Линклар

Шошилинч хабар
17 апрел 2021, Тошкент вақти: 14:28

Termiz tuman hokimligi tadbirkorning o‘ziga o‘t qo‘yishini "shantaj" deb atadi


Uchqizil qo‘rg‘onda yashovchi Baxtiyor Eltonov o‘zi ochgan kafesi binosining buzilishiga norzilik bildirib, Termiz tuman hokimligi binosi oldida 27 fevral kuni o‘ziga o‘t qo‘ygan.

Termiz tuman hokimligining ismi ochiqlanmasligini istagan mulozimi Ozodlik bilan suhbatda 38 yoshli tadbirkor hokimlik binosi oldida o‘ziga o‘t qo‘yganini "shantaj maqsadida uyushtirilgan sahna ko‘rinishi", deb atadi.

Tumandagi Uchqizil qo‘rg‘onida yashovchi Bahtiyor Eltonov o‘zi ochgan kafe binosining buzilishiga norozilik bildirib, Termiz tuman hokimligi binosi oldida 27 fevral kuni o‘ziga o‘t qo‘ygan edi.

Hokimlik binosi oldida o‘ziga o‘t qo‘yish sahnasi tushirilgan videoni 27 fevral kuni mover.uz sayti e’lon qildi.

Voqeaga oid ma’lumotlarga ko‘ra, Eltonov kredit hisobiga ochgan kafesi binosining buzilishga tushgani haqida bilgach, o‘ziga o‘t qo‘yishdan oldin bir necha oy davomida tuman hokimligiga tushuntirish berishlarini so‘rab kelgan, ammo qabulga kira olmagan.

Tuman hokimligi mulozimi Ozodlikka Eltonovning hech qanaqa kafesi bo‘lmagani, o‘ziga o‘t qo‘yishidan oldin hokimlikka ham murojaat qilmaganini aytdi.

- Bu odam kredit olganmi, nima bo‘lgan, dardini bilmaymiz, hokimlikka kelib shantaj qilyapti. Kurtkada kelgan, benzin bilan kurtkasini yoqib, yechib tashlayapti. Hokimiyatga bu odam umuman murojaat qilmagan. Hech qanaqa kafesi ham yo‘q. Murojaat qilgan bo‘lsa kitobda qayd etilgan bo‘lardi, daftarda turardi, xatlanardi. Agar telefonda murojaat qilgan bo‘lsa har bir og‘zaki murojaati yozib olinardi. Bu odam bizga murojaat qilmagan, shantaj qilyapti, - dedi Termiz tuman hokimligining ismi ochiqlanmasligini istagan mulozimi 28 fevral kuni Ozodlik bilan suhbatda.

Hokimlikning kapital qurilish bo‘yicha boshqa bir mulozimi esa, tadbirkorning tuman markazidan o‘tuvchi yo‘lning bo‘yida ochgan kafesi noqonuniy qurilish bo‘lgani uchun buzib tashlanganini aytdi.

- Yo‘lning bo‘yida lattadan chodir qurib, kafe ochgan ekan, noqonuniy qurilish bo‘lgani uchun buzib tashlandi. Qanaqa kredit, nimaga olgan, bunisini bilmaymiz, - dedi hokimlik mulozimi.

Tadbirkor o‘ziga o‘t qo‘yganidan voqea joyiga “Tez yordam” xodimlari yetib borgan. Ozodlik o‘ziga o‘t qo‘ygan tadbirkor kuyish jarohati bilan Termiz tuman Tibbiyot birlashmasi kasalxonasiga yotqizilganini aniqladi.

Tibbiyot birlashmasi bosh vrachi o‘rinbosari Avaz Qahhorov Ozodlik bilan suhbatda bemor tanasining 20 foizi kuygani, lekin ahvoli yaxshi ekanini aytdi.

– Termik kuyish, tanasining yigirma foizi, asosan yuzi, qo‘li kuygan, lekin ahvoli yaxshi, - dedi Qahhorov.

Termiz tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimi hokimlik binosi oldida o‘ziga o‘t qo‘yish xolati bo‘yicha tergov-surishtiruv ishlari olib borilayotganini aytdi.

- Bu odam nima sababdan o‘ziga o‘t qo‘ygan, tuman prokuraturasi bu bo‘yicha surishtiruv olib boryapti, - dedi tuman IIB xodimi.

O‘ziga o‘t qo‘ygan tadbirkor Bahtiyor Eltonovning o‘zi va uning yaqinlari bilan Ozodlik muxbiri bog‘lana olmadi. Tuman tibbiyot birlashmasi shifokorlari u jurnalistlarga gapiradigan ahvolda emasligini aytishdi.

O‘zbekistonda ijtimoiy-maishiy muammolar sabab, fuqarolarning o‘ziga o‘t qo‘yish holatlari uchrab turadi.

2018 yil 14 dekabr kuni qibraylik Nozima Ergasheva "rasmiylarining adolatsizigi"ga norozilik bildirib, tuman hokimligiga borgan va shu kuni arzini qabul qilishmagach, o‘zini yoqqan edi.

2017 yilning sentabrida esa Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumani Ullibog‘ qishlog‘ida yashovchi 29 yashar Ahmad Niyozimbetov uyini buzishga kelgan hokimlik vakillariga norozilik bildirib, o‘ziga o‘t qo‘ygani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG