Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:14

OzodDayjest: Namanganlik uch "sotsial maugli" hujjat olishi uchun DNK ekspertizasi kerak bo‘ldi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Namangan viloyati Pop tumanida tog‘da o‘sgan uch nafar bola aniqlandi. Mas’ullar O‘zbekistonda yetishtirilgan mosh nega eksportdan qaytganiga oydinlik kiritdi. Toshloqda qotillik jinoyati fosh qilindi.

________________________________________________

Namanganda tog‘da o‘sgan bolalar topildi

​Namangan viloyati Pop tumanida tog‘da o‘sgan uch nafar bola aniqlandi (“Inson va qonun”, 16 aprel). Gap shundaki, cho‘ponlik bilan shug‘ullangan Sodiqjon Azimov asosiy vaqtini tog‘da o‘tkazgan. 2003 yilda u shar’iy nikoh asosida uylangan va birin-ketin uch o‘g‘il farzand ko‘rgan. Uchala farzand xam shifoxonada emas, yaylovda tug‘ilgan. Ayni paytda 15, 13 va 11 yoshga kirib ulgurgan bolalarga tug‘ilganlik haqida guvohnoma ham olinmagan. Oradan shuncha yil o‘tib, cho‘pon ota FHDYo bo‘limiga tug‘ilganlik haqida guvohnoma olish uchun murojaat qilgan. Ammo bolalarga guvohnoma berish uchun DNK sud-biologik ekspertizasi o‘tkazishga to‘g‘ri kelgan. Ekspertiza Sodiqjon Azimov va uning ayoli bolalarning chindan ham ota-onasi ekanini tasdiqlagach, ularga tug‘ilganlik haqida guvohnoma berilgan. Pop tumani adliya bo‘limi boshlig‘i Azamat Jo‘raev vatandoshlarni hujjat masalasida e’tiborli bo‘lishga undagan.

O‘zbekistonda yetishtirilgan moshning sifati xitoyliklarda shubha uyg‘otdi

O‘zbekistonda yetishtirilgan moshning sifati xitoylik importyorlarda shubha uyg‘otdi (“Oila davrasida”, 18 aprel). Shu bois katta miqdordagi mahsulot eksportdan qaytgan. “O‘zstandart” agentligi vakillariga ko‘ra, moshning tabiiyligini isbotlab beradigan xalqaro sertifikatning yo‘qligi xitoyliklarda shubha uyg‘otgan. “Mamlakatimizdagi standartlar MDH hududida moneliksiz amal qilsa-da, xalqaro standartlar talabini to‘la joriy etishda muammolarimiz yo‘q emas”, degan “O‘zstandart” agentligi bosh direktorining o‘rinbosari Jasur Shukurov. Qayd etilishicha, ayni paytda ushbu masalaga aniq yechim topish choralari izlanmoqda.

Xabar qilinishicha, 2018 yil davomida O‘zbekiston sertifikatlashtirish organlari tomonidan jami 148,8 milliard so‘mlik mahalliy va import mahsulotlar iste’molga yaroqsiz, deb topilgan. Uning 50 milliard so‘mi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sanaladi.

Farg‘onada ayol jasadini kanalga tashlamoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi

Farg‘ona viloyati Toshloq tumani hududida qotillik jinoyati fosh qilindi (“Postda”, 13 aprel). Tunda Katta Farg‘ona kanali bo‘ylab betartib harakatlanayotgan “Vaz-2109” avtomobili ichki ishlar xodimlarida shubha uyg‘otgan. Mashina to‘xtatilganda haydovchi Sh. Z. tovuq fermasiga go‘sht olib ketayotganini aytgan. Ammo mashinadagi adyolga o‘ralgan yuk ichki ishlar xodimlarining gumonini kuchaytirgan. Tekshiruv chog‘i adyolga ayol jasadi o‘ralgani ma’lum bo‘lgan. Marg‘ilon shahrida yashovchi Sh. Z. Qo‘shtepa tumanida yashovchi, 1997 yilda tug‘ilgan U. M. ismli tanishini jahl ustida pichoqlab o‘ldirgani, jinoyatini yashirish uchun jasadni Katta Farg‘ona kanaliga oqizib yuborish uchun ketayotganini tan oladi. Qayd etilishicha, ushbu holat bo‘yicha jinoiy ish ochilgan.

XS
SM
MD
LG