O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasining alohida muhim ishlar bo‘yicha sobiq katta tergovchisi, Toshkent viloyat, Bo‘ka tuman prokurori lavozimida ishlab kelgan Bahrom Qobilov jinoyat ishi figurantiga aylanganini tergovga yaqin bir necha manba bir-biridan mustaqil ravishda iddao qildi.
Mustaqil manbalar iddaolarini Bo‘ka tuman prokuraturasi ikki xodimidan biri qisman rasman tasdiqladi. Xodim, Ozodlik savoliga javoban, Bahrom Qobilov (rasmiy hujjatlarda Kobilov) 12 mart kuni Bo‘ka tuman prokuraturasidagi o‘z kabinetidan qo‘liga kishan solingan holda olib ketilganini bildirdi.
Ayni paytda Ozodlik gaplashgan Bo‘ka tuman prokuraturasi mulozimi “qo‘lga olinishi hali jinoyatchi ekanligini bildirmasligini, sud hukmi chiqquniga qadar hech bir kishini aybdor deb bo‘lmasligini” uqtirdi.
Tergovga yaqin bo‘lgan huquqshunosning Ozodlikka aytishicha, “qo‘lga olingan Qobilov O‘zbekiston sobiq prokurori Qodirovni tergov qilish paytida unga va ushbu jinoyat ishi figurantlariga nisbatan qiynoq va ruxsat berilmagan tergov usullarini qo‘llaganlikda ayblangan”.
Tergovga yaqin mulozimlarning bir-biridan mustaqil tarzda Ozodlikka bildirishicha¸ Respublika harbiy sudi qarori bilan Qobilovga nisbatan "qamoq" ehtiyot chorasi belgilangan.
Respublika harbiy sudi vakili Ozodlik bilan qisqa muloqot chog‘ida "barcha qaror va hujjatlarga "davlat siri" degan muhr bosilgani va shu bois matbuot hamda jamoatchilikka oshkor qilinmasligini" tushuntirish bilan kifoyalandi.
Namangan huquq-tartibot organlarida ishlovchi mulozimning ismi sir qolish sharti bilan aytishicha, “Qobilovga qarshi 8 mart kuni qo‘lga olingan Namangan viloyat sobiq prokurori Ulug‘bek Toshev ko‘rsatma bergan”.
Bahrom Qobilov tergoviga yaqin boshqa bir zobitning iddaosiga ko‘ra, “Qobilov sobiq bosh prokuror Rashitjon Qodirov ustidan ochilgan jinoyat ishini olib borgan tergov guruhini boshqargan Ulug‘bek Toshev bilan birgalikda “Qodirov ishi” figurantlarini tergov davomida qiynagani yuzasidan” gumon qilingan.
Joriy yilning 8 martida Namangan viloyatining sobiq prokurori Ulug‘bek Toshev qo‘lga olingani haqida Ozodlik xabar bergan edi.
Ozodlik o‘tgan yili e’lon qilgan maqolasida sobiq Bosh prokuror Rashitjon Qodirov ustidan tergov Bosh prokuratura Korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasi tergovchisi Bahrom Qobilov tomonidan olib borilgani haqida ma’lumot bergan edi.
(Rashitjon Qodirov va ish boshqa figurantlarining ko‘pchiligi Bosh prokuratura rasmiy xabariga ko‘ra, 2000-2015 yillar davomida O‘zbekiston Jinoyat kodeksining "Tovlamachilik" (165-moddasi), "Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiste’mol qilish" (205-modda) va "Pora olish" (210-modda) moddalarida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda)
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati Ozodlikning Bo‘ka tuman prokurori [lavozimida ishlab kelgan] Bahrom Qobilov bilan bog‘liq yangilik yuzasidan savollariga hozircha javob bermadi.
Prezident tanqidiga nishon bo‘lgan edi
Jinoyat ishi figurantiga aylanib hibsga olingani iddao qilinayotgan Bahrom Qobilov 2018 yilning 23 oktyabridan beri Bo‘ka tumani prokurori sifatida ishlayotgan edi.
Bahrom Qobilov 2018 yil 14 oktabr kuni prezident o‘tkazgan selektor yig‘ilishi vaqtida paxta hosilini yig‘ib-terib olish ishlaridagi kamchiliklar uchun ishdan olingan prokurorlar ichida bo‘lgan, Prezidentdan tanbeh eshitgan edi.
2018 yilning 12 oktabr kuni prezident Shavkat Mirziyoev Toshkent viloyat, Bo‘ka tumaniga borib qilgan nutqida prokuratura xodimlari va boshqa davlat amaldorlarining faoliyatini keskin tanqid ostiga olgan edi.
Oradan ikki kun o‘tib¸ O‘zbekiston prezidenti selektor majlisi paytida Qobilovni turg‘azib qo‘yib tanbeh bergan edi.
Qobilov prezident tanqidiga nishon bo‘lgan paytda Toshkent viloyat prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i sifatida ishlayotgan edi.
Ana shundan bir hafta o‘tib Qobilovning mavqei pasaytirilib, Bo‘ka tumaniga prokuror qilib tayinlangan edi.
Qobilov 2018 yil iyunida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimidan bo‘shatilgan edi.
Bahrom Qobilov turli yillarda Toshkent shahar, Mirobod tuman prokuraturasida tergovchi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasida alohida muhim ishlar bo‘yicha katta tergovchi lavozimlarida ishlagan.
Keyinroq boshqarma prokurori, 2018 yilning may oyida esa O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi akademiyasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan Kolenko Yevgeniy Vyacheslavovich o‘rniga boshqarma boshlig‘i o‘rinbosariga aylangandi.
Hozir hibsga olingani iddao qilinayotgan prokuror Bahrom Qobilov 2018 yilda jurnalist Bobomurod Abdulla ishida davlat qoralovchisi sifatida ishtirok etgandi.