Линклар

Шошилинч хабар
05 май 2024, Тошкент вақти: 03:40

Zangiota tarbiya koloniyasida nazoratchilar mahkumlarga qo‘shib ishlatilmoqda


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

O‘zbekiston Jazoni ijro etish bosh boshqarmasiga qarashli Zangiota 24- tarbiya koloniyasi nazoratchilari mahkumlar bilan birga qamoqxona hududidagi eski binolarni buzishga majburlanmoqda.

Bu haqda Ozodlikka arz qilgan nazoratchilarning aytishicha, ular belgilangan xizmat soatini ishlab bo‘lganidan so‘ng olib qolinib, majburiy mehnatga jalb qilinmoqda.

Qamoqxona ma’muriyati bu masalani o‘rganib, javob berishini aytdi.

Zangiota tumanidagi voyaga yetmaganlar 24-tarbiya koloniyasi nazoratchilaridan Ozodlikka kelgan maktubda, koloniya boshlig‘i ularni mahkumlar bilan qo‘shib ishlatayotgani haqida bunday yozilgan:

“Biz IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasiga qarashli Zangiota tumanidagi 24-tarbiya koloniyasida (voyaga yetmaganlar zonasida) nazoratchi bulib ishlaymiz. 14 fevraldan buyon bizni ishdan keyin majburlab zonada ishlatishyapti. Tungi xizmatdan keyin kunduzgi xizmatga ham qolib ishlayapmiz. Kunduzgi xizmatga tushadiganlar esa zonaning ichida mardikordek ishlatilyapti. 12 soatlik xizmat 24 soat bo‘lyapti. Biz ham odammizku, bizning ham uyimizda muammolar, hal qilinadigan ishlar borku. Hech qanday moddiy yordam ham berilmayapti, hech bo‘lmasa tushlik xam tashkillashtirishmayapti. Xodimga bunday quldek muomala qilishga kim xuquq berdi boshliqqa? Shunday katta vazirlikning nahotki texnikasi, ishchi kuchi bo‘lmasa?”

24- tarbiya koloniyasining ishdan haydalishidan cho‘chib, ismi sir qolishini so‘ragan nazoratchilaridan birining Ozodlikka aytishicha, ularning ish soatlari ikki baravarga cho‘zilib ketyapti:

“Masalan, kecha kechqurun soat oltida smenani qabul qilib olgan bo‘lsam, bugun ertalab soat 9 da topshirishim kerak edi. Lekin, soat 9 da mening o‘rnimga keladigan smena ishni qabul qilmaydi, ularni ichkariga stroykaga ishlagani jo‘natadi. Mening uxlamasdan yurganimga 26 soatdan oshib ketdi. Hozir uyga boramanda ertalab besh yarimda turib yana ishga kelaman, smena qabul qilmaymanu, ichkarida stroykada ishlayman. Ana shu militsiya formasida mahkumlar bilan qo‘shilib, chang-to‘zonda ishlaymiz. Uchta smena doim almashib-almashib, qurilishda ishlatilyapti”

Nazoratchining aytishicha, qariyb yuz xodimning uchdan bir qismi har kuni changu-tuproqqa belanib ishlamoqda:

“Bizni 14-kolonkadan (manzil koloniya demoqchi - tahr.) kelgan 15 nafar mahkumga qo‘shib formada itdek so‘kib ishlatishadi. Bu mahkumlar yaxshi ishlamaydi. Choy ichib o‘tirishadi. Ularga baqirolmaydi, chunki ular darrov portalga yozadi. Kuchi yetgani biz, nazoratchilar, uyqudan qolgan, ust-boshimiz rasvo bo‘lgan, xullas hamma yoq dabdala. Biz ishdan ayrilishimizdan qo‘rqib tuproqqa belanib ishlayapmiz. Tag‘in IIV organlari hurmatini ko‘tarish to‘g‘risida har dushanba ma’rifat darsida safsatabozlik qilishadi”

Ozodlik qamoqxona nazoratchilarining bu iddaolariga munosabat olish maqsadida Zangiota tumanidagi 24- tarbiya koloniyasi ma’muriyati bilan bog‘landi.

O‘zini "navbatchi Rajabov" deb tanishtirgan mulozim nazoratchilar shikoyatini eshitganidan so‘ng Ozodlik muxbirining ish telefonini yozib oldi va bu masala rahbariyatga yetkazilishini va o‘zlari telefon qilib natijasini aytishini bildirdi.

Ammo kun davomida koloniyadan Ozodlikka qo‘ng‘iroq bo‘lmadi.

Jazoni ijro etish bosh boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi nazoratchilar shikoyatini obdon tinglagach, yonidagi sherigiga Ozodlikdan qo‘ng‘iroq qilinayotganini aytdi. Mulozimning sherigi past ovozda nimadir deganidan so‘ng, mulozim go‘shakni qo‘yib qo‘ydi. Ozodlikning keyingi qo‘ng‘iroqlari javobsiz qoldi.

XS
SM
MD
LG