Линклар

Шошилинч хабар
22 ноябр 2019, Тошкент вақти: 02:17

Dushanbe hukumati tojikistonlik bolalarni ID hududidan vatanga qaytarmoqchi


Rasmiy Dushanbe Iroqda hali 92 nafar tojikistonlik bola borligini aytmoqda (arxiv surati)

"Islom davlati" terror guruhining xalifalik barpo etish urinishlari chippakka chiqa borgan sari aksar hukumatlar ID safiga qo‘shilgan fuqarolari bolalaridan yuz o‘girmoqda. Ammo Tojikiston bu borada boshqa yo‘l tutmoqchi.

‒ Biz ularni vatanga qaytarmoqchimiz, ‒ dedi mamlakatning Iroq va Kuvaytdagi elchisi Zubaydullo Zubaydzoda Ozodlik muxbiriga.

Hokimiyat idoralariga ko‘ra, yuzlab tojikistonlik ID safiga qo‘shilish uchun Suriya va Iroqqa jo‘nab ketgan. Rasmiy Dushanbe ushbu masalaga kechirimlilik bilan yondashayotganini aytib keladi. 2015 yili Tojikiston hukumati vatanga o‘z ixtiyori bilan qaytib va zo‘ravonlikdan voz kechganlarga afv e’lon qildi. Bu qarorga vatandoshlarni radikal islom safiga qo‘shilish xavfidan ogohlantirish sifatida qaralmoqda.

O‘tgan yillarda Iroq va Suriyaning ulkan hududini egallagan ID bugungi kunga kelib Suriya sharqidagi kichik bir hududda jon saqlayapti. Bu hududda qurshovga olingan jangarilar va ular oila a’zolarini nima qilish dunyoning aksar hukumatlari uchun jumboq bo‘lib qolmoqda. Qator G‘arb hukumatlari¸ ID safiga qo‘shilgan o‘z fuqarolarini vatandoshlikdan mahrum qildi.

Shunday vaziyatda vataniga qaytishga yo‘l izlayotgan ID jangarilarining oila a’zolari haqidagi chiqishlar jamoatchilik e’tiborini tortmoqda.

Nyu-Jersida tug‘ilgan, “IShID kelini” deb nom olgan va bir safar ijtimoiy tarmoqlarda amerikaliklarni o‘ldirishga da’vat qilgan ayol o‘g‘il farzandi bilan Qo‘shma Shtatlarga qaytish huquqini olish uchun sudga murojaat qildi. AQSh hukumati uning tug‘ilish huquqi bo‘yicha vatandoshligini rad etgan.

15 yoshida Britaniyadagi oilasidan qochib ketib, IShID safiga borib qo‘shilgan o‘smir qiz yaqinda Suriyadagi qochqinlar jamlog‘idan topildi. U o‘zini vatandoshlikdan mahrum qilgan London hukumatiga ortga qaytish hamda chaqalog‘ini “tinch va xavfsiz” qirollikda tarbiyalashga ruxsat berishni so‘rab murojaat qildi. Ammo bu so‘rov rad etildi.

Hozirda 19 ga kirgan bu juvonning chaqalog‘i nobud bo‘lgach, Ichki ishlar vazirligidan “rahmdillik” qilib, qarorini qayta ko‘rib chiqish so‘raldi.

Ayni damda Belgiyada 6 nafar ID hududida tug‘ilgan bolani vatanga qaytarish haqida chiqarilgan sud qarori ustidan berilgan apellyatsiya ko‘rib chiqilmoqda. Fransiya hukumati ID hududida tug‘ilgan va hali balog‘at yoshiga yetmagan bolalardan har birining ishini alohida o‘rganmoqda - Fransiyada ham terrorchilar va ular xotinlarini orqaga qaytarmaslik haqida qonun qabul qilindi.

Ayni choqda Tojikiston hukumati biror tojik bolasini Iroq va Suriyada qoldirish niyati yo‘qligini qayta-qayta ta’kidlamoqda. Bunga ularning ekstremistlar ta’siri kuchli hududlarda qolishi kelgusida mamlakat xavfsizligiga tahdid solish ehtimolidan qo‘rquv sabab bo‘lmoqda.

Tojikiston yaqin vaqtda 75 bolani Bag‘doddan vatanga qaytarish uchun uchoq yuborish taraddudida. Ularning onalari IDga daxldor bo‘lgani uchun Iroq qamoqlariga tashlangan.

Tojikiston vatandoshlarini Iroq va Suriyadan orqaga qaytarish uchun muzokara o‘tkazish vazifasi yuklangan Zubaydzodaning aytishicha, 6 martda bolalarning onalaridan ularni vatanga qaytirish uchun talab etiladigan ruxsat olingan.

Tojikiston hokimiyat idoralariga ko‘ra, Iroqda qamoq muddatini o‘tayotgan 43 nafar tojik ayolining 94 farzandi bor. Zubaydzoda hozircha 17 bola Iroqda qolishini, onalari ularning vatanga qaytishiga ruxsat bermaganini aytdi.

Bunga Tojikistonda farzandlariga qarab turishni istovchi qarindoshlari yo‘qligi sabab qilib ko‘rsatilmoqda. Boshqalari esa¸ farzandlarining onasidan ajralish uchun hali juda yosh ekanini bildirgan. Boshqa ayollar esa Tojikiston “islomiy” bo‘lmagani uchun farzandlari u yerda tarbiyalanishiga rozilik bermagan.

Elchi rasmiy Dushanbe “barcha tojik farzandlari”ni Iroqdan vatanga qaytarish borasida sa’y-harakatlarini to‘xtatmasligini aytdi, ammo tafsilotini ochiqlamadi. U Suriya shimol-sharqidagi qochqinlar jamlog‘ida ushlab turilgan 50 nafar tojik ayoli va farzandini qaytarish uchun alohida ish olib bormoqda.

Oila vaqti

ID jangarilari bolalarining qaytib kelgandan so‘ng tibbiy ko‘rikdan o‘tishi, zarur tibbiy muolaja olishi va emlanishi kutilmoqda.

Rasmiylar bolalar Tojikistondagi yangi hayotga ko‘nikib ketishi uchun ular bilan maxsus o‘qitilgan psixologlar va o‘qituvchilar uzoq muddat ishlashini aytmoqda.

Mart oxirida qaytishi kutilayotgan guruhdagi bolalar qarindoshlarining oilalariga joylashtiriladi. Oldinroq hukumat vakillari o‘sha qarindoshlar bilan bog‘lanib, ularning qonuniy vasiy bo‘lish haqidagi roziligini olgan edi.

Dushanbening Rudakiy tumanida istiqomat qiluvchi Gulchehra Usmonova uch nabirasi yashashi uchun ikki qavatu sakkiz xonali uyini qayta jihozlamoqchi.

Ikki qizu bir o‘g‘il boladan iborat nevaralari 2-8 yosh oralig‘ida. Usmonova qiz nabiralarini umuman ko‘rmagan. Aytishicha, ular Iroqda tug‘ilgan. Ularning onasi Ganjina Usmonzoda eri va o‘g‘li bilan 2015 yili Iroqqa ketgan.

Eri Mo‘sul shahrida o‘ldirilgandan keyin 27 yashar Usmonzodani o‘sha yerda Iroq hokimiyat idoralari hibsga olgan.

− Qizim Ganjina menga fevralda qo‘ng‘iroq qilib, farzandlarini Tojikistonga jo‘natayotganini aytdi. Biz ularni tarbiyamizga olishga tayyor ekanimizni bildirdik, − dedi buvi 6 martda Ozodlik muxbiriga.

Tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi Usmonova nabiralarini tarbiyalash uchun qo‘lidan kelgan “hamma ish”ni qilajagi, yaqin atrofda yashovchi o‘g‘illari yordam qilishga va’da berganini aytadi.U oilasini IDga yashash uchun olib ketgan kuyovini aybdor deb biladi.

Dushanbedagi Shohmansur mahallasida yashovchi Sabzagul Kamolova ham nabiralariinng qaytishini kutayapti.Bag‘dod shahridagi qamoqda jazo muddatini o‘tayotgan qizining 5 farzandi bor. Ularning ikki nafari Iroqdagi ID hududida tug‘ilgan.

− Nevaralarimning uyga qaytishi men uchun zo‘r xushxabar bo‘ldi, − dedi Kamolova. – Qizim 4 farzandini yuborayotganini aytdi, eng kichigini yemayotgani uchun o‘zi bilan olib qolibdi.

Iroq hukumati ID bolalarini chiqarib yubormoqchi

Rasmiy Bag‘dod 2018 yilda tarqatgan xabarga ko‘ra, ushbu mamlakat qamoqxonalarida 14 millatga mansub 833 bola ushlab turilibdi.

− Biz Iroqdagi diplomatik vakolatxonalardan qamoq muddatini o‘tab bo‘lgan o‘z vatandoshlari va ularning jazoga tortilmagan farzandlarini vataniga qaytarishni so‘raymiz, − degan edi 3 iyulda Iroq Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahmad Mahjub.

Tojikiston o‘tgan yili ota-onalari Iroqqa olib ketgan 6 nafar tojik bolani vataniga qaytardi.

Tojikiston hokimiyat idoralariga ko‘ra¸ 2000 ga yaqin tojik vatandoshi 2014 yildan beri ID safiga qo‘shilish uchun Iroq va Suriyaga jo‘nab ketgan.

XS
SM
MD
LG