Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:47

Tadbirkorlar: “O‘zto‘qimachiliksanoat” Prezident bergan imtiyozni bizga pullamoqda


«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi uchun yangi binoning shu yerda qurilishi aytilmoqda.
«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi uchun yangi binoning shu yerda qurilishi aytilmoqda.

2017 yili tashkil etilgan «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasiga a’zo korxonalar¸ prezidentning maxsus farmoni bilan 2021 yil yanvariga qadar bojxona boji, QQS (qo‘shimcha qiymat solig‘i)¸ aksiz solig‘i va bojxona yig‘imlaridan ozod etildi.

Ana shu imtiyozlardan foydalanish uchun uyushmaga a’zo bo‘lish haqida ariza topshirgan to‘qimachilik korxonalari¸ Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ uyushma nizomida ko‘rsatilgan a’zolik to‘lovi va oylik badaldan tashqari¸ “homiylik”ka majburlanmoqda.

Uyushmaning 18 mart kuni Ozodlik telefon va Telegram orqali bog‘langan rasmiylari¸ homiylik qilish so‘ralayotganini inkor qilmadi.

Uyushmaga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirgan bir necha tadbirkorning Ozodlikka aytishicha¸ rahbariyat ulardan daromadiga qarab¸ 20 milliondan 100 million so‘mgacha "o‘lpon" talab qilmoqda¸ aks holda a’zolik so‘roviga rad javob bermoqda. Hozirda Mehnat vazirligining eski binosida joylashgani aytilgan uyushma rahbariyati tadbirkorlarga homiylikdan tushgan pullarning o‘zlari uchun yangi bino qurishga sarflanishini iddao qilgan.

Uyushmaning 18 mart kuni Ozodlik telefon va Telegram orqali bog‘langan rasmiylari¸ homiylik qilish so‘ralayotganini inkor qilmadi¸ lekin bu haqda ma’lumot berishga vakolatli emasliklarini aytish orqali tadbirkorlar shikoyatlariga kengroq izoh berishni istamadi.

Savdolashuv

18 mart kuni Ozodlik gaplashgan tadbirkorlar¸ O‘zbekistonning qator viloyatlarida ish boshlagan to‘qimachilik korxonalari mulkdorlaridir. Bu ma’lumotni ochiqlagani uchun «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi rahbariyati qora ro‘yxatiga tushishdan cho‘chigan tadbirkorlar¸ o‘z shaxslari sir tutilishini so‘radi.

Suhbatdoshlardan biri¸ joriy oy «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi rahbariyati a’zolik masalasida uyushtirgan uchrashuvga taklif qilinganlardan biridir.

Uchrashuv ikki qismdan iborat bo‘ldi. Unga har xil viloyatdan kelgan 30 ga yaqin tadbirkor chaqirtirilgan ekan. Avvaliga¸ uyushma raisi Ilhom Haydarov va yana boshqa rahbarlar a’zolik beradigan imtiyozlarni tushuntirishdi. Keyin hammamizni chiqarib yuborib¸ ro‘yxat bo‘yicha bitta-bitta qaytadan chaqirishdi. Bu suhbat a’zolik uchun ochiqcha savdolashuv bo‘ldi – shuna pul o‘tkazsang¸ a’zolik shartnomasi tuzamiz¸ bermasang¸ katta ko‘cha qabilida gap bordi”¸ dedi shaxsan o‘zi bu suhbatdan o‘tgan viloyatlik tadbirkorlardan biri.

Unga ko‘ra¸ paxtadan kiyim-kechak tikadigan¸ yoki ip-kalava chiqaradigan tadbirkor uyushmaga a’zo qilishni so‘rab yozgan arizasida¸ korxonasida nechta odam ishlashi¸ nechta mashina borligi¸ korxona joylashgan joyning kimga qarashli ekani¸ yillik aylanmasi qancha ekani haqidagi ma’lumotni ilova qilgan.

Ozodlik suhbatdoshlari ta’kidicha¸ uyushmaning besh nafar rahbari o‘tkazgan yakkama-yakka suhbatda tadbirkorga qo‘yilgan "o‘lpon" miqdori¸ ana shu ma’lumotga qarab belgilangan.

