Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 07:07

O‘zbekiston o‘zi to‘sib qo‘ygan fergana.ru muxbirini akkreditatsiyadan o‘tkazdi (AUDIO)


Fergana.ru muxbiri Andrey Kudryashovning akkreditatsiya guvohnomasi
Fergana.ru muxbiri Andrey Kudryashovning akkreditatsiya guvohnomasi

22 aprel kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Fergana.ru axborot agentligining Toshkentdagi muxbiri Andrey Kudryashovga akkreditatsiya guvohnomasini berdi.

Ozodlik bilan suhbatda agentlik rahbari Daniil Kislov O‘zbekistonda blok qilinishi davom etayotgan Fergana.ruga 14 yillik tanaffusdan keyin O‘zbekiston ichkarisida erkin ishlashga izn berilganini olqishladi.

“Mamlakatda nimadir o‘zgarayotgan ko‘rinadi”, dedi Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston ichki va tashqi siyosatini yoritib keluvchi Fergana.ru axborot agentligi asoschisi Daniil Kislov O‘zbekiston hukumati tomonidan Toshkentda o‘z jurnalistini akrreditatsiya qilinganiga shunday munosabat bildirarkan.

2019 yilning 22 aprelida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Fergana.runing Toshkent shahridagi o‘z muxbiri Andrey Kudryashovga xorij nashri muxbiri sifatida akkreditatsiya guvohnomasini topshirdi.

Ozodlikka bu xabarni izohlagan agentlik asoschisi, taniqli jurnalist Daniil Kislov, Fergana.ru nashri O‘zbekistonda o‘z vakili bo‘lishini 14 yil kutganini gapirdi.

- Biz o‘zimiz bunga ishonmagan edik! Men 7 fevral kuni shaxsan o‘zim Toshkentga borib, 3 nafar muxbir va muxbirlik punkti akkreditatsiyasiga hujjat topshirgan edim. Ulardan Andrey Anatolyevich Kudryashovgagina ruxsatnoma berildi, u kishi bilan biz 2002 yildan buyon hamkorlik qilib kelamiz. Byuro masalasida bizga hech qanday qo‘shimcha tushuntirish berilmadi. Lekin shunga qaramay juda mamnunmiz, albatta! Endilikda biz “xorij OAV” sifatida turli idoralardan rasmiy ma’lumotlar talab qilish va olishga, turli tadbirlarda ishtirok etishga haqlimiz, bizga javob berishlari shart, - dedi Daniil Kislov.

Suhbatdosh Andrey Kudryashov hech qachon tanqidiy maqolalar yozmagani, asosan madaniy masalalarni yoritib kelgan iste’dodli jurnalist va fotosuratchi ekanini ham pisanda qilib o‘tdi.

Fergana.ru rahbari ayni paytda Fergana.agency sayti O‘zbekistonda bloklangani uchun unga kirib bo‘lmasligini eslatib, hukumatning muxbirni akkreditatsiyadan o‘tkazganini “sinov muddati” deb atadi:

- Afsuski, sayt bloklanishi davom etayapti va biz nima uchun va kim tomonidan to‘silayotgani borasida biror javob ololmayapmiz. Buni men hukumatning ehtiyotkorona, yarim-yolchi qarori deb qabul qilaman, buni O‘zbekistondagi 30 yillik OAVni bo‘g‘ish siyosatining birdan o‘zgarishdan, eshiklarni ochish, “gaykalarni bo‘shatish”dan qo‘rqishi deb o‘ylayman. Kim nimadan qo‘rqayotgani tushunarsiz qolayotgan bir paytda biz O‘zbekiston hukumatining bu qarorini olqishlaymiz.

Fergana.ru agentligi anchadan buyon “muxolifatchilik” kun tartibidan yiroqlashmoqchi: biz hukumatni hukumat bo‘lgani uchungina tanqid qilishni istamaymiz – buning uchun asos izlaymiz! Bugun bunday tanqidga asoslar yetarli, ayni damda pozitiv materiallar yozish uchun ham asos ko‘p. Biz O‘zbekistonda legal ishlashni, bir nechta muxbirimiz yoki muxbirlik punktimiz bo‘lishi, qolaversa saytimiz blokdan chiqarilishini istaymiz. Ammo bu degani biz “Axborot” (O‘zTV informatsion dasturi) kabi hukumat nog‘orasiga o'ynaymiz, degani emasligini ta’kidlab o‘tmoqchiman. Ommaviy axborot vositalari mustaqilligisiz har qanday islohotlar bir tiyinga qimmat, deya xulosa qildi jurnalist Daniil Kislov.

Д.Кислов: Ўзбекистонда сайтлар блокланиши тўхтатилиши керак
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:20 0:00
Бевосита линк

Fergana.ru axborot agentligi 2005 yilda Andijon voqealaridan keyin boshqa ko‘plab xorijiy axborot vositalari singari O‘zbekistondan chiqarib yuborilgan va akkreditatsiyadan mahrum etilgandi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy ma’lumotiga binoan, bugungi kunda O‘zbekistonda 13 mamlakatdan bo‘lgan 47 jurnalist rasmiy qayddan o‘tkazilgan. Jumladan, oxirgi bir yilda " Amerika ovozi" muxbiri Navbahor Imomova va “Bi-bi-si” o‘zbek xizmatining bir nechta jurnalisti O‘zbekiston hukumati tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazilgan.

YeXHT rasmiy saytida e’lon qilingan bayonotda aytilishicha, O‘zbekistonda Fergana.Agencydan tashqari Ozodlik, Eurasianet.org, AsiaTerra va Uzmetronom kabi qator saytlarga kirishda muammolar mavjud.

YeXHTning matbuot erkinligi bo‘yicha vakili Arlem Dezir O‘zbekiston hukumatini odamlarning axborot olish huquqini ta’minlash maqsadida onlayn nashrlarni bloklash amaliyotidan voz kechishga chaqirgani to‘g‘risida avvalroq xabar qilgan edik.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi YeXHTning OAV erkinligi masalalari bo‘yicha vakili Komil Allamjonov A. Dezirning bayonotini bilan tanishib chiqqani va ayrim yangiliklar veb-resurslariga kirish muammolari borasidagi faktlarni diqqat bilan o‘rganib chiqilayotganini ma’lum qilgandi.

XS
SM
MD
LG