Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:26

Xitoyning Shinjondagi siyosatiga qarshi Moskvada yakka piket o‘tkazgan faol O‘shda so‘roq qilindi


Bahrom Rahmon O‘sh militsiya boshqarmasi oldida.
Bahrom Rahmon O‘sh militsiya boshqarmasi oldida.

O‘tgan yilning dekabrida Moskvadagi Xitoy elchixonasi oldida Shinjon-Uyg‘ur muxtoriyati mahalliy aholiga nisbatan qilinayotgan zo‘ravonliklarni to‘xtatish talabi bilan yakka piketlar o‘tkazgan qirg‘izistonlik Bahrom Rahmon Qirg‘iziston O‘sh shahar Ichki ishlar boshqarmasida so‘roqqa tutildi.

25 fevral kuni Moskvadan O‘shga borgan Bahrom Rahmondan ichki ishlar xodimlari Qirg‘izistonda aksilxitoy mitinglar uyushtirmaslik va norozilik namoyishi to‘g‘risidagi Feysbukdagi yozuvlarni o‘chirib tashlashni talab qilgan.

Москвада Хитойнинг Шинжондаги сиёсатига қарши пикетлар ўтказилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:40 0:00

O‘sh shahar politsiya bo‘limida bir necha soat davom etgan savol-javobdan chiqqan Bahrom Rahmon Ozodlik muxbiriga siyosiy qarashlari va kuni kecha Facebook sahifasida joylashtirgan postida “Sharqiy Turkiston” so‘zini ishlatgani uchun qirg‘iz militsiya xodimlari tomonidan “suhbatga” chaqirilganini bildirdi.

- Kecha keluvdim, bugun tongda operlar turibdi eshigim tagida. Facebookdagi postim uchun ekan. Bordim, “Sen miting o‘tkazaman, debsan. “Sharqiy Turkiston harakati” degan terroristik guruh bor – shulardan emasmisan?” deb shubhalanishdi. “Nima deyishim kerak?”, desam, “Shinjon!”, deysan deyapti! Qirg‘izistonda “Sharqiy Turkiston” degan so‘z taqiqlangan ekan, endi bilibman! Keyingi masala, “Bizga Xitoyga qarshi miting kerak emas!”, deyapti. “Men Xitoy xalqiga hech xusumatim yo‘q. Men faqat Xitoyda qurilgan konslagerlar yopilishini talab qilmoqchimiz!”, dedim. Pasportimni olib qolishdi, 6-7 soat u yoqdan bu yoqqa olib yurishdi. Prokuraturaga borib keldim, tushuntirish yozdirishdi, dedi Ozodlik bilan 26 fevral kungi suhbatda Bahrom Rahmon.

Ayni paytda suhbatdosh¸ bu bosimlarga qaramasdan O‘shda Xitoyning uyg‘ur musulmonlariga nisbatan tutayotgan siyosatiga qarshi miting uyushtirish niyatidan voz kechmaganini bildirdi.

- Moskvadagi piketni Facebookda ko‘rishibdi, “Bu qaerda tushgan? Seni kim moliyalashtirayapti?” dedi. Men hammasini o‘z pulimga qilganimni aytdim. Facebookdagi postni o‘chirtirishdi. Jinoyat ishi qo‘zg‘atvorishi mumkin ekan aks holda. Hozir “milliy nizo qo‘zg‘atish”, deb ma’muriy jarimaga tortishlari mumkin, dedi Bahrom Rahmon.

Bahrom Rahmon yaqin orada O‘sh meriyasidan ruxsat olib, ming kishilik miting uyushtirishga hozirlik ko‘rayotganini bildirdi.

Б.Раҳмон: "Шарқий Туркистон" сўзи Қирғизистонда тақиқланган, дейишди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:40 0:00
Бевосита линк

2018 yilning dekabr oyi o‘rtalarida Moskvadagi Xitoy elchixonasi oldida bir guruh faol Shinjon-Uyg‘ur muxtoriyati mahalliy aholiga nisbatan qilinayotgan zo‘ravonliklarni to‘xtatish talabi bilan yakka piketlar o‘tkazgandi.

Qo‘llariga “Xitoy! Konslagerni yoping - ozodlik eshiklarini oching!”, “Xitoydan Sharqiy Turkistondagi musulmonlar konslagerini yopishni talab qilamiz!”” shiorlarini ko‘tarib chiqqan piketchilar xalqaro jamoatchilikni Shinjon-Uyg‘ur muxtoriyatida uyg‘ur, qirg‘iz, o‘zbek va qozoq millatiga mansub aholini ta’qib qilish amaliyotini to‘xtatishga yordam berish, BMT Xavfsizlik kengashini esa bu masala yuzasidan maxsus rezolyutsiya qabul qilishga chaqirgan edilar.

Bundan avvalroq Qirg‘iziston, Qozog‘iston, AQSh, Tatariston, Turkiya va boshqa davlatlarda Shinjon-Uyg‘ur muxtoriyatidagi mahalliy aholi himoyasiga qator norozilik aksiyalari bo‘lib o‘tgandi.

Xususan¸ Qozog‘istonga ko‘chib kelgan xitoylik etnik qozoqlar Olmaotada bir necha tadbir o‘tkazib, qozoq hukumatini «qayta tarbiyalash lagerlari»dagi yaqinlarini ozod etishga ko‘maklashishga chaqirgan edi.

Ayni paytda¸ dunyo musulmonlarining muqaddas ziyoratgohlari joylashgan Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Xitoy rahbari Si Szinpin bilan uchrashuvi chog‘ida Pekinning musulmonlarni qayta tarbiyalash lagerlari joriy etganini "terrorchilikka qarshi kurash sifatida" qo‘llab-quvvatladi.

XS
SM
MD
LG