Tashqariga chiqib¸ o‘zaro gap-so‘zdan bilganim - kichikroq korxonasi bor yigitdan 20 million so‘rashipti¸ 9 million dollarlik investitsiya kiritayapman¸ degan akaga 80 million “soliq” solishipti. 100 million o‘tkazasan¸ degani ham bor. Kim uyushma raisiga¸ “bo‘ldi aka¸ o‘tkazaman”¸ degan bo‘lsa¸ qo‘liga shartnoma berishdi. Rasmiy a’zolik badali – 2 million 67 ming so‘mni to‘lagani haqidagi kvitantsiyani olib kelganidan keyin¸ homiylik kelishuvi tuzilishi¸ aytilgan pul o‘tkazilganini tasdiqlovchi kvitantsiyani bosh buxgalterga berganidan keyin esa¸ a’zolik guvohnomasi berilishini aytishdi. ( Bu guvohnoma bo‘lmasa¸ import imtiëzidan foydalanib bo‘lmaydi -tahr.) "Yo‘q¸ homiylik qilolmayman¸ o‘zi ahvolim yaxshimas¸ bu prezidentning aytganlari to‘g‘ri kelmaydi"¸ deganlarga javob berib yuborishdi. Biz borgan kuni chaqirtirilganlarning yarmi otkaz oldi”¸ deydi o‘ziga ham rad javobi berilgan tadbirkorlardan biri.

Bu tadbirkorning qo‘shimcha qilishicha¸ a’zolikka ariza berganlar bilan uchrashuv deyarli har hafta o‘tkazilmoqda va ularga 30 tadan 50 nafargacha murojaatchi chaqirtirilmoqda.

Tadbirkor “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasiga nega qo‘shilmoqchi?

Ozodlik gaplashgan to‘qimachilik sanoatida ishlayotgan xususiy korxona egalari¸ buning sababini prezident Mirziyoevning 2017 yil 14 dekabr kungi 5255-sonli farmoni bilan izohladi.

«O‘zbekyengilsanoat» AJni tugatish va uning o‘rnida «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasini tashkil etish haqidagi farmonga ko‘ra¸ tashkilotlarning ixtiyoriy birlashuvi deb tasniflangan uyushma a’zolari “to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan paxta, sun’iy va sintetik tola, jun, xom ashyo va boshqa import materiallar uchun 2021 yilning 1 yanvarigacha bojxona to‘lovlari to‘lashdan ozod etildi”. Rasmiy izohda yozilishicha¸ bojxona to‘lovlari tarkibiga bojxona boji, QQS, aksiz solig‘i va bojxona yig‘imlari kiradi.

Bizga o‘xshagan tadbirkorni uyushma a’zoligiga kirishga majburlayotgan narsa¸ ana shu imtiyozni olish. Masalan¸ paxtadan kiyim-kechak tikadigan korxona zamok¸ tugma¸ sun’iy ip va matoni Xitoydan import qiladi. 1 yanvardan bularga 20 foizlik NDS (QQS) solindi. Uyushmaga a’zolik guvohnomasi bo‘lsa¸ bojxona bu soliqni chegirib tashlaydi¸ mol 20 foizga arzonga keladi. Keyin tayyor mahsulotga xaridor ham birinchi bo‘lib¸ NDS bormi-yo‘qmi¸ deb so‘raydi. NDS bo‘lsa - qimmat¸ bo‘lmasa - arzonda molingiz! Uyushmaga bir martalik badaldan tashqari¸ oylik daromadning 0.4 foizi miqdorida badal to‘lash belgilangan. Ammo bular qonuniy to‘lovlarga qanoat qilmay¸ noqonuniy soliq solib¸ a’zolikni pullashayapti”¸ deydi Ozodlik gaplashgan viloyatdagi kichik to‘qimachilik korxonasi egasi.

Ozodlik to‘qimachilik sanoatida faoliyat ko‘rsatayotgan¸ asosan¸ yangi korxona egalarining “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasiga a’zolikning pullanayotgani haqida yo‘llagan ma’lumotiga munosabat so‘rab¸ uyushma rahbariyatiga 18 mart kuni bir necha bor qo‘ng‘iroq qildi.

Rais qabulxonasi xodimlari bu masalada faqat mazkur jarayonga mas’ul Aziz Yoqubovgina javob berishini aytgan bo‘lsa¸ Yoqubov¸ o‘zining seminarda ekani bois¸ gaplasha olmasligini bildirdi.

Tadbirkorlar shikoyatiga bir soat ichida Telegram kanali orqali javob berilishini va’da qilgan uyushma rasmiylaridan biri¸ bu va’dasini bajarmadi – kun davomida uyushmadan hech qanday yozma javob yuborilmadi.

“O‘zto‘qimachiliksanoat" uyushmasi rasmiy saytiga qo‘yilgan rasmiy a’zolar ro‘yxatiga 1470 ta korxona kiritilgan. Prezident bu uyushma a’zolariga soliq imtiëzlari bergunga qadar¸ "O‘zbekyengilsanoat" deb nomlangan jamiyat a’zolari soni 436 ta bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG