Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:30

O‘zbek ziyolilari rus tiliga davlat tili maqomi berish tashabbusi bilan chiqdi


Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning 2 may kuni O‘zbekistonga qilgan rasmiy tashrif arafasida 20 ga yaqin o‘zbekistonlik rus tilli ziyoli rus tiliga rasmiy maqom berish taklifi bilan chiqdi.

Oralarida Xalq artistlari¸ taniqli rassom va kinochilar bo‘lgan tashabbuschilar taklifi Kreml propagandasining tarkibiy qismi ko‘rilgan nashrda e’lon qilindi.

Ozodlikning aniqlashicha, bu tashabbus “Rossotrudnichestvo” Federal agentligi moliyaviy ko‘magi asosida faoliyat yuritadigan Toshkentdagi rus madaniyat markazining 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanada muhokama qilingan¸ imzo to‘plash vazifasini jurnalist A’lo Xodjaev o‘z zimmasiga olgan.

Taklif o‘zbek ommaviy axborot vositasi sifatida rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan, lekin O‘zbekistonda Rossiya manfaatlarini targ‘ib qilib keladigan Vesti.uz saytida e’lon qilindi.

O‘zbekistonlik jurnalist Sardor Salimning Ozodlikka aytishicha¸ maqola chop qilingan kuni faqat uchta “ziyoli”ning imzosi bo‘lgan:

- Maqola chiqqan kuni professor Yusuf Abdullaev, jurnalist Muyassar Maqsudova va yurist Sayyora Xodjaevaning fikri sifatida berilgan. Keyinroq Xalq artistlar va boshqa san’atkorlar qo‘shildi. Internetning o‘zbek segmenti bu taklifga qarshi fikr bildirgani ortidan Sayyora Xodjaevaning imzosi g‘oyib bo‘ldi¸ deydi suhbatdosh.

Ozodlik O‘zbekiston hukumatiga taklif bilan chiqqan bu tashabbuschilardan ayrimlari bilan suhbatlashdi. Taniqli multiplikator Nozim To‘laxo‘jaev¸ SSSR xalq artisti Bernora Qorieva Ozodik bilan suhbatda “o‘zbek millatining madaniy-marifiy rivojida shakllantiruvchi rol o‘ynagan rus tiliga rasmiy maqom berilishi adolat tantanasi” bo‘lajagini urg‘uladi.

“Bizni odam qilgan ruslarga rahmat aytmasak¸ xudo uradi”

Taniqli balerina¸ SSSR xalq artisti Bernora Qorieva Ozodlik bilan 3 may kungi suhbatda “rus tiliga davlat maqomi berilishi bizni yetishtirgan Sovet Ittifoqi va bu ittifoq o‘zagini tashkil qilgan ulug‘ rus xalqiga ehtirom ko‘rsatish bo‘ladi” deb aytdi.

- Men O‘zbekiston Bosh vaziri Aripovning Georgiy lentasiga qarshi urush ochaman¸ deb aytganini eshitib jahlga minib turuvdim. Qarasam¸ ertasiga Mirziyoev Georgiy lentasini tarqatamiz¸ deb turibdi. Bu tuturiqsiz rahbarlarning qaysi gapiga ishonaylik¸ deb tursam A’lo Maksumovich (jurnalist A’lo Xodjaev ) telefon qilib qoldi. "Lavrov kelayapti mana¸ shu tashrif oldidan rus tiliga davlat tili maqomini berish talabini kiritdik¸ siz ham imzo qo‘ying"¸ dedi. "Albatta"¸ dedim. Chunki men o‘zbekcha bilmayman. 80 ga kirganimda nega bu tilni o‘rganishim kerak? Aptekaga borsam, dori quti ustiga o‘zbekcha yozishibdi. Men ruscha yozilishini xohlayman. Agar rus tili davlat tili qilinsa¸ bizni odam qilgan rus xalqiga rahmat aytganimiz bo‘ladi. Agar rahmat aytmasak¸ bizni xudo uradi (bu gapni Qorieva o‘zbekcha aytdi - tahr.)Aripovni va Mirziyoevni ham Sovet Ittifoqi yetishtirib¸ o‘qitib¸ odam qilgan¸ dedi Ozodlik bilan suhbatda taniqli balerina.

O‘zbekiston hukumatining sukuti - rozilik alomati

O‘zbekistonlik jurnalist Sardor Salimning Ozodlikka aytishicha¸ “bu taklif urug‘i unumdor tuproqqa tushgan”. Ayni paytda bu suhbatdosh taklif O‘zbekiston rahbariyatidan chiqqan degan gapga ishonmasligini aytadi.

Uzoq yillar O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi bo‘lib ishlagan taniqli yozuvchi Murod Muhammad Do‘st Facebook sahifasida rus tilini davlat tili qilish taklifi tepa imosiga ko‘ra boshlanganini taxmin qildi.

E’tibor bersangiz, o‘ris tilini qayta kuchga keltirmoqchi bo‘lganlar soni avval uchta edi, ortidan yana yigirmatasi chiqdi. Ularning ich-ichlarida o‘risparast ekani aniq, lekin tashabbus o‘zlaridan chiqqaniga shubha bor. Agar teparoqdan imdod bo‘lmasa, o‘zlari yurak botinib saza chiqarolmagan bo‘lardi. Ayonki, bu - UYuShTIRILGAN tashabbus. Ortida kimlar turganini faqat gumon qilish mumkin. "Tashabbus" ortidan rasmiyroq javob chiqishi bilan ularni aniq-taniq bilib olamiz”¸ deya ta’kidlagan yozuvchi “tashqi siyosat birgina davlat manfaatiga butkul bog‘liq bo‘lmasligi kerakligini uqtiradi.

Siyosatda begonalarga qulluq qilish ayb sanalmaydi. Lekin bu - qulliq qilish degani emas. O‘zbekona g‘ururi bor odam hech qachon aslini unutgan uchta yoki yigirma uchta odamning qutqusiga uchmaydi. Mayli, bunaqalar mingta, o‘n mingta, boringki, yuz minggta ham bo‘lsin. O‘zbekiston - katta el. Odamlarning ko‘ngli keng, ayrim yurtdoshlarning begonaparast ekanini yuzlariga solmasligi ham mumkin. Lekin irkit uslublarda to‘qilgan soxta tashabbuslarni yaqin yoki uzoq kelajakda nedir siyosiy o‘yinlar uchun dastak etishni mo‘ljal qilayotgan arboblar (agar oramizda millat yuziga oyoq qo‘yishdan cho‘chimaydigan shunday kimsalar topilsa) qattiq yanglishadi”¸ deya yozdi yozuvchi.

Shu bilan birga bu “tashabbus”ning aks-sadosi haqida ham yozgan taniqli yozuvchi:

Milliy g‘urur bilan o‘ynashib bo‘lmaydi. Kimlargadir shunchaki ivirsiq va sassiz olomon bo‘lib ko‘rinayotgan odamlar bir-ikki kunda oriyatli xalqqa aylanib, o‘zbek tilining baland ohanglarini namoyish etishi ham mumkin”, deb ogohlantirdi.

O‘zbekiston “Rossiya va rus tilisiz” yashay olmaydimi?

Ozodlik suhbatlashgan ziyolilar rus tili orqali o‘zbek millati nafaqat buyuk rus madaniyati, balki jahon madaniyati va ilm-fani bilan tanishgani va o‘zbek olimlari va adiblari rus tili orqali dunyoga tanitilgani hamda dunyoni taniganligini iddao qilishdi.

Bernora Qorieva esa rus yozuvchisi Ivan Turgenevdan iqtibos keltirib¸. “Rossiya bizlarsiz yashay oladi¸ ammo hech qaysimiz ruslarsiz yashay olmaymiz” ¸ deydi. Qorieva nazarida¸ O‘zbekistonning 33 millon aholisi Rossiya davlati bo‘lmasa "tarix sahnasidan yo‘q bo‘lishga mahkum".

O‘zbekistonni xalqaro ko‘rgazmalarda tamsil qiladigan sanoqli rassomlardan biri Vyacheslav Oxunov Ozodlik bilan suhbatda rus tilini davlat tili qilmoqchi bo‘lganