Линклар

Шошилинч хабар
15 ноябр 2019, Тошкент вақти: 07:02

Sho‘rchilik ayol: O‘quvchi o‘g‘limni dor tagidan qutqarib oldim


Illyustrativ surat.

Surxondaryoning Sho‘rchi tumanida yashovchi Nasiba Iskandarovaning iddaosiga ko‘ra, 11-sinfda o‘qiydigan o‘g‘li "o‘qituvchisi tomonidan kaltaklangach", o‘z joniga qasd qilishga uringan.

Sho‘rchi tuman prokuraturaci ushbu voqea bo‘yicha ochilgan ma’muriy ishni sudga oshirdi.

Tuman xalq ta’limi bo‘limi o‘quvchini kaltaklashda gumonlanayotgan o‘qituvchiga nisbatan hayfsan e’lon qildi.

Sho‘rchilik 38 yashar Nasiba Iskandarovaning 18 mart kuni Ozodlikka ma’lum qilishicha, joriy yilning 23 fevral kuni erta tongda 11-sinfda o‘qiydigan o‘g‘li o‘zini osishga harakat qilgan paytda, uni qutqarib qolgan.

- Molxonaning ayvoniga osgan. Shunday fonarik qaratsam, o‘g‘lim o‘zini osib turibdi. Xudoyimga bir aytganim bor ekan, uydan chiqishim bilan uni ko‘rib qoldim. Yugurib borib oyog‘idan ko‘tardim. Ikkita ip sakkizga o‘xshab turibdi, ikkinchisiga solib, o‘zini osib qo‘yibdi. Srazu borib ko‘tardim, bo‘ynilari qizargan ekan, - deydi Nasiba Iskandarova.

Nasibaning o‘g‘li o‘zini osishga harakat qilganiga oid voqea bo‘yicha mahalla faollari va maktab rahbarlari imzo chekkan dalolatnoma nusxasi Ozodlikda mavjud.

Nasiba Iskandarovaning iddaosiga ko‘ra, o‘g‘li o‘sha voqeadan bir kun avval "o‘qituvchilaridan biri tomonidan kaltaklangan" va o‘g‘li bunga chiday olmay o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘lgan:

- Jismoniy tarbiyadan dars beradigan domlasi o‘g‘limni sport zalga olib kirib, yechinish xonasiga kirgizib, o‘g‘limni tepalab urib ketadi. Rosa qorinlariga tizzalab urib, so‘kib, qovug‘lariga tepgan, - deydi Nasiba Iskandarova.

Ozodlik Nasiba Iskandarovaning o‘g‘li bilan ham gaplashdi. U o‘qituvchisining kaltaklagani alam qilgani uchun o‘zini o‘ldirishga harakat qilgani haqida gapirarkan, bunday dedi:

“Men beayb bo‘lsam, meni nohaq urgani alam qildi. Og‘ildan arqonni olib, oyog‘imning tagiga stul qo‘yib, o‘zimni osdim. Shu payt oyim kelib qoldi. Oyog‘imdan ko‘tarib, tushirib oldi”.

Ushbu voqeadan so‘ng Sho‘rchi tuman xalq ta’limi bo‘limi Nasiba Iskandarovaning o‘g‘lini urganlikda ayblanayotgan o‘qituvchiga nisbatan “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘lladi.

Ozodlik Nasiba Iskandarovaning o‘g‘lini kaltaklaganlikda gumonlanayotgan o‘qituvchi bilan bog‘langanida, u o‘z o‘quvchisini urganligini inkor qildi.

“Menga nohaq xayfsan berishdi. Men uni urmadim, faqat tartibga chaqirmoqchi bo‘lgandim”, dedi ismini oshkor qilmayotganimiz o‘qituvchi.

Sho‘rchi tuman prokuraturasi tomonidan Nasiba Iskandarovaga 6 mart kuni jo‘natilgan hujjatga ko‘ra, uning o‘g‘lini kaltaklaganlikda ayblanayotgan o‘qituvchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik kodeksining 52-moddasi ya’ni “Engil tan jarohati yetkazish” moddasi bo‘yicha ma’muriy javobgarlik ishi ochilgan.

Hozirda ushbu ma’muriy ish bo‘yicha surishtiruv harakatlari tugab, ish sudga oshirilgan.

Nasiba Iskandarovaning Ozodlikka aytishicha, o‘g‘li o‘z joniga qasd qilishga uringanidan so‘ng uni maktabga jo‘natmay qo‘ygan:

"Bolamni kaltaklagan o‘qituvchisi hali ham maktabda ishlayapti. U bizdan bir og‘iz kechirim ham so‘ramadi. O‘g‘lim uni ko‘rsa, asabiylashishi mumkin. O‘sha voqeadan keyin hali ham o‘ziga kela olmayapti".

Maqolani tugatish arafasi ma’lum bo‘lishicha, Nasiba Iskandarovaning o‘g‘li o‘sha voqeadan so‘ng ilk bor bugun -18 mart kuni maktabga bordi.

Nasiba Iskandarova va uning o‘g‘lining Ozodlikka aytishicha, o‘sha voqeadan so‘ng bolaga hech qanday ruhiy ko‘mak -muolaja ko‘rsatilmagan.

Ozodlik bu borada izoh olish uchun maktab rahbariyati bilan bog‘lanishga harakat qildi, biroq natija bo‘lmadi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG