Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:06

Le Temps: Shveysariya sudi Gulnoraning qimmatbaho mashinalariga oid hukm chiqardi


Marhum prezident Islom Karimovning katta qizi - hozirda Zangiota ayollar qamoqxonasida qolayotgan Gulnora Karimovaning Shveysariyada musodara qilingan 3 ta qimmatbaho mashinasi sotilmaydigan bo‘ldi.

Shveysariyada chop etiladigan Le Temps nashrining yozishicha, Mercedes-Benz SLR2DR, Bentley Arnage va Range Rover Sport V8 rusumidagi 3 ta mashina 1 million frank - qariyb 1 million AQSh dollariga baholangan.

Shveysariyada chiqadigan rus tilidagi Nashagazeta.ch nashrining Le Temps gazetasiga tayanib yozishicha, Federal jinoyat sudi Gulnora Karimovaning bu davlatda muzlatib qo‘yilgan mulkiga oid ikkita qaror qabul qilgan.

Birinchi qaror bilan Karimovaning Kolonyi kantonidagi villasida saqlangan 3ta qimmatbaho avtomobilning sotuvi bekor qilingan.

Maqolada aytilishicha, 980 ming AQSh dollaridan oshiqroqqa baholangan Mercedes-Benz SLR2DR, Bentley Arnage va Range Rover Sport V8 mashinalari 2013 yilda musodara qilingan, ammo ularning taqdiriga oid qaror berilmay kelayotgan edi. Endilikda bu mashinalarni Gulnora Karimova 2009 yilda 18 million frankdan oshiqroqqa xarid qilgan villasida saqlab turishga qaror qilingan.

Shuningdek, Shveysariya federal jinoyat sudi Gulnora Karimova ishi bilan shug‘ullanib kelgan prokuror Patrik Lamonni ham bu ishdan chetlatishga qaror qilgan.

Aytilishicha, bunga prokurorning konfederatsiya bosh prokurori Mixael Lauber yetakchiligdagi guruh bilan 2018 yil sentabrda O‘zbekistonga norasmiy tarzda safar qilgani sabab bo‘lgan. Gulnora Karimovaning advokatlari bu norasmiy safarni shubhali hisoblab, bu borada kiritgan so‘rovlariga yetarli tushuntirish ololmaganini bildirgan edi.

Xabar qilinishicha, Federal sud Lamonning Toshkentga safaridan ish tergovi uchun foydali ma’lumotlar kutilgani, ammo natija bo‘lmagani haqida xulosa berib, uni bu ishdan chetlatishga qaror qilgan.

Jenevadagi Mangeat Attorneys at Law advokatlik shirkati rahbari va ayni paytda Gulnora Karimovaning advokati bo‘lgan Greguar Manja shu yilning 1 aprelda Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi ayollar koloniyasida saqlanayotgan himoyalanuvchisi bilan uchrashganini xabar qilgan edi.

Twitter sahifasida xabar tarqatgan Gregoire Mangeat¸ 3 aprel kuni O‘zbekiston hukumatidan o‘z mijoziga berilgan jazo muddatiga oydinlik kiritishni so‘raganini bildirgandi.

Bir necha oydan beri biz O‘zbekiston rasmiylaridan Karimovaga berilgan qamoq jazosining qachon boshlanib¸ qachon tugashini tushuntirib berishni so‘rayapmiz. Odam o‘g‘irlashmi bu? Hozirgacha javob yo‘q”¸ deb yozgandi Toshkentdan qaytib kelganidan so‘ng shveysariyalik advokat.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Gulnora Karimovaning joriy yil 5 mart kuni jazoni o‘tash koloniyasiga qaytarilgani haqida xabar tarqatgan.

Bayonotda aytilishicha¸ korrupsiya va og‘ir iqtisodiy jinoyatlarda ayblangan Gulnora Karimova Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2017 yil 18 dekabrdagi hukmi bilan 10 yilga qamalgan¸ ammo 2018 yil 1 iyulda bu hukm o‘zgartirilib¸ 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga almashtirilgan.

Bosh prokuraturaga ko‘ra¸ 2017 yilgi sud hukmida “insonparvarlik nuqtai nazaridan hamda mahkuma jinoiy yo‘l bilan orttirilgan pul mablag‘larini qaytarish va davlatga yetkazilgan zararni qoplash majburiyatlarini o‘z zimmasiga olganini e’tiborga olgan holda” ozodlikni cheklash jazosini o‘tash joyi etib mahkuma Gulnora Karimovaning o‘z tanloviga ko‘ra, qizi Imon Karimovaning yashash joyi belgilangan.

Ammo Karimova jazoni o‘tash tartibi va shartlarini buzganligi sababli 2019 yil 5 martda jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudi tomonidan unga nisbatan tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan muddati ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirilib, jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilangan.

Ayni paytda, Gulnora Karimovaning Shveysariya banklarida muzlatilgan 800 million frank atrofidagi puli taqdiri ham o‘zgarishsiz qolmoqda.

Shu yilning mart oyida AQSh Adliya vazirligi qoshidagi prokuratura idorasining Nyu York janubiy hududi bo‘yicha prokurori O‘zbekiston marhum prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga nisbatan rasmiy ayblovlarni e’lon qildi.

Karimova qariyb 10 yil davomida turli moliyaviy sxemalar orqali aksiyalari AQSh birjasida sotuvga qo‘yilgan uch yirik xalqaro telekom shirkati – TeliaSonera, VimpelCom va MTCdan jami 865 million dollar pora olganlikda ayblanmoqda.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG