Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:46

Amnesty International prezident Shavkat Mirziyoevni sudlanayotgan sobiq bosh prokuror huquqini ta’minlashga chaqirdi


Sobiq bosh prokuror Rashitjon Qodirov.
Sobiq bosh prokuror Rashitjon Qodirov.

Amnesty International korrupsiyada ayblanib qamoqda saqlanayotgan O‘zbekistonning sobiq Bosh prokurori Rashitjon Qodirov qiynoqlarga solingan bo‘lishi ehtimolidan tashvish bildirdi.

Amnesty International 8 aprel kuni bu borada prezident Shavkat Mirziyoevga yo‘llangan maktubni e’lon qildi. Maktubda xalqaro tashkilot o‘zbek prezidentini “Rashitjon Qodirov va u bilan birga tergov qilinayotgan 12 nafar shaxsni qiynoqlarga solinishdan, noinsoniy munosabatdan himoya qilishni ta’minlash hamda zarur bo‘lgan malakali tibbiy yordam olishiga imkoniyat yaratib berish”ga chaqirgan.

Xalqaro tashkilot maktubida “ishonchga sazovor manbalar” 2018 yilning 21 fevral kuni qo‘lga olingan Rashitjon Qodirov “jismoniy zo‘ravonlikka duchor etilgani, uning uxlashiga to‘sqinlik qilingani va boshqa noinsoniy munosabatlarga duch etilgani” to‘g‘risida ma’lumot berganlari bildiriladi.

Joriy yilning 18 mart kuni tergovga yaqin bo‘lgan huquqshunos Ozodlik radiosiga Rashitjon Qodirovni tergov qilgan Bo‘ka tuman prokurori lavozimida ishlab kelgan Bahrom Qobilov hibs qilinganini bildirgan edi.

Manbaning aytishicha, “qo‘lga olingan Qobilov O‘zbekiston sobiq prokurori Qodirovni tergov qilish paytida unga va ushbu jinoyat ishi figurantlariga nisbatan qiynoq va ruxsat berilmagan tergov usullarini qo‘llaganlikda ayblangan”.

O‘zbekistonga 15 yil Bosh prokuror bo‘lgan 67 yashar Rashitjon Qodirov Shavkat Mirziyoev hokimiyatga kelganidan keyin korruptsiyada ayblanib hibsga olingan eng yuqori lavozimli sobiq rahbardir.

2019 yilning 7 yanvar kuni Rashitjon Qodirovga nisbatan sud jarayoni boshlangani va sud yopiq holatda o‘tayotgani xabar qilingan edi.

1 mart kuni esa Ozodlik manbalari jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudida davlat ayblovchisi sudlanuvchi Rashitjon Qodirovga yangi ayblov e’lon qilganini aytgan edilar.

Sobiq Bosh prokurori endilikda jinoiy uyushma tashkil etishda ham ayblanmoqda. Qodirovning jinoiy sheriklari sifatida sudlanayotgan 12 kishiga jinoiy uyushmaga a’zolik ayblovi qo‘yilgan.

Rashitjon Qodirov va aksar sudlanuvchilar¸ Bosh prokuratura rasmiy xabariga ko‘ra, 2000-2015 yillar davomida O‘zbekiston Jinoyat kodeksining "Tovlamachilik" (165-moddasi), "Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish" (205-modda) va "Pora olish" (210-modda) moddalarida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgan edi.

Hozircha sudning qancha davom etishi¸ uning qachon hukm chiqarishi haqida ma’lumot yo‘q.

XS
SM
MD
LG