Ukrainaliklar prezidentlikka nomzodlardan birining sahnada qo‘shiq aytib, o‘yinga tushishiga ko‘nikib qolgan. U amaldagi prezident Petro Poroshenko emas.
Lekin 14 aprelda Kievdagi “Olimpiyskiy” stadionida bo‘lib o‘tgan saylovoldi mitingida sariq kombinezon kiyib olgan kishilar oldida 53 yashar kishi gir aylanib, mushtlarini silkitdi.
U saylovga bir hafta qolganda siyosatchi sifatida omon qolish uchun kurashmoqda.
Yordamchilari aytishicha, yana bir bevosita olib ko‘rsatilgan tadbirda Poroshenko taxminan bir soat davomida 70 ming o‘rinlik stadionga kelgan bir necha ming kishi oldida chiqish qilib, ular bilan vatanparvarlik qo‘shiqlari kuyladi, tarafdorlari bilan selfi-suratlarga tushdi.
Bir necha kun oldin bo‘lib o‘tgan matbuot konferensiyasida Poroshenko ikkinchi muddat haqida gapirib, bajarilmay qolgan va’dalari ustidan chiqish uchun yana bir muddat berishlarini so‘radi. Chunki uning obro‘si butunlay tushib ketdi.
Boshqa nomzod - qiziqchi Zelenskiy Poroshenko bilan munozara qilishdan bosh tortdi, buning o‘rniga Poroshenkoni 19 aprelda stadionda yakkama-yakka tortishuvga chaqirdi.
Amaldagi prezident muxolifining nomi yozig‘lig-u, ammo bo‘sh turgan minbar yonida turib, dastlabki besh yillik muddatda yo‘l qo‘ygan xatolari uchun kechirim so‘radi va ikkinchi muddatda yaxshiroq ishlashga va’da berdi. Vaholanki, u saylovoldi kampaniyasining birinchi bosqichida Ukrainaning G‘arb sari tanlagan yo‘lida, mamlakat pravoslav cherkovi mustaqilligini ta’minlashda, 13 ming kishi o‘limiga va mamlakat hududining ancha qismini ayirmachilar egallab olishiga sabab bo‘lgan Rossiya tajovuziga barham berishda yo‘lboshchilik qilishday yutuqlari bilan maqtangan edi.
− Xatolarga yo‘l qo‘yildimi? Kelinglar, xatolar haqida gaplashamiz, ‒ dedi mutlaqo o‘ziga xos bo‘lmagan tarzda Poroshenko. ‒ Ha, xatolar bor, men ularni tan olaman. Faqat hech ish qilmaydigan odamning xatosi bo‘lmaydi.
Birinchi turda Zelenskiydan qariyb ikki barobar kam ovoz olgan Poroshenko (mos ravishda 30,24 foiz va 15,95 foiz) endi o‘zgarishlar sur’ati pastligidan, korrupsiya darajasi ortib ketganidan va mamlakat sharqida davom etayotgan urushdan hafsalasi pir bo‘lgan saylovchilar ishonchi qozonmoqchi.
O‘tkazilayotgan so‘rovlar natijasiga ko‘ra, 21 aprelda bo‘ladigan prezident saylovining ikkinchi turida 41 yashar Zelenskiyga 72,2 foiz, qandolatchi millarderga esa 25,4 foiz saylovchi ovoz bermoqchi.
Poroshenko matbuot anjumani chog‘ida prezident sifatida yo‘l qo‘ygan xatolari haqida gapirib, biznesmen do‘stlarini davlatning yuqori lavozimlariga tayinlab, noto‘g‘ri ish qilganini aytdi. Yana u o‘z ishini eplay olmayotgan milliy xavfsizlik amaldorlari va viloyatlar gubernatorlarini ishdan bo‘shatganini ham qistirib o‘tdi.
U korrupsiyaga qarshi kurashuvchi sudni tashkil qilish cho‘zilib ketganini, tag‘in fuqarolik jamiyati yetakchilari va korrupsiyaga qarshi kurashuvchi faollar bilan muloqot qilmaganini tan oldi.
O‘z chiqishlarida ham muayyan gapi kam bo‘ladigan Zelenskiy “yangi Poroshenko”dan ta’sirlanmaganini aytdi.
− Masxaraboz prezident bo‘lishi mumkin, lekin, afsuski, prezident masxarabozga aylanib qoldi, − dedi u 15 aprelda ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilgan videosida.
Poroshenko yangicha qarashi va taktikasi raqibi bilan orasidagi tobora ortib borayotgan farqni kamaytirishiga va 21 apreldagi saylovda aql bovar qilmaydigan g‘alaba keltirishiga umid qilmoqda.
Lekin kuzatuvchilar fikricha, vaqt juda qistalang. Faqat “saylov natijalarini soxtalashtirish yoki saylovni bekor qilishday keskin choralar”gina Poroshenkoga qo‘l kelishi mumkin.
‒ Unaqa holatda Proshenkoni na ukrainaliklarning aksariyati va na G‘arb hukumatlari qonuniy prezident sifatida tan oladi, ‒ deydi Kiev Politexnika universitetining sotsiologiya fakulteti o‘qituvchisi Vladimir Ishchenko.