Линклар

Шошилинч хабар
22 январ 2020, Тошкент вақти: 10:47

Peterburgda muhojir metrodagi teraktni oqlaganlikda ayblanib qo‘lga olindi (VIDEO)


Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining (FSB) Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari shahar metrosidagi teraktni oqlashga uringan markaziy osiyolik migrantni seshanba, 19 fevral kuni​ qo‘lga oldi.

FSB matbuot xizmati tarqatgan xabarga binoan, markaziy osiyolik ekani aytilayotgan yigit Peterburg metrosida ikki yil oldin sodir bo‘lgan portlashlarni oqlashga uringan.

- Olib borilgan operativ-qidiruv amaliyotlari natijasida Internet tarmog‘ida 03.04.2017 yilda Sankt-Peterburg metropolitenida sodir etilgan terrorchilik aktini oqlovchi audiomateriallarni joylashtirgan MDH davlatlaridan kelgan shaxs hibsga olindi, - deyiladi FSB rasmiy bayonotida.

FSBchilar bu shaxsga nisbatan hibsda qoldirish chorasi qo‘llanilishi masalasi ko‘rilayotganini ham bildirdi.

Ayni damda, FSB ko‘rinishidan markaziy osiyolik muhojir bo‘lgan shaxsning hibsga olish jarayoni aks etgan videotasvirni Youtubeda joylashtirdi. Unda yoshi 20-25 atrofida bo‘lgan shaxsning qurollangan xodimlar tomonidan yerga yotqizib, kishanlab, olib ketayotganini ko‘rish mumkin.

(Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati bo‘yicha FSB matbuot xizmati videosi)

FSBning TASS agentligi orqali tarqatgan ma’lumotiga binoan, muhojirga nisbatan FSB tergov bo‘limi tomonidan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 205.2- moddasi, 2- qismi, ya’ni “Ommaviy axborot vositalari, jumladan Internet yordamida terrorchilik faoliyatiga da’vat etish, terrorizmni oshkora oqlash yoki terrorizm propagandasi” moddasi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

FSB boshqarmasi Ozodlik rasmiy so‘roviga hibsga olinganning shaxsiga oid ma’lumotlar tergov yakuniga qadar sir saqlanishini bildirdi.

2017 yilning 3 aprelida Peterburg metrosidagi portlashni kelib chiqishi Qirg‘izistonning O‘sh shahridan bo‘lgan Rossiya fuqarosi, 22 yoshli “xudkush Akbarjon Jalilov sodir etgani” iddao qilingan edi. Bu ishga aloqadorlikda ayblanib, millati o‘zbek bo‘lgan jami 11 odam ustidan tergov amaliyotlari davom etmoqda.

Joriy yilning fevrali boshlarida Rossiya Bosh prokuraturasi Peterburg metrosidagi terrorchilik hujumi yuzasidan ochilgan jinoyat ishini sudga jo‘natgani to‘g‘risida aytilgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, bu ish Moskva okrug harbiy sudi tomonidan yopiq rejimda ko‘rib chiqiladi.

Portlash oqibatida 16 odam halok bo‘lgan, yuzdan ortiq odam jarohatlangan.

Oradan bir yil o‘tgan bo‘lsa ham birorta guruh rasman mazkur hujum uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan emas.

Ozodlik Peterburg metrosidagi portlash ortidan yuzlab gumonlanuvchilar, asosan O‘zbekiston va Qirg‘iziston grajdanlari ushlanayotgani to‘g‘risida xabar berib keladi. Mazkur ish tergovi sanoqsiz qonun buzilishlari, ayblanuvchilarning qiynoqlarga solingani bilan birga olib borilayotgani to‘g‘risida ko‘p marotaba aytilgan.

XS
SM
MD
LG