil telefoniga qo‘ng‘iroq qildi, biroq u bilan bog‘lana olmadi.

Shundan so‘ng Navoiy ixtisoslashtirilgan madaniyat maktabi direktori G‘olib Sattorov bilan bog‘landik. Sattorovga o‘quvchilarining kaltaklanish voqeasiga oid video haqida aytganimizda, u bir soat vaqt berishimizni, shu muddat ichida voqea tafsilotlarini o‘rganib, keyin javob berishini aytdi.

Bir soatdan so‘ng G‘olib Sattorov bilan qayta bog‘langanimizda, u videodagi voqea haqiqatan ham uning maktabida sodir bo‘lganini tasdiqladi:

“Faqat bu o‘tgan yilning 14 oktabrida sodir bo‘lgan. Hozir yotoqxona mas’uli, tarbiyachi va starostani chaqirib, hammasi bilan gaplashdim. O‘quvchilarni urgan yigit – starosta, u katta kursda o‘qiydi. Kaltak yegan bolalar 2-kurs o‘quvchilari. Starosta o‘zicha razbor qilmoqchi bo‘lgan. Menga aytishlaricha, Sulaymon Qo‘chqorov voqea joyida bo‘lmagan, o‘sha paytda u televizor ko‘rib, tashqarida yurgan bo‘lgan. Uning bu voqeadan xabari bo‘lmagan”.

G‘olib Sattorov nima sababdan maktab direktori bo‘lgan holda o‘quvchilarning kaltaklanishi voqeasidan Ozodlik bog‘langandan so‘nggina xabar topgani noma’lum.

Uning bugun aniqlashicha, o‘quvchilarning kaltaklanishi bo‘yicha aybdorlarga nisbatan chora ham ko‘rilgan:

“Menga aytishlaricha, starosta ham, tarbiyachi Qo‘chqorov ham voqea bo‘yicha tushuntirish xati yozib berishgan. Starostani o‘quvchilardan kechirim so‘rattirishgan, o‘quvchilar uni kechirishgan. Starosta yigitga hayfsan, berilib, uni starostalikdan olishgan. Sulaymon Qo‘chqorovga ham bee’tibor bo‘lgani uchun xayfsan berilgan”.

Xayfsanni kim bergani to‘g‘risidagi savolni berish uchun direktor bilan qayta bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Ayni paytda Ozodlikka bog‘langan voqea guvohlaridan biriga ko‘ra, kaltak yegan o‘quvchilar aybdorlarga berilgan jazodan qoniqmagan.

“Yotoqxonada shunga o‘xshash voqealar deyarli har kuni sodir bo‘ladi. O‘quvchilarning maktab ma’muriyatiga qilgan murojaat va shikoyatlariga qaramasdan hech qanday o‘zgarish yo‘q”, deydi xavfsizligini o‘ylab ismi ochiqlanmasligini so‘ragan voqea guvohlaridan biri.

Ozodlik Madaniyat vazirligi bilan bog‘lanib, vazirlik tasarrufida bo‘lgan ushbu maktabdagi o‘quvchilarning kaltaklanish voqeasi bo‘yicha izoh so‘radi.

Vazirlikning Ta’lim muassasalari va tarmoqlarini metodik ta’minlash boshqarmasi mas’uli Navoiy ixtisoslashtirilgan madaniyat maktabidagi ushbu voqea vazirlikdan yashirilgani, ular o‘quvchilarning kaltaklaniishidan mutlaqo bexabarliklarini aytishdi.

“Tartib bo‘yicha maktab o‘quvchilarining kaltaklanish voqeasi borasida vazirlikka ma’lumot berishi kerak edi. Men bu haqda hozir sizdan eshitayapman. Biz albatta bu voqeani o‘rganamiz”, dedi ismini ochiqlamayotganimiz vazirlik mas’uli.

XS
SM
MD
LG