Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:26

Peterburg teraktida tirik qolgan jabrlanuvchi suddan sudlanuvchilarga adolat so‘radi


Shohista Karimova sud zalida
Shohista Karimova sud zalida

Leningrad okrug harbiy sudida 2017 yilda metroda sodir etilgan terror hujumiga aloqadorlikda ayblanayotgan o‘zbekistonlik va qirg‘izistonlik muhojirlar ustidan sud jarayoni davom etmoqda.

Sudning 11 aprel kungi majlisida jabrlanganlardan biri Zaur Veliev sud hay’atidan adolatli bo‘lish va gunohsizlarni qamamaslikni so‘radi.

11 aprel kuni Leningrad okrug harbiy sudida 2017 yilning 3 aprelida Peterburg metrosida sodir bo‘lgan portlashga aloqadorlikda gumonlanayotgan o‘zbekistonlik va qirg‘izistonlik 11 nafar muhojir ustidan sud mahkamasi davom etdi.

O‘sha portlashda tirik qolgan 30 yashar Zaur Veliev sud ga guvoh sifatida ko‘rsatma berdi.

Sud oldidagi qilgan chiqishida aytganlari uchun unga, eng avvalo, panjara ortida o‘tirgan ayblanuvchilar minnatdorchilik bildirdi.

- Ko‘plab odamlar nobud bo‘lgani, hatto men o‘zim ham halok bo‘lishim mumkinligiga qaramasdan, men sizlardan adolatli hukm chiqarishni, aybsiz odamlar jabr ko‘rmasligini o‘tinib so‘rayman, dedi tirik qolgan yo‘lovchi Zaur Veliev.

Jabrlanuvchi Zaurning bu so‘zlaridan so‘ng sud zaliga chuqur sukunat cho‘kdi.

Birdan OMONchilar qo‘riqlayotgan panjara ichkarisidan o‘zbekistonlik Shohista Karimovaning ovozi eshitildi.

- Katta rahmat sizga! - dedi o‘rniga qaytib o‘tirayotgan Zaur Velievga terrorchilikda ayblanib, bundan 2 yil oldin hibsga olingan idish yuvuvchi Shohista Karimova.

Jabrlanuvchi Velievga sud majlisida ishtirok etayotgan Muhammadyusuf Mirzaalimovning onasi ham minnatdorchilik bildirdi.

11 aprel kungi sud majlisida ham ayblanuvchilar bir ovozdan terrorchi emasliklari va bu jinoyatga aloqalari yo‘qligini takrorladilar.

Ko‘chmas mulk sotish bilan shug‘ullanadigan Zaur Veliev 16 kishining o‘limida gumonlanayotgan Akbarjon Jalilovdan ikki qadam narida turgan va tirik qolgan yagona guvohdir. U moddiy va ma’naviy zararni qoplashni talab qilmagan yagona jabrlanuvchi hamdir.

- Hech qanday pul sog‘likni tiklab bermaydi va sodir bo‘lgan narsani xotiradan o‘chira olmaydi. Shunday ekan, pul so‘rashning nima hojati bor? Ba’zan tirik qolganimga hayron qolaman. O‘sha hodisa tafsilotlari hanuzgacha yodimda: vagonga kirgan ko‘zoynakli yosh yigitning oqarib ketgan rangi va buning ortidan bir necha daqiqadan keyin sodir bo‘lgan portlash meni hanuzgacha dahshatga solib keladi, - dedi Zaur Veliev.

Mahkama davomida Zaur ikki oy shifoxonada davolangani, qovurg‘alari singani, bir qulog‘ining pardasi yirtilgani va ko‘plab portlovchi modda parchalaridan jarohatlangani ma’lum bo‘ldi.

  • Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri metrosida bundan ikki yil oldin sodir bo‘lgan portlash bilan bog‘liq ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha 2 aprel kuni sud jarayoni boshlangan edi.
  • Terrorchilik akti sifatida malakalangan jinoyat ishi doirasida qirg‘izistonlik, tojikistonlik va o‘zbekistonlik 11 kishi sudlanmoqda.
  • Sud boshlanishidayoq ayblanuvchilardan biri – Muhammadyusuf Ermatov unga nisbatan FSB tomonidan qiynoqlar qo‘llanilgani to‘g‘risida bayonot bergani to‘g‘risida Ozodlik xabar bergandi.
  • Terrorchilikda ayblanayotganlar asosan O‘zbekiston va Qirg‘iziston, bir nafari Tojikiston grajdanlari - aka-uka Abror va Akrom Azimovlar, aka-uka Ibrohim va Muhammadyusuf Ermatovlar, Shohista Karimova, Mahamadyusuf Mirzaalimov, Dilmurod Mo‘ydinov, Sayfullo Hakimov, Bahrom Ergashev, Sodiq Ortiqov va Azamjon Mahmudovlardir.
  • 2017 yilning 3 aprelida Peterburg metrosida portlash sodir bo‘lib, 16 odam, jumladan xudkush ekani iddao qilinayotgan 22 yoshli Qirg‘iziston fuqarosi Akbarjon Jalilov halok bo‘lgan edi. Portlashda 103 odam jarohatlangan. O‘lganlarning 9 nafari ayol, 7 nafari erkak edi.
XS
SM
MD
LG