Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:18

Ajrashgan ikki xotinidan bo‘lgan bolalariga aliment to‘lolmagan namanganlik yigit o‘zini osdi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Namangan viloyat, Uychi tumanida yashagan 38 yashar yigit 17 aprel kuni uyining oshxonasida osilgan holda topildi.

Shar’iy nikohdagi uchinchi xotini bilan yashagan yigitning, avvalgi ikki xotinidan bo‘lgan 3 nafar farzandiga aliment to‘lolmagani, tuman prokuraturasiga ko‘ra, o‘z joniga suiqasd qilishning bir versiyasi sifatida ko‘rilmoqda.

Tuman prokuraturasi mulozimi mazkur voqea yuzasidan tergov oldi harakatlari olib borilayotganini aytdi.

Ажрашган икки хотинидан бўлган болаларига алимент тўлолмаган наманганлик йигит ўзини осди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:59 0:00
Бевосита линк

Uychi tumanining O‘nhayot mahallasida shar’iy nikohdagi uchinchi xotini bilan yashayotgan 38 yashar O.D. 17 aprel, kunduz kuni uyining oshxonasida osilgan holda topilgan.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan o‘nhayotliklardan birining iddao qilishicha, uning o‘z joniga qasd qilishiga avvalgi xotinlaridan bo‘lgan bolalariga aliment to‘lolmagani sabab bo‘lgan:

“Kuppa-kunduzi oshxonasiga kirib o‘zini osibdi. Yigitning yaqinlarining aytishicha, uning birinchi xotinidan bitta, ikkinchi xotinidan ikkita farzandi bo‘lgan ekan. Hozir uchinchi xotini bilan yashayapti ekan. Bundan ham bir yashar bir o‘g‘li bor. Bu yigit hech qaerda ishlamas edi, mardikorlik qilib kun kechirardi. Bolalariga to‘lamagan alimenti juda ko‘payib ketgan ekan. Ijrochilar to‘laysan, deb hol-joniga qo‘ymas ekan, shunga o‘zini osibdi”.

O‘nhayot mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Daminjon Rajabboevning aytishicha, marhum yigit bu mahallada shar’iy nikohdagi ayoli bilan yashagan:

“Bu yigit Namangan shahrining Oxunboboev mahallasida propiskada turadi. Bizning mahallada onasidan meros qolgan uyda oilasi bilan yashab kelardi. 17 aprel kuni xotini va bolasini do‘xtirga bor deb, chiqarib yuborgan. Xotini qaytib kelib qarasa, uyining oshxonasida osilib yotgan ekan. Nima ish qilishini aniq bilmayman, lekin shaharda savdo-sotiq bilan shug‘ullanardi, deb eshitganman. Haqiqatan ham, avvalgi xotini nega aliment to‘lamayapsan deb, janjal qilib kelgan edi. Lekin, bu yigit aliment to‘lolmagani uchun o‘zini osganmi yoki kasallikmi, buni aniq bilmayman. Onasining aytishicha, bir singlisi ham avval o‘zini osgan ekan”.

Uychi tuman prokuraturasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi bu holat yuzasidan tergov oldi harakatlari olib borilayotganini aytdi:

“Hozir tekshirish olib borilyapti. O‘n kundan so‘ng qonuniy qaror qabul qilinadi va biz bu qarorni uydagilariga yuboramiz. Hozircha, uning o‘z joniga qasd qilishiga nima sabab bo‘lgani haqida aniq bir narsa deyolmaymiz. Aliment to‘lolmagani ham bir versiya sifatida ko‘rilmoqda”.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 2017 yil noyabrdagi hukumat majlisida mamlakatda suiqasd holatlari "soat sayin" ortayotganini aytgandi.

Joriy yildan prezident farmoni bilan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi lavozimlari ro‘yxatiga “O‘zbekiston Respublikasi Bosh psixiatri” va “O‘zbekiston Respublikasi Bosh suitsidologi” lavozimlari kiritildi.

XS
SM
MD
LG