Линклар

Шошилинч хабар
27 июн 2019, Тошкент вақти: 15:24

Ikki prezident Koreya madaniyat uyini ochadi. Uyni qurgan koreyalik Toshkentni g‘irromlikda ayblamoqda


Janubiy Koreya prezidentining Toshkent tashrifi katta tantanalar bilan o‘tmoqda.

Davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga kelgan Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In 20 aprel kuni Shavkat Mirziyoev bilan birga Toshkentda qurilgan “Koreya Respublikasining Madaniyat va san’at uyi”ning tantanali ochilishida qatnashadi.

Mahalliy matbuotda ikki xalq va davlat o‘rtasidagi munosabatlarda yangi davr boshlangani ramzi sifatida taqdim etilayotgan bu inshoot¸ “Sehwa Construction” MChJ bosh direktori Cho Jongyoungning 19 aprel kuni Ozodlikka aytishicha¸ koreyalik pudratchi va o‘zbekistonlik kreditorlarni chuv tushirish hisobiga qurilgan.

Koreya madaniyat uyining O‘zbekistondagi bosh quruvchisi “Sehwa Construction” MChJsidan milliardlab so‘mlik kredit va ish haqini ololmay sarson bo‘layotgan kreditorlar qarzlarini undirishni so‘rab sudga murojaat qilgan. Ammo qurilish jarayonida kelishuv qoidalari hech bir izohsiz o‘zgartirilgani ortidan loyihani tugatishga qurbi yetmay qolgan “Sehwa Construction” MChJ bosh direktori Ozodlik bilan suhbatda Toshkent hukumatini o‘z zimmasiga olgan majburiyatni bajarmaganlikda aybladi.

Toshkent hukumati qurilishni muddatidan olti oy oldin bajarishni talab qilib¸ qo‘shimcha xarajatlarni qoplashni va’da qilgan¸ ammo bu va’dasi ustidan chiqmagani ortidan kreditorlarga pul to‘lolmay qolgan “Sehwa Construction” rahbari shirkatini bankrot deb topishni so‘rab sudga murojaat qilganini bildirdi.

Chiroyli fasad ortidagi xunuk mojaro

20 aprel kuni ikki davlat telekanallari kameralari qarshisida prezidentlar Shavkat Mirziyoev va Mun Chje In tomonidan tantanali ochiladigan “Koreya madaniyat va san’at uyi” ortidagi mojaro tarixi besh yil oldin boshlangan.

O‘zbekiston marhum prezidenti Islom Karimov va Janubiy Koreyaning qamoqqa hukm etilgan sobiq prezidenti 2014 yilning iyun oyida Samarqandda.
O‘zbekiston marhum prezidenti Islom Karimov va Janubiy Koreyaning qamoqqa hukm etilgan sobiq prezidenti 2014 yilning iyun oyida Samarqandda.

Toshkent markazida O‘zbekiston va Janubiy Koreya do‘stligi ramzi sifatida maxsus madaniyat uyi qurish taklifini ilk bor 2014 yil iyun oyida o‘shandagi prezident Islom Karimov Toshkentga kelgan hamkasbi Pak Kin Xe bilan uchrashuvda o‘rtaga qo‘ygan edi.

Bu taklif Seulning o‘shandagi rahbariga ma’qul kelgan va O‘zbekistondagi koreyslar assotsiatsiyasiga sovg‘a qilinadigan bu inshootni qurish xarajatini Janubiy Koreya hukumati o‘z zimmasiga olgan. Koreya o‘z hisobidan bu qurilish uchun 5 million dollarga yaqin mablag‘ ajratadi¸ qurilishning bosh pudratchisi qilib Koreyadagi SDAG E&C shirkati tanlanadi. Qurilishni loyihalashtirish va muhandislik ishlari uchun loyiha qiymatining 20 foizini olgan Koreya shirkati o‘z navbatida mahalliy bosh pudratchi qilib O‘zbekistonda ro‘yxatga olingan “Sehwa Construction” MChJni tanlaydi.

Bu MChJ ham o‘z navbatida O‘zbekistondagi o‘nlab shirkatlarni qurilish uchun subpudratchi qilib yollaydi (bu subpudratchilar ro‘yxati Ozodlik ixtiyorida mavjud).

O‘zbekiston hukumati o‘z tomonidan “Koreya Respublikasining Madaniyat va san’at uyi” qurilishi uchun Yashnobod tumanidan 4 gektar yer ajaratadi va bosh pudratchiga qator imtiyozlar berishni va’da qiladi.

Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 8 noyabr (Mirziyoev prezidentlikka kelganidan so‘ng) kungi 381-sonli maxsus qarori bilan “Sehwa Construction” MChJga mazkur ob’ektni qurishi uchun rangli metall va sement kabi asosiy qurilish materiallarini birja narxidan 50 foiz arzonga sotib olish va qator soliq imtiyozlari beriladi.

2016 yilning 20 may kuni o‘shandagi Bosh vazir Shavkat Mirziyoev va Toshkentga kelgan Janubiy Koreya bosh vaziri Xvan Kyo An tomonidan qurilishga start beriladi¸ subpudratchilar ishning dastlabki qismi uchun haqni vaqtida oladi.

Ammo “Sehwa Construction” MChJ bosh direktori Cho Jongyoungning 19 aprel kuni Ozodlikka aytishicha¸ 2017 yil oxirlariga kelib¸ vaziyat kutilmaganda o‘zgaradi:

- Qurilish 2017 yil iyulidan boshlandi. Shu yil noyabrida hech bir izohsiz 381-sonli qaror ijrosi bekor qilindi. Birja prezidentning 2017 yil 14 noyabr kungi 3386-sonli qarorini ro‘kach qildi. Shundan keyin biz sotib olayotgan asosiy qurilish materiallari bahosi ikki-uch baravarga ko‘tarildi. Koreya hukumati loyihaga qo‘shimcha pul ajratilmasligini bildirdi. Men O‘zbekiston hukumatiga bunday vaziyatda qurilishni davom ettira olmasligim¸ sudpudratchilarim oldida qarzdor bo‘lib qolishimni vaqtida aytdim. Ammo ular menga nihoyatda kuchli bosim ko‘rsatishdi – yo qurilishni tugatasan¸ yoki o‘zingni qamoqda ko‘rasan¸ degan gaplargacha eshitdim. Ular menga qurilishni davom ettir¸ qo‘shimcha xarajatlarni biz kompensatsiya qilamiz¸ deb og‘zaki aytishdi. Bu gapga ishonib¸ qurilishni davom ettirdim¸ deydi “Sehwa Construction” shirkati bosh direktori.

Quruvchi shirkat rahbari¸ O‘zbekiston Bosh vaziri tomonidan Koreya madaniyat uyi qurilishini belgilangan 2018 yil dekabri o‘rniga 2018 yil iyunigacha tugatish ustida bosim ko‘rsatgani shundoq ham chigal vaziyatni yanada og‘irlashtirganini aytadi.

- Qurilishni tezlatish¸ sarf-xarajatni yanada oshirdi. Bunga qurbim yetmasligi¸ Koreya hukumati boshqa bir tiyin ham ajratmasligini aytganimdan keyin¸ hukumat topshirig‘i bilan “O‘zsanoatqurilishbank”ning Toshkent filiali bizga 10 milliard so‘mga yaqin kredit ajratdi. Ob’ektni 2018 yil sentabrida foydalanishga topshirdik¸ ammo bizni chuv tushirishdi – Toshkent hukumati va’da qilgan kompensatsiyani bermadi¸ oqibatda men hozir 10 milliard so‘m (1 million 200 ming dollarga yaqin -tahr.) dan ko‘proq qarz bo‘lib o‘tiribman¸ deydi “Sehwa Construction” MChJsi bosh direktori Cho Jongyoung Ozodlik bilan suhbatda.

Kreditorlar sudga berdi

Qurilishni oxirigacha bitirib¸ kelishuvda belgilangan yuzlab million so‘mlik xizmat haqini ololmay yurgan o‘nlab o‘zbekistonlik subpudratchilar¸ ayni paytda¸ hech bir garovsiz “Sehwa Construction” MChJsiga (hukumat bosimi ostida-tahr.) kredit ajratgan “O‘zsanoatqurilishbank”ning Toshkent filiali joriy yil boshida qarzni undirib berishni so‘rab Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga murojaat qiladi.

Fevral oyida mazkur sud “Sehwa Construction” MChJga bank va da’vogar subpudratchilar oldidagi qarzdorlikni yopish uchun bir oylik muhlat beradi¸ yopilmagach¸ qaror ijrosi MIBga oshiriladi.

