Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:43

MIB o‘z xodimlarining yakshanbada ham ishlayotganini tan oldi¸ ammo uning majburiyligini rad etdi


O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining Ozodlikka murojaat qilgan bir guruh farg‘onalik xizmatchilari¸ o‘zlarining oylardan beri biror kun dam olmasdan ishlashga majbur bo‘layotganlarini bildirdi.

Ishsiz qolishdan cho‘chib Ozodlikka shaxsi sir qolish sharti bilan gapirgan MIB xodimlari¸ 8 mart – rasmiy bayram kuni ham uyma-uy yurib¸ kommunal to‘lovlar uchun qarz undirishga majburlangani va odamlardan haqorat va qarg‘ish eshitganini ma’lum qildi.

MIB matbuot xizmati bu shikoyat yuzasidan Ozodlikka yuborgan javobida¸ “iste’molchilarga qulaylik yaratish maqsadida “ yakshanba kunlari ham ishlanayotganini e’tirof qildi. Ammo “xodimlarning shanba va yakshanba kunlari ishlashi faqatgina ularning roziligi asosida amalga oshirilishi mumkin”ligini qo‘shimcha qildi.

“8 mart kuni bayram o‘rniga, haqorat”

Ozodlikka gapirgan MIB xodimlari o‘zlarining Farg‘ona viloyati hududida ishlayotganini bildirgan holda¸ MIB xizmatchilarining ahvoli butun O‘zbekiston bo‘ylab ayni ekanini ta’kidladi.

MIB uchun 8 mart sanasi ham ish kuni. Shanba-yakshanba shundoq ham ish kuniga aylangan¸ unisiga chidab kelayotgan edik. Lekin rasmiy bayram kunlari ham ishlash adolatdan emasku! Xalq uyida bayram qilib o‘tirganida bostirib borib¸ pul undirish insofdan emasku! “¸ deydi Ozodlik suhbatlashgan MIB xodimlaridan biri.

Bu mulozim 8 mart kuni ayrim iste’molchilardan haqorat va so‘kish eshitib ayrim qarzdorlik uchun pul undirganini tasdiqlovchi hujjatlar¸ to‘lov haqidagi qog‘ozlar borligini bayram kuni ishlashga majbur bo‘lganini tasdiqlovchi dalil sifatida taqdim etdi.

«Biz ishlagan hududdagi aholidan ham so‘rab ko‘ring¸ qanday qilib bayram kuni ularning asabini buzganimizni. Hamma bayram va yakshanbada ham tinch qo‘ymaysanmi pul so‘rab¸ deb bizni haydab soladi. Rasmlar¸ audio va videolarimiz bor¸ lekin ularni chiqarsangiz¸ bizligimizni bilib¸ ishdan haydaydi. Bayram yoki dam olish kuni ishga chiqmaymiz¸ desak¸ boshliq ishdan ketasan deb dag‘dag‘a qiladi. Biz ikki orada ezilib ketdik»¸ deydi oylardan beri haftasiga 7 kunlik rejimda ishlab kelayotganini aytgan MIB xodimi.

Ozodlik suhbatdoshlari¸ o‘z boshliqlari ko‘zga tashlanmaslik uchun bayram va dam olish kunlarida forma kiymasdan¸ grajdan kiyimida uyma-uy yuirshni shart qilib qo‘yganini ham ta’kidlab o‘tdi.

MIB xodimlarining aytishicha¸ respublika rahbariyatidan har bir viloyatga¸ viloyat boshqarmasidan esa¸ har bir tuman va hududga qarzdorlikni yopish bo‘yicha belgilangan rasmiy plan bor¸ ammo bu planni¸ ular ta’kidicha¸ “haftada 7 sutka¸ 24 soat to‘xtamay ishlagan taqdirda ham undirishning iloji yo‘q.”

Biz shundoq ham to‘xtovsiz ishlashga yaqinlashganmiz. Ish soati har kun 7:30 dan 22:00 yoki 23:00 gacha. Hisoblab ko‘ring¸ 14 , 15 soat chiqayapti. Ishimiz qanchalik qiyinligini hamma ko‘rib turipti – borgan joyimizda tahdid¸ so‘kish-qarg‘ish. Aholining qurbi yetmasa¸ uyida undiradigan hech vaqosi bo‘lmasa¸ quruq qo‘l bilan qaytishga majburmiz”¸ deydi Ozodlik gaplashgan MIB xodimlaridan biri.

Rasmiy javob

Ozodlik nafaqat farg‘onalik¸ balki O‘zbekistonning boshqa hududlaridagi MIB mulozimlaridan ham muntazam kelayotgan bunday shikoyatlarga munosabat bildirishni so‘rab Bosh prokuraturaga murojaat qildi.

