Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2021, Тошкент вақти: 09:00

Yuridik shaxs bo‘lgisi kelmayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar biznesini to‘xtatmoqda


Qurilish mollari sotiladigan do‘kon, Marg‘ilon (illyustrativ surat)

Shu kunda mamlakat bo‘ylab qurilish materiallari, sement, shifer, yog‘och va yog‘och mahsulotlari chakana savdosi bilan shug‘ullanayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar (YaTT) faoliyati tugatilmoqda.

Ozodlikka murojaat qilayotgan yakka tadbirkorlar ulardan yuridik shaxsga aylanish talab qilinayotgani, aks holda tadbirkorlikni to‘xtatishga majbur bo‘layotganini aytmoqda.

Davlat soliq qo‘mitasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, bu o‘zgartishlar tadbirkorlar o‘rtasida soliqdan qochish holatining oldini olishga qaratilgan.

Marg‘ilondagi YaTT

Marg‘ilon va Samarqand shaharlaridan Ozodlik bilan bog‘langan tadbirkorlar soliq inspeksiyasi xodimlari fevral-mart oylarida do‘konma-do‘kon yurib, tadbirkorlarni shirkat ochishga majburlaganini xabar qildi.

Ismini sir saqlash sharti bilan Ozodlikka gapirgan ikki marg‘ilonlik tadbirkorning aytishicha, shu kunda shahardagi 2 mingdan ortiq YaTT ishini tugatgan, bir qanchasi yuridik shaxs sifatida firma ochgan, ayrimlari esa do‘konini yopib qo‘ygan.

Tugatilayotgan YaTTlar, tadbirkorlardan olingan ma’lumotga ko‘ra, asosan qurilish mollari sotadigan, tayyorlaydigan tadbirkorlardir.

"Men kuni kecha YaTTni yopdim - majbur qilishdi. Endi firma ochsam, kamida 4 kishiga ish berishim kerak ekan. Ularga pensiya jamg‘armasi uchun to‘lashim kerak, soliqlarim oshadi - xullas, har oyda kamida 2 million so‘m ortiqcha harajat. Buning ustiga, bankdagi pulimga ham hokimiyat xo‘jayinlik qiladi. O‘zi zo‘rg‘a savdo qilib turgan bo‘lsak, faqat to‘lov uchun ishlaymizmi unda?! Nega bizni YaTTdan chiqarib tashlayapti - tushuntiradigan odam yo‘q", dedi ismini oshkor qilmasligimizni so‘ragan marg‘ilonlik tadbirkor.

Marg‘ilonlik tadbirkorlarning aytishicha, yakka tartibdagi tadbirkorlar yuridik shaxsga aylangan taqdirda har oyda davlatga to‘lanadigan to‘lovlar miqdori keskin ortishidan norozi bo‘lmoqda.

Bu kabi shikoyatlar Ozodlikka boshqa viloyatlardan ham kelmoqda.

Samarqanddagi YaTT

Samarqand shahrida yillardan buyon yakka tartibda ishlayotgan tadbirkor ham biroz muqaddam Ozodlikka murojaat qilgan.

"Soliqchilar hamma yakka tartibdagi tadbirkorlarni firma ochasan, deb majburlayapti. Bu to‘g‘rimi? Hatto mayda do‘konlarni ham ishlagani qo‘ymayapti. YaTT uchun bir oylik soliq 1 mln. so‘m atrofida. Firma bo‘lsa, kamida 2 baravarga oshadi", dedi ismini sir saqlagan samarqandlik tadbirkor Ozodlik bilan mikrofonsiz muloqotda.

U Samarqand shahar hokimligi tomonidan taqdim qilingan rasmiy bildiruv nusxasini Ozodlikka taqdim qildi.

Sement, yog‘och, alyuminiy (plastik) eshik-rom...

Samarqand hokimiyati bergan hujjatda aytilishicha, 2019 yilning 1 yanvaridan yakka tartibdagi tadbirkorlarga:

- qurilish materiallari, sement, shifer, yog‘och va yog‘och mahsulotlari, alkogolli va tamaki mahsulotlari, neft mahsulotlarining barcha turlari, yangi import avtomobillar, farmatsevtika tovarlarini sotish taqiqlanadi.

Bundan tashqari, alyuminiy (plastik) profildan eshik, deraza va boshqa buyumlar tayyorlash, avtotransport vositalarini yuvish kabi faoliyat turlari bilan shug‘ullanish ham taqiqlanadi.

Bu yo‘nalishda ishlash yoki bunday mahsulotlarni sotish uchun tadbirkor endilikda yuridik shaxs maqomini olish shart.

Samarqand shahar hokimiyati tomonidan tadbirkorlarga tarqatilgan hujjatda, shuningdek, yuridik shaxs maqomini olgan taqdirda paydo bo‘ladigan majburiyatlar ham ko‘rsatilgan.

Ushbu hujjatda, Ozodlikka kelgan shikoyatlarda aytilganidek, tadbirkorlar shirkat ochgan taqdirda soliq to‘lovlari oshishi aks etgan.

14 turdagi faoliyat YaTTdan nega olindi?

Tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan asosiy savol - "Nega aynan qurilish mollari sotadigan YaTTlar tugatilmoqda?" degan savolga javob sifatida Marg‘ilon shahar soliq inspeksiyasi hamda respublika soliq qo‘mitasi 2018 yilning 22 oktabrida qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 850-sonli qarorini keltirmoqda.

Ushbu qaror bilan YaTTlar ruxsat berilgan 84 yo‘nalishdagi faoliyat turining, asosan, qurilish mollari savdosi, alyuminiy eshik-rom va boshqa buyumlarni tayyorlash, transport vositalarini yuvish kabi 14 turi bilan shug‘ullanish taqiqlangan.

Davlat soliq qo‘mitasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, bu o‘zgartishlar tadbirkorlar o‘rtasida soliqdan qochish holatining oldini olishga qaratilgan.

Shuningdek, ushbu hujjat munosabati bilan Adliya vazirligi e’lon qilgan materialda esa, YaTTlarning soliqdan qanday qochayotgani va buning oldini qanday olish mumkinligi shunday tushuntirilgan:

"Xususan, avtotransport vositalarini yuvish faoliyatini tashkil etgan tadbirkorlar qo‘lida amalda o‘nlab shaxslar ishlaydi. Lekin ushbu tadbirkor YaTT sifatida ro‘yxatdan o‘tgani sababli, ular aslida to‘lashi kerak bo‘lgan soliqning yarmini ham to‘lamaydilar.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq yakka tartibdagi tadbirkorlik jismoniy shaxs tomonidan amalga oshiriladi. Bunda YaTT 3 kishigacha shaxsni yollashi mumkin.

Ya’ni, mohiyatan ham yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan faoliyat turlari bilan YaTT shug‘ullana olmaydi. Masalan, ma’lumotlarga ko‘ra, alyuminiy (plastik) profildan eshik, deraza va boshqa buyumlar tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi sexda o‘rtacha 5 ‒ 15 kishi faoliyat yuritadi".

XS
SM
MD
LG