Линклар

Шошилинч хабар
07 декабр 2019, Тошкент вақти: 16:40

OzodDayjest: O‘zbekistonda kadrlar tanqisligi sindromi vujudga keldi


Siyosat va tibbiyot sohasi mansabdori pora bilan ushlandi

Namangan viloyati Norin tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Muxtorjon Temirov tamagirlik va poraxo‘rlikda ayblanmoqda (“Huquq”, 7 mart).

Bu haqda Norin tuman prokurorining o‘rinbosari Mansurjon Siddiqjonov xabar beradi. Mansabdorning tanishi bo‘lgan ayol undan jiyanini birlashmaga ishga qabul qilishini so‘ragan. M.Temirov esa buning evaziga 200 dollar pora talab qilgan.

Tibbiyot birlashmasi boshlig‘i o‘z xizmat xonasida jinoyat ustida ushlangan. Mansabdorning xonasidan ishga kirish istagida murojaat qilgan yana boshqa o‘nlab talabgorlarning hujjatlari topilgan.

Qayd etilishicha, M.Temirov “Adolat” sotsial demokratik partiyasi tuman kengashi raisi va xalq deputatlari Norin tumani kengashi deputati vazifalarida ham ishlagan.

Kadrlar tanqisligiga ta’limdagi nohaqliklar asosiy sabab ekani aytildi

Oxirgi vaqtlarda O‘zbekistonda rahbar kadrlarning tez-tez o‘zgarishi kuzatilmoqda (“Ma’rifat saodati”, 28 fevral).

Qayd etilishicha, aslida 32 millionli mamlakatda vazirlik yoki tashkilotlarni boshqara oladigan kadrlar topiladi. Ammo bunday kadrlarning ba’zilari sohadagi adolatsizliklar sabab qo‘lini yuvib qo‘ltig‘iga urgan, ba’zilari esa mehnati munosib qadrlanadigan davlatlarga ketib qolgan. Natijada butun boshli mamlakatda “kadrlar tanqisligi sindromi” vujudga kelgan.

Ta’kidlanishicha, ushbu holatning ildizi bog‘cha, maktab va oliy o‘quv muassasalaridagi adolatsizlik va nohaqliklarga borib taqaladi. Ayni vaqtda ishini eplolmagani uchun tez-tez alishtirilayotgan rahbarlar esa “eski tuzum tarbiyalagan kadrlar” deb atalgan.

Qayd etilishicha, mavjud xavotirli holatdan chiqish uchun ta’limni korrupsiyadan tozalash, kadrlar tayyorlash tizimini butunlay isloh qilish kerak.

Zulfiya mukofoti munosib nomzodlarga berilishi shubha ostiga olindi

Zulfiya nomidagi davlat mukofotini nizomini jiddiy ko‘rib chiqish lozim (www.marifat.uz, 7 mart).

Qayd etilishicha, 15-16 yoshli o‘smir qizaloqqa davlat mukofoti berish mantiqan to‘g‘ri emas. Hali hayotning achchiq-chuchugini totmagan, el-yurtga foydasi tegmagan, o‘z sohasida nimanidir yaratib qo‘ymagan o‘smirga bu mehribonchilik og‘irlik ham qiladi.

“Shu paytgacha yuzlab o‘smir qizlar ushbu mukofotga sohiba bo‘ldilar. Lekin bugun ular qani? Nega muhtasham adabiyotimiz sahnasida ijodni qoyil qilib qo‘ygan zulfiyachilar ko‘rinmaydi? Ko‘rinayotganlarining ham soxta, robotga o‘xshab “vatanparvar”lik qilishi kishining ensasini qotiradi” deb yozadi muallif.

Mazkur mukofot g‘oliblari oliy o‘quv yurtlariga imtihonsiz kirish huquqiga ega. Bu esa mukofot g‘oliblarini belgilashda korrupsiyaga yo‘l ochishi aytiladi. Xalq ta’limi vazirligi nashriga ko‘ra, korrupsiyaning oldini olish uchun oliy o‘quv yurtiga imtihonsiz kirish huquqini bekor qilish lozim. Zulfiya davlat mukofotini pora yoki tanish-bilish asosida olish mumkinligi iddao qilib kelinadi.

XS
SM
MD
LG