Линклар

Шошилинч хабар
07 декабр 2019, Тошкент вақти: 16:31

Bosh prokuratura: "Qodirovlar ishi" tergovida qiynoqlar bo‘lmagan


Toshkent shahar Yunusobod tuman sudi binosi

Bosh prokuratura "Qodirov ishi" doirasida hibsga olingan mansabdor shaxslarga nisbatan tergovda qiynoqlar bo‘lganiga oid da’volarni rad etdi.

18 aprel kuni Ozodlik sobiq Bosh prokuror Rashitjon Qodirov va uning jinoiy sheriklari ko‘rilayotgan 12 sobiq mulozim ustidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod sudida o‘tayotgan yopiq mahkamada sudlanuvchilar tergovda jismoniy va ruhiy qiynoqlarga tutilganini da’vo qilgani haqida xabar qilgandi.

Bosh prokuratura 21 aprel kuni tarqatgan bayonotda Rashitjon Qodirov va boshqalarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov olib borilgani hamda 13 nafar shaxsga mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish, pora olish, shuningdek, boshqa mansabdorlik va iqtisodiy jinoyatlarni sodir etish bo‘yicha ayb e’lon qilingani aytilgan.

"Dastlabki tergov Jinoyat-protsessual kodeksining qoidalariga qat’iy amal qilgan holda olib borilgan, ayblanuvchilarga va ularning yaqin qarindoshlariga nisbatan hech qanday qiynoqlar yoki boshqa noqonuniy xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yilmagan. Bosh prokuratura U. Sunnatov va U. Xurramovning tergov davomida ularga nisbatan qiynoqlar qo‘llanganligi to‘g‘risidagi vajlariga javoban aniq pozitsiyasini bildirib, yuqoridagi ko‘rsatmalar haqiqatga mos kelmasligini qat’iy ta’kidlaydi​", deyiladi bayonotda.

Shuningdek bayonotda aytilishicha, ayblanuvchilar U. Sunnatov va U. Xurramov o‘zlariga qo‘yilgan ayblovlarni faqat qisman tan olgan, jinoyat ishini sudda ko‘rish boshlanganida o‘z ko‘rsatmalarida sodir etilgan jinoyatlarda aybdorligini tan olib, o‘z qilmishlariga amalda pushaymonligini bildirishgan, "ammo keyinchalik ko‘rsatmalarini o‘zgartirib, xuddiki ularga nisbatan qiynoq va tahdidlar qo‘llangani haqida xabar berishgan".

18 aprel kuni Ozodlik, sud jarayonida ishtirok etayotgan bir-biridan mustaqil ikki shaxsga tayanib, sobiq Bosh prokurori Rashitjon Qodirov va uning jinoiy sheriklari, deb ko‘rilayotgan yana 12 nafar sobiq mulozim ustidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod sudida o‘tayotgan yopiq jarayonda 17 aprel kuni ko‘rsatma bergan sudlanuvchilardan ayrimlari tergov paytida jismoniy va ruhiy qiynoqlarga tutilganini da’vo qilganini xabar qilgandi.

Roppa-rosa bir hafta muqaddam, ya’ni 11 aprelda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Amnesty International murojaatiga javoban sobiq bosh prokuror Rashitjon Qodirovga nisbatan qiynoqlar qo‘llanilganini rad etgan edi.

Avvalroq O‘zbekiston Oliy sudi mahkama jarayonining yopiq o‘tayotgani bois, unga oid biror ma’lumot¸ xususan¸ sudlanuvchilarning aniq ro‘yxati e’lon qilinmasligini bildirgandi.

Ammo, Adliya tizimi mulozimi tomonidan Ozodlikka taqdim etgan ro‘yxatda:

- O‘zbekiston Bosh prokuraturasini 2015 yilga qadar 15 yil boshqargan Rashitjon Qodirov;

- 2013 yilga qadar Bosh prokuraturaning Iqtisodiy jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i¸ 2013 yildan prezidentning kuchishlatar tizimlari bo‘yicha davlat maslahatchisi¸ 2018 yil yanvariga qadar Toshkent viloyat prokurori bo‘lib ishlagan Jamshid Fayziev;

- 2013 yildan Bosh prokuror o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Ulug‘bek Sunnatov;

- Bosh prokuraturaning Iqtisodiy jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasi sobiq boshlig‘i Ramazon Po‘latov¸

- Iqtisodiy jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari Ulug‘bek Xurramov;

- Toshkent shahar prokurorining sobiq 1-o‘rinbosari Mirag‘lam Mirzaev;

- Mirag‘lam Mirzaevning xotini¸ “Yunusobod advokatlar kollegiyasi”si sobiq rahbari Muhabbat Hasanova;

- Mirzaevning o‘g‘li¸ MXXning Toshkent shahar boshqarmasi huzuridagi Terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘linmasi sobiq boshlig‘i Abdurashid Mirzaev;

- Mirag‘lam Mirzaevning jiyani¸ MXX Toshkent viloyat boshqarmasi huzuridagi Terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘linmasi sobiq boshlig‘i Mansur Mirzaev;

- Toshkent shahar prokuraturasining Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘limi sobiq rahbari Aziz Musashayxovlar nomi bor.

Rashitjon Qodirov va aksar sudlanuvchilar¸ Bosh prokuratura rasmiy xabariga ko‘ra, O‘zbekiston Jinoyat kodeksining "Tovlamachilik" (165-moddasi), "Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish" (205-modda) va "Pora olish" (210-modda) moddalarida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

XS
SM
MD
LG