Bu qaror bilan oldinma-ketin “Sehwa Construction” bosh direktori Cho Jongyoung ham iqtisodiy sudga o‘z shirkatini bankrot deb topishni so‘rab ariza kiritadi.

- Va’da qilingan kompensatsiyani berishmaganidan keyin¸ bank hisobimdagi qolgan pullarimni ham arest qildi – qanday qilib bu qarzlarni to‘lashim mumkin? Meni o‘zlari chuv tushirib¸ yana o‘zlari aybdor qilishayapti! Hozir Toshkentda ham¸ Seulda ham meni eshitadigan hech kim qolmadi¸ deydi Cho Jongyoung.

Ozodlik suhbatlashgan kreditorlar o‘zlarining katta o‘yin qurbonlari bo‘lganini aytishdi.

Biz kelishuvda zimmamizga olgan ishlarni bajarib bo‘ldik. Oddiy odamlarmiz¸ har xil g‘irrom o‘yinlarga uncha aqlimiz etmaydi. Biz janob Cho Jongyoungni majburiyatini bajarmayotganlikda ayblayapmiz. U esa sizga tepadagilarni ayblayapti. Bundan chiqadi¸ bizni ham¸ janob Choni ham boplab aldashdi. Bu masala siyosiy janjalga aylanishidan qo‘rqib¸ bizning og‘zimizni yopishga urinishmoqda. Biz ham ishchilarimizga haqini berishimiz kerak. Biz kimga boraylik?” deydi o‘z qarzi undirilishini so‘rab sudga murojaat qilgan kreditorlardan biri shaxsi ochiqlanmasligini so‘rab.

Teshik tog‘ora bilan qolgan koreyalik quruvchi

2015 yili O‘zbekistonda “Sehwa Construction” MChJ ochgunga qadar o‘zining postsovet davlatlari hududida Janubiy Koreyaning LG shirkati namoyandasi bo‘lib ishlaganini aytgan 50 yashar Janubiy Koreya vatandoshi Cho Jongyoung Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekiston biznes iqlimidagi har xil g‘irromliklardan yaxshi xabari bo‘lmaganini aytadi.

- Men hukumat¸ shaxsan Bosh vazirning og‘zaki gapiga ishonib¸ shu ahvolga tushdim. Hozir hamma mendan bezor. Ertaga ikkala prezident men shuncha azob va mashaqqat bilan vaqtidan oldin qurib topshirgan “Koreya Respublikasining Madaniyat va san’at uyi”ning tantanali ochilishiga boradi. Meni bu marosim yaqiniga ham yo‘latishmayapti. Uch kun burun menga Koreya prezidenti safariga soya solmaslik uchun qandaydir choralar taklif qilishdi. Lekin bular ham hozircha og‘zaki gap¸ xolos. Men hech kimning pulini eb ketganim yo‘q¸ qurilishga ajratilgan mablag‘ning tiyin-tiyinigacha qaerga sarflangani audit qilingan. “Sehwa Construction”ni ochishdagi 1 milliard so‘mlik kapitalimdan ham ajrab o‘tiribman ¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda Cho Jongyoung.

Sehwa Construction MChJsi rahbari Toshkent iqtisodiy sudiga bankrotlikni so‘rab ariza topshirishga majbur bo‘lganini aytadi.
Sehwa Construction MChJsi rahbari Toshkent iqtisodiy sudiga bankrotlikni so‘rab ariza topshirishga majbur bo‘lganini aytadi.

Ozodlik O‘zbekiston va Janubiy Koreya hukumatlari orasidagi muhim loyihani bajarib¸ bankrot bo‘lganini e’lon qilgan “Sehwa Construction” MChJsi vaziyatiga oid hukumat tomoni izohini o‘rganish maqsadida Yakkasaroy tuman MIB mutasaddisi va “O‘zsanoatqurilishbank” huquqiy bo‘limi vakili bilan bog‘landi. Ular Cho Jongyoung va kreditorlar bergan ma’lumotlarni qisman tasdiqlagan holda¸ Ozodlik savollariga oxirigacha javob bermasdan¸ suhbatni uzib qo‘ydi.

Ozodlik hozircha O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripovdan bu qurilish bilan bog‘liq moliyaviy mojaroga oid munosabat olish imkoniga ega bo‘lmadi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG