Линклар

Шошилинч хабар
10 декабр 2019, Тошкент вақти: 04:34

Tojikiston musulmonlari diniy idorasi harbiy xizmatga oid fatvo chiqardi


Tojikiston. Harbiy xizmatga chaqiriluvchilar yig‘ini. Dushanbe shahri, 2019, 14 aprel.

Tojikiston musulmonlari diniy idorasi - Ulamolar kengashi kuni kecha chiqargan fatvoda harbiy xizmatdan bo‘yin tovlash katta gunoh ekani, chaqiruv yoshidagi yigitlarning harbiy xizmatdan bo‘yin tovlashiga yordam berganlar, shu jumladan ota-onalar ham gunohga botishi uqtirildi.

Tojik ruhoniylarining fikricha, armiyada xizmat qilish – jamiyatda tutgan mavqeidan qat’inazar jismonan sog‘lom bo‘lgan har bir musulmon oldidagi burchdir. Vatanga muhabbat, millatga va o‘z madaniyatiga sadoqat, mamlakat hududiy yaxlitligini himoya qilish – haqiqiy iymonning belgisidir. Harbiy xizmatdan bo‘yin tovlash haqiqiy musulmonning ishi emas, deyilgan Tojikiston Ulamolar kengashi fatvosida.

Kengash fatvosi respublikada chaqiruv kampaniyasi davom etayotgan vaqtga to‘g‘ri keldi.

"Qachonki yosh yigit o‘zini kasalga solib yoki qobiliyatsizligini namoyon etsa, turli sabablar bilan armiya xizmatidan qochsa, u dahshatli gunohga botadi yoki gunohkor bo‘ladi", – dedi Islom markazi fatvo boshqarmasi rahbari Jamoliddin Xomushi. Uning fikricha, bu kabi odamlar diniy nuqtai nazardan vatan xoinlari hisoblanadi.

So‘nggi to‘rt yilda mamlakatda armiyaga chaqiruv rejasi muddatdan avval bajarilmoqda. Rasmiylar buni “yoshlarni to‘g‘ri tarbiyalash” bilan izohlashmoqda. Ammo huquq himoyachilari fuqarolarning ongli ravishda tushunib yetishlaridan boshqa sabablar ham borligini aytishadi.

"Komissariatlar chaqiruv yoshidagilarni ko‘chalarda o‘tkaziladigan noqonuniy reydlar yordamida armiyaga olib ketishadi, to‘g‘ri, bu kabi holatlar yil sayin kamayib bormoqda. Shu bilan birga Tojikiston aholisining uchdan bir qismi qashshoqlikda kun kechiradi, yoshlar, ayniqsa qishloq yoshlari to‘yib ovqat yeyish maqsadida armiyaga ketmoqda. Bu harbiy qismlardan birida Fuqaro erkinliklari Ofisi tomonidan o‘tkazilgan monitoring vaqtida olingan intervyuda ma’lum bo‘ldi", - dedi tashkilot yuristi O‘g‘uloy Boboeva.

Dushanbe aholisi ko‘pincha o‘z farzandlari armiya xizmatiga borishni istamaydi. Birinchi navbatda ularni tojik armiyasida yuz beradigan tartibbuzarliklar xavotirga soladi.

Ayni paytda Tojikistonda chaqiruv kampaniyasi natijalariga bag‘ishlangan oraliq hisobotlar tayyorlanmoqda. Umuman olganda respublikada reja bo‘yicha chaqiruv yoshidagilarning 36% xizmatga yo‘l olgan.

Fatvo u yoki bu masala yuzasidan muftiy yoki islom ruhoniylari tomonidan chiqariladigan qaror bo‘lib, musulmonlarning turmush tarzini muvoffiqlashtirib turadi. Agar mamlakat dunyoviy bo‘lsa fatvoni buzganlar jazoga tortilmaydi, ammo diniy jamiyatda gunohkorlar jazolanadi. Tojikiston, aholisining katta qismi musulmon bo‘lishiga qaramay, dunyoviy davlat hisoblanadi.

XS
SM
MD
LG