Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:12

Mixail Saakashvili o‘zini Gulliverga o‘xshatdi


Mixail Saakashvili
Mixail Saakashvili

Gruziya sobiq prezidenti o‘zini "deyarli toza qonli gruzin", deb e’lon qilganidan bir kun o‘tib, Feysbukdagi sahifasiga qo‘ygan rasmi odamlarni tong qoldirdi. Saakashvili unda XVIII asr ispan adabiyoti klassigi Jonatan Svift romani qahramoniga shama qilib, o‘zini liliputlar asir olgan Gulliver qilib tasvirlabdi.

O‘sha suratda u mayda liliputlarga asir tushgan ko‘yi qumloq sohilda, kuzatuv minoralari qurshovida yotibdi. Saakashvilining Feysbukdagi rasmiy akkauntining 1 milliondan oshiq obunachisi bor.

Surat Nugzar Metreveli mo‘yqalamiga mansub. U suratlarga “Fotoshop” dasturi orqali ishlov berishning hadisini olgan bo‘lib, siyosiy satirasi bilan mashhur.

Suratga Sviftning 2010 yili ekranlashtirilgan satirik romani asosidagi film asos qilib olingan. Filmda bosh rolni Jek Blek ijro etgan edi.

Saakashvili 17 fevralda o‘zining DNK tekshiruvi natijasi haqidagi ma’lumotni Feysbukka qo‘yish bilan birga suratni ham joylashtirdi. Undan ma’lum bo‘lishicha, uning tomirida 98,3 foiz gruzin, 1,1 foiz esa grek va bolqonliklar qoni oqayotgan emish.

Uning DNK tekshiruvi natijalarini oshkor qilishiga ancha vaqtdan beri tarqalayotgan mish-mishlar va fitna nazariyasiga chek qo‘yish istagi sabab bo‘ldi. Mish-mishlarga ko‘ra, Saakashvilining kelib chiqishi armani bo‘lib, familiyasi Saakyan emish.

‒ Ko‘p asrlardan beri ajdodlarimning qoni gruzinlardan boshqa hech bir millat qoni bilan aralashmagan. Men ushbu an’anani buzib, evropalik ayolga uylangan birinchi odam bo‘ldim, ‒ deb yozdi Saakashvili o‘sha kuni Feysbukdagi sahifasiga niderlandiyalik ayolga uylanganini nazarda tutib.

Saakashvilining o‘z DNK tekshiruvi natijasini e’lon qilishi 2020 yili AQSh prezidentligiga nomzodini qo‘yishini e’lon qilgan Elizabet Uorrenni esga tushiradi. U 2018 yil oktabrida o‘zini DNKni tekshiruvdan o‘tkazganini va unga ko‘ra, ayrim ajdodlari tub amerikaliklar bo‘lgani aniqlanganini aytgan edi. AQSh prezidenti Donald Tramp uni tanqid qilib, hindularga avlod ekaniga shubha bildirdi.

Ajdodlari kim bo‘lishidan qat’inazar, Saakashvili ayni chog‘da ham Gruziya, ham Ukraina vatandoshligidan ayrilgan vatansiz kishidir.

Unga 2015 yili Odessa viloyati gubernatori bo‘lib ishlaganidan oldin Ukraina vatandoshligi berilgan va bu bilan avtomatik ravishda Gruziya vatandoshligidan ayrilgan edi.

Lekin 2017 yil iyulida u prezident Petro Poroshenko bilan yovlashib qolgandan so‘ng “dushmanga aylangan do‘st” sifatida Ukraina vatandoshligidan mahrum bo‘ldi.

Niderlandiyada yashayotgani aytilayotgan Saakashvili kelgusida Gruziya qaytmoqchi.

XS
SM
MD
LG