Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:16

Bank xodimlari aholi qaytarmagan kreditni o‘z oyligidan to‘lashga majburlanmoqda


Eltuz.com Karikatura. O‘qituvchilarga maosh o‘rniga jo‘ja berilyapti
Eltuz.com Karikatura. O‘qituvchilarga maosh o‘rniga jo‘ja berilyapti

Sirdaryo viloyatida “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida aholiga 2018 yili tarqatilgan kreditlar qaytarilmagani uchun bank xodimlariga chora ko‘rildi. Ishdan ayrilishni istamagan bank xodimlari o‘z oyligidan “aholi qaytarmagan kredit summalarini yopayotganidan” shikoyat qilishdi.

Ishdan ajrash ehtimoli bois shaxsi sir qolishini so‘ragan Sirdarëdagi "Mikrokreditbank" xodimining Ozodlikka 7 mart kuni aytishicha¸ prezident topshirig‘i bilan tarqatilgan kreditlar qaytarilmayotgani uchun aybdorlik bank xodimlari zimmasiga yuklatilgan.

"Agar kreditlar yopilmasa¸ ishdan bo‘shatamiz¸" deb tahdid qilishdi. Ishsiz qolmaslik uchun kreditlarni o‘z oyligimizdan yopib boshladik. Nohaqlikku bu! Axir bu kreditlarni biz olmaganmizku"¸ deydi sirdaryolik bank xodimi.

Ozodlik muxbirining o‘rganishicha, prezident tavsiyasi bilan aholiga tarqatitilgan bir necha milliard so‘mdan ortiq kredit qaytarilmagan.

Sirdaryo viloyat hokimligidagi qishloq xo‘jalik masalalari bo‘yicha mutaxassisning Ozodlikka aytishicha¸ ushbu kreditlar aholining chorvachilik, quyonchilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik yo‘nalishlaridagi faoliyatlarini tashkil etish, issiqxonalar qurish, bog‘ va tokzorlar yaratish, sartaroshlik, kosmetologiya xizmati, kosibchilik, tunukasozlik, yog‘och va allyumin profildan eshik va romlar tayyorlash, zargarlik, avtoservis ustaxonalari ochish, qandolatchilik mahsulotlari ishlab chiqarish kabi 20 dan ortiq yo‘nalishga yo‘naltirilgan.

- Ammo ba’zi hollarda aholi kreditni maqsadli foydalanmay¸ to‘y qilish yoki mashina sotib olishga sarflab qo‘yib¸ qaytara olmagani kuzatildi. Kreditlarni qaytarish kerakligi haqida aholida huquqiy ma’lumot yo‘q. Ba’zilar kreditni olib Rossiya davlatiga ketib qolgan¸ dedi o‘zini tanishtirmagan hokimlik mulozimi.

Uning yana aytishicha¸ aholi kredit olayotganida biznes rejasida ko‘rsatilgan qalampir yetishtirish yoki parrandachilik kabi sohalar qanday yuritilishidan bexabar bo‘lgan:

- Viloyat hokimligida tashkil etilgan ishchi guruhi a’zolari mahalla fuqarolar yig‘inlariga borib aholiga kredit tarqatishganida aholi xohish-istaklari va imkoniyatlari o‘rganilgan edi. Ammo mana bir yil o‘tib¸ aksar kredit olganlar qarzini qaytara olmagani va biznesni ham tashkil qilmagani yuzaga chiqdi¸ deydi mulozim.

Kichik kredit beradigan bank xodimi katta qarzga botdi

Sirdaryolik bank xodimiga ko‘ra¸ “Har bir oila – tadbirkor” dasturi O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hamda bir qancha xorijiy moliya institutlari tomonidan ishlab chiqarilgan xalqaro standartlar asosida kredit beradi:

- Kreditning qaytarilishini ta’minlaydigan uchinchi taraf poruchitel¸ ya’ni kafil bo‘lishi kerak. O‘tgan yili tez-tez kredit beringlar¸ deb qistashganida¸ bank xodimlarini fizlitso (jismoniy shaxs) sifatida kafil qilib yozib qo‘yishgan edi. Endi o‘sha xodimlar kredit qaytmagani uchun javobgar bo‘layapti¸ deydi bank xodimi.

Ozodlik parranda sotib olish uchun berilgan kreditga kafil bo‘lgan sirdaryolik yana bir bank xodimi bilan gaplashdi. Uning aytishicha¸ kredit rasmiylashtirgan mijozning tovuqlari o‘lib qolgan va o‘zi qo‘shni Qozog‘istonga ish qidirib ketib qolgan:

-Uyiga borsam xotini va bolalari o‘tiribdi. Bir tiyini yo‘q qaytaradigan. O‘zim oyligimdan har oy-har oy qo‘yib bu kreditni yopayapman. Ammo qachongacha yopaman? Ishdan ketvoray deysanu, yana shuncha yil nima uchun o‘qidim, bu kunlar ham o‘tib ketar deb, ishlab yuribman. Yaxshiyam ota-ona, aka-ukalar bor ekan, yo‘lkira, tushlik, u- buga yordam berib turibdi. 2-3 ta bolasi bor bank xodimlari qanday tirikchilik qilayapti ekan, o‘ylanib qolaman ba’zan¸ deydi O‘zbekistonda “kredit berish” deya nomlangan xo‘jako‘rsin tadbirbozlik qurboni bo‘lganini aytgan bank xodimi.

Viloyat hokimligida tashkil etilgan kredit berish bo‘yicha ishchi guruhi a’zolaridan birining Ozodlikka aytishicha¸ Sirdaryoda kredit qaytarishi muammo bo‘lganlar tadbirkorlarning eng kamtar soni 900 nafardan ko‘pdir.

- Aholiga tovuq¸ echki boqish va limon yetishtirish uchun berilayotgan kreditlar to‘xtatildi. Bunga Vazirlar Mahkamasining «Shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklari faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra ajratilgan mikrokreditlarni qaytarish masalasida muammo chiqqani sabab bo‘ldi¸ dedi mulozim.

"Mikrokreditbank"ning Sirdarë viloyatidagi bo‘limlaridan biri xodimining Ozodlikka aytishicha, bu kredit loyihasi bugunga kelib samarasiz, deb topilgan.

XS
SM
MD
LG