Oliy Majlis Senati a’zosi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi sobiq raisi 72 yashar Mirabror Usmonov 12 mart kuni koma holatida Olimpiya qo‘mitasi klinikasining jonlantirish bo‘limiga olib kelingan.
Bu haqda Ozodlikka bildirgan Senat va Olimpiya qo‘mitasi mulozimlariga ko‘ra, Usmonov Paxtakor metrosi yonidagi Olimpiya qo‘mitasi klinikasida bexush holatda qolmoqda.
Usmonov joriy yil, 1 mart kuni Toshkentda Oliy Majlis Senatining o‘n sakkizinchi yalpi majlisida oxirgi marta ko‘rinish bergan. Majlisni yoritgan jurnalistning aytishicha, Usmonov oxirigacha o‘tira olmay chiqib ketgan.
Usmonovga aynan qanday tashxis qo‘yilgani hozircha noma’lum. Yaqinlariga ko‘ra, Usmonov o‘pka va nafas yo‘llari bilan bog‘liq xastalik bois klinikaga keltirilgan.
Senator Mirabror Usmonov O‘zbekiston futbol federatsiyasini 2006 yildan 2017 yilgacha boshqargan edi.
Shuningdek, u 2013 yildan 2017 yilgacha Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi bo‘lib ishlagan.
Asli kasbi oshpaz bo‘lgan va mustaqillik yillarigacha Toshkentdagi turli restoranlarda oshpazlik qilgan Usmonov 1990-2005 yillarda savdo vaziri va bosh vazir o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.
O‘zbekistonda shakar importi bilan shug‘ullangan “Baho shakar” - Bahodir Karimjonov 2013 yilda mamlakatdan qochib chiqib ketgani ortidan shakar importi biznesining asosiy monopolisti Mirabror Usmonov ekani aytib kelinadi.