Линклар

Шошилинч хабар
06 декабр 2019, Тошкент вақти: 21:10

Prezidentning kenja qizi Nukusda qurilgan maxsus bolalar bog‘chasi yuz ochdisida ishtirok etdi


Shahnoza Mirziyoeva Nukusda ochilgan bog‘cha tarbiyalanuvchisi bilan. 2019, 4 aprel.

4 aprel kuni Nukus shahrida O‘zbekistonda birinchi ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Maktabgacha ta’lim vazirligi matbuot xizmatining bu haqdagi xabariga ilova qilingan suratlarda marosimda Maktabgacha tarbiya vazirligi rahbari Agrippina Shin, vazirlikning Maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shahnozaxon Shavkatovna Mirziyoeva (O‘zbekiston prezidentining qizi), boshqa rasmiylar va jamoatchilik vakillari ishtirok etganini ko‘rish mumkin.

Shahnoza Mirziyoeva (o‘rtada) Nukus, 2019, 4 aprel
Shahnoza Mirziyoeva (o‘rtada) Nukus, 2019, 4 aprel

Maktabgacha ta’lim vazirligi matbuot xizmatiga ko‘ra, mazkur muassasa turli jismoniy nuqsonlari bo‘lgan bolalarni ijtimoiy-madaniy muhitga jalb etish, ularni maktabgacha ta’lim va sog‘lomlashtirish reabilitatsiyasi bilan ta’minlash imkonini yaratib beradi.

“Nukus shahridagi reabilitatsiya-ta’lim muassasasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 avgustdagi “Orolbo‘yi mintaqasi bolalari uchun reabilitatsiya markaziga ega bo‘lgan davlat ixtisoslashtirilgan ko‘p tarmoqli maktabgacha ta’lim muassasasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3909-sonli qaroriga muvofiq tashkil etildi. Ushbu maktabgacha ta’lim muassasasi 120-150 nafar imkoniyati cheklangan tarbiyalanuvchilarga mo‘ljallangan”, deyiladi Maktabgacha ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabarida.

Aytilishicha, Nukus shahrida reabilitatsiya-ta’lim muassasasining qurilishi va uning jihozlanishi xorijiy va mahalliy investorlarning beg‘araz yordami hisobidan to‘liq amalga oshirilgan.

Maydoni 3 447 kv. metr bo‘lgan ikki qavatli binoda standart xonalardan tashqari basseyn, davolash-jismoniy tarbiya zali, 2ta fizioterapiya xonasi, 2ta massaj xonasi, sensor xonasi, mayda motorikani rivojlantirish, ijtimoiy-maishiy moslashish, musiqa va art-terapiya xonasi, ortoped, psixolog, pediatr, dietolog, logoped, reabilitolog, psixonevrolog, metodist va navbatchi shifokor xonalari mavjud.

“Orolbo‘yi mintaqasida bolalar salomatligi masalasi dolzarb bo‘lib qolmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2018 yilning 1 yanvar holatiga 7 yoshgacha bo‘lgan nogiron bolalar soni 2013 yilga nisbatan 17,5 foizga oshdi. Shu munosabat bilan respublika Prezidentining tashabbusiga ko‘ra, Nukus shahrida O‘zbekistonda birinchi reabilitatsiya-ta’lim muassasasi tashkil etildi. Bu yerdagi bolalar ilgari ijtimoiy-madaniy muhitga qo‘shila olmas edilar. Ko‘p tarbiyalanuvchilar hayotining asosiy qismini uy devorlari ortida o‘tkazardilar. Shuningdek, biz Nukus shahrida erta aralashish tamoyilini amalga oshirishni boshlamoqdamiz. Ma’lumki, bola miyasining 85 foizi hayotining birinchi 5 yili mobaynida rivojlanadi. Jismoniy rivojlanishida turli nuqsonlari bo‘lgan bolalar haqida gap ketganda, mashg‘ulotlarning har bir kuni muhim ahamiyatga ega. Korreksion-rivojlantiruvchi ishlarni o‘z vaqtida amalga oshirishni ta’minlash maqsadida biz ushbu maktabgacha ta’lim muassasasiga qabul qilish yoshini 3 yoshdan 2 yoshgacha pasaytirdik”, - degan Maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin.

Nukus shahridagi ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasasi Orolbo‘yi mintaqasining chekka hududlarida yashovchi bolalar ushbu muassasada tunda qolishi uchun haftasiga 5 kun mobaynida tunu-kun ishlaydi. Kunning birinchi yarmida tarbiyalanuvchilar maxsus pedagogika bo‘yicha malaka oshirish kurslarini tamomlagan tarbiyachilar bilan o‘quv dasturi bo‘yicha shug‘ullanadilar, kunning ikkinchi yarimda esa shtatdagi tibbiy xodimlar nazorati ostida sog‘lomlashtirish-reabilitatsiya muolajalaridan o‘tadilar, deb xabar qildi Maktabgacha ta’lim vazirligi matbuot xizmati.

Prezidentning kenja qizi

Prezident Shavkat Mirziyoevning kenja qizi Shahnoza Mirziyoevaning O‘zbekistonda yangi tashkil etilgan Maktabgacha ta’lim vazirligidagi lavozimi o‘tgan yilning yanvarida e’lon qilingan edi.

Vazirlik saytiga joylashtirilgan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Shahnoza Shavkatovna Mirziyoeva Maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosaridir.

Ushbu boshqarma davlat, nodavlat va muqobil ko‘rinishdagi bolalar bog‘chalari faoliyatini tashkil etish bilan shug‘ullanishi yozilgan.

Shahnoza Mirziyoeva dastlab 2017 yil, 19 dekabr kuni prezident Mirziyoev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida vazir Agrepina Shinning yonida o‘tirgandi.

Shahnozaning eri, Mirziyoevning kichik kuyovi Otabek ​Umarov "qaynotasining tansoqchisi", degan ma’lumotlar mavjud.

XS
SM
MD
LG