Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 05:11

Shayxontohur soliqchilari 5 aprel kuni yoppasiga ishdan bo‘shatildi - raddiya rad etildi


Shayxontohur tuman davlat soliq inspeksiyasi yangi rahbari 5 aprel kuni chiqargan 53-sonli buyruqqa muvofiq, 128 nafar xodim bilan “muayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasi 2019 yil 5 apreldan bekor qilingan”, ular egallab turgan lavozimidan “bo‘shatilgan”.

15 aprel kuni Ozodlikka nusxasi yuborilgan mazkur buyruqqa asos qilib¸ xodimlarning o‘z “arizasi” keltirilgan.

Tazyiqlardan cho‘chigani bois¸ Ozodlikka shaxsi ochiqlanmaslik sharti bilan 15 aprel kuni gapirgan Shayxontohur soliq inspeksiyasining endilikda sobiq xodimlari¸ bu arizaning qattiq qo‘rqituv ostida olingani va o‘zlarining Mehnat kodeksiga zid ravishda¸ kompensatsiyasiz¸ boshqa ish topish imkonisiz ko‘chaga haydalganlarini bildirdi.

6 aprel kuni Ozodlikka bergan rasmiy bayonotida Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati¸ Shayxontohur tuman davlat soliq inspeksiyasi xodimlarining ishdan bo‘shatilgani haqidagi xabarni rad qilgan edi. Qo‘mita rahbariyati¸ bu bayonotni yolg‘onga chiqaruvchi buyruqning 5 aprel kuni qabul qilingani haqidagi ma’lumotga 15 aprel kuni izoh bermadi.

“Shayxontohur soliqchilari prezidentning qahriga uchradi”

Toshkent shahar Shayxontohur tumani davlat soliq inspeksiyasi xodimlarining bitta buyruq bilan yoppasiga ishdan bo‘shatilishi prezident Shavkat Mirziyoevning aynan soliq tushumlari bo‘yicha o‘tkazgan maxsus majlisining ertasiga amalga oshirildi.

4 aprel kungi videoselektorda davlat byudjetiga soliq tushumlari bo‘yicha belgilangan rejaning bajarilmagani uchun ayniqsa¸ Toshkent shahri¸ xususan esa¸ Shayxontohur tumani prezidentning keskin tanqidga uchragan.

Shu majlisda prezident Toshkentdagi eng katta tumanlardan bo‘lgan Shayxontohur soliq inspeksiyasi rahbarini o‘zi ishdan oldi va bu tumandagi soliqchilarni yo‘qot¸ deb buyruq bergan. Ertasigayoq bizga yugurib kelishdi va o‘zlarining prezident topshirig‘ini bajarayotganlarini ochiq aytishdi”¸ dedi mazkur tuman soliq inspektsiyasi mas’ullaridan biri.

Ozodlikka gapirgan Shayxontohur tuman soliq inspeksiyasining uzoq yillik xodimlariga ko‘ra¸ 5 aprel kuni soat 14:00 da Davlat soliq qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Olimjon Fayziboev shayhontohurlik soliqchilar bilan uchrashgan va ularga yoppasidan ishdan bo‘shatilganini e’lon qilgan.

Bizga ochiqchasiga aytishdi – yo imi-jimida o‘z xohishim bilan bo‘shatishingizni so‘rayman¸ degan ariza yozasan¸ yozmasang¸ ishingdan xato topib¸ jinoiy ish ochib¸ qamatib yuboramiz¸ deyishdi. Bilasiz¸ bizda odam bormi¸ demak delo ham bor. Majlisda shahar xavfsizlik xizmati boshliqlari ham qatnashdi. U yoq-bu yoqqa yozsalaring¸ o‘zlaringga yomon bo‘ladi. Indamasalaring¸ kamida elliktangizni qaytarib ishga olamiz¸ qolganlaringizga kompensatsiya beramiz¸ deyishdi”¸ dedi Ozodlik gaplashgan soliqchilardan biri.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ tuman inspeksiyasida ishlovchi 133 xodimdan 128 nafarining bitta buyruq bilan bo‘shatilganidan ko‘pchilik joriy hafta oxirida xabar topgan.

Bizga bu buyruqning nusxasini berishmadi¸ Ozodlikka chiqib ketmasin deb qo‘rqishdi shekilli. Uzoqdan ko‘rsatilgan 53-sonli buyruq 5 aprel kuni chiqarilgan va unga tuman inspeksiyasining yangi tayinlangan rahbari Valiev qo‘l qo‘ygan"¸ deydi Ozodlikka gapirgan Shayxontohur tuman sobiq soliqchilaridan biri.

“Pensiyaga chiqishiga bir yil qolganlar ham ko‘chaga haydaldi”

15 aprel kuni Ozodlikka soliq tizimida ishlovchi mas’ullardan biri tomonidan yuborilgan 5 aprel kungi buyruq nusxasida “buxgalteriyaga ishdan bo‘shatilgan har bir xodim bilan to‘liq hisob-kitob qilish vazifasi topshirilsin”, deb yozilgan.

Shayxontohur tuman soliq inspeksiyasi sobiq xodimlariga ko‘ra¸ bu hisob-kitob ularga aprelning 5 ish kuni bo‘yicha haq to‘lash bilangina cheklangan.

Mehnat kodeksiga ko‘ra¸ mehnat shartnomasining bekor qilinishi ikki oy oldin aytilishi va boshqa ish qidirish uchun bizga har haftada bir kun ajratilishi kerak. Aks holda¸ bular bizga kamida ikki oylik ish haqimizni kompensatsiya qilib to‘lashi kerak. Bular qonunchilikni ochiqchasiga buzib¸ bizga kompensatsiya ham¸ boshqa ish ham taklif qilayotgani yo‘q. Pensiyaga chiqishiga bir yil qolganlar bor¸ yakka o‘zi oila boqayotgan ayollar bor¸ ipotekaga qarz olganlar bor – hamma yoppasiga ko‘chaga haydalmoqda”¸ dedi Ozodlikka gapirgan sobiq soliqchilardan biri.

Toshkent shahar Shayxontohur tumani davlat soliq inspeksiyasi xodimlarining yoppasiga ishdan haydalgani haqida Ozodlik 6 aprel kuni xabar bergan edi.

Ozodlik xabarini o‘sha kuniyoq inkor qilgan Davlat soliq qo‘mitasi Matbuot xizmati¸ “faqatgina Toshkent shahar Shayxontohur tumani davlat soliq inspeksiyasi rahbari lavozimidan ozod etilgani¸ boshqa xodimlarni ishdan bo‘shatish to‘g‘risida hech qanday buyruq qabul qilinmagan”ini bildirgan edi.

Soliq qo‘mitasi rahbariyati bu bayonotini inkor qiluvchi buyruqning 5 aprel kuni chiqarilgani haqida munosabat bildirishni so‘rab Ozodlik 15 aprel kuni yo‘llagan murojaatlarga hozircha izoh bermadi.

XS
SM
MD
LG