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi matbuot xizmati¸ o‘z xodimlarining yakshanba kunlari ishlayotganini rad qilmadi.

Aksariyat iste’molchilar shanba-yakshanba kunlari tegishli ob’ektlarda shaxsan bo‘lishligini inobatga olib¸ iste’molchilarga qulaylik yaratish maqsadida, ayrim hollarda Byuro tomonidan ko‘zdan kechirish tadbirlari shu kunlari o‘tkaziladi. Bunday amaliyot, intizomli iste’molchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, Byuro xodimlarining ish rejimi iste’molchilarga qulaylik keltirish nuqtai nazaridan tashkillashtirilganligi ijobiy baholanmoqda”¸ deyiladi rasmiy bayonotda.

Ayni paytda¸ MIB rahbariyati qarzdorlikni undirish jarayonini tezlatish va “qulaylashtirish maqsadida” mamlakat bo‘ylab banklarning ham shanba-yakshanba kunlari ishlayotganini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, bank muassasalari bilan kelishuvga asosan, iste’molchilarga qulaylik yaratish maqsadida, shanba va yakshanba kunlari ham bank shahobchalari to‘lov kassalarining ishlashi yo‘lga qo‘yilgan”¸ deyiladi Ozodlikka berilgan javob xatida.

MIB matbuot xizmati¸ xodimlarning ish vaqti Mehnat kodeksida belgilangan normadan oshib ketayotgani¸ shanba-yakshanba kunlari haq olmasdan ishga chiqishga majburlanayotgani haqidagi shikoyatlarni rad etishga urindi.

Byuroda xodimlarning ish vaqtida soat 09.00 dan soat 18.00 ga qadar davom etishi, belgilangan vaqtdan tashqari ishlashiga, shuningdek shanba va yakshanba kunlari ishga chiqishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Xodimlarning shanba va yakshanba kunlari ishlashi faqatgina ularning roziligi asosida amalga oshirilishi mumkin”¸ deyiladi MIB matbuot xizmatining Ozodlikka bergan javobida.

Ozodlik bu rasmiy izohga munosabat so‘rab kunning birinchi yarmida shikoyat qilgan MIB xodimlari bilan mahalliy vaqt bilan kechqurun qayta bog‘landi.

Toshkent vaqti bilan kechki soat 8 da hamon ishxonada o‘tirganini bildirgan Ozodlik manbalaridan biri¸ oylikning faqat dushanba-jumagacha berilishini alohida ta’kidlab¸ shanba-yakshanba kuni ishga chiqishning “ixtiyoriy” ekani haqidagi rasmiy izohni rad etdi.

Bir marta emas¸ har hafta chiqasan¸ deyapti. Bu kechagi gap emas. Hammaga belgilangan hudud bor¸ shu yerga chiqishi kerak”¸ dedi Ozodlik qayta gaplashgan MIB xodimlaridan biri.

Majburiy ijro byurosi O‘zbekiston prezidentining 2017 yil 30 maydagi 3016-son qaroriga asosan Bosh prokuratura huzurida tashkil etilgan.

MIBga yuklatilgan vazifa va vakolatlar haqida byuroning ilk rahbari Botir Qudratxo‘jaev 2017 yil mahalliy matbuotga:

Byuro zimmasiga energiya resurslari uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida undirish, elektr va gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanish hamda talon-tarojliklarning oldini olish va boshqa hujjatlarining so‘zsiz ijrosini ta’minlash kabi muhim vazifalar yuklatilgan. To‘lov miqdorini mustahkamlash orqali elektr energiyasi va gaz tarmoqlarini modernizatsiya qilish va barcha hududlarda yangi ishlab chiqarilgan va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini ishga tushirish, aholini turmush darajasini oshirish bizning eng muhim vazifamiz hisoblanadi”¸ deya rasmiy tushuntirish bergan edi.

Davlat xizmatchilarini dam olishsiz ishlatish mumkinmi?

O‘zbekiston Mehnat kodeksining 16-moddasiga ko‘ra¸ “muddatlari chegarasi belgilangan ish vaqtini o‘rnatish, bir qator kasblar va ishlar uchun ish kunini qisqartirish, har haftalik dam olish kunlari, bayram kunlari, shuningdek haq to‘lanadigan yillik ta’tillar berish orqali ta’minlanadigan dam olish” xodimning asosiy mehnat huquqlari sanaladi.

Kodeksning “Ish vaqti” deb nomlangan VII bobi 115-moddasida “Xodim uchun ish vaqtining normal muddati haftasiga qirq soatdan ortiq bo‘lishi mumkin emas. Olti kunlik ish haftasida har kungi ishning muddati yetti soatdan, besh kunlik ish haftasida esa sakkiz soatdan ortib ketmasligi lozim”¸ deb ëzib qo‘yilgan.

XS
SM
MD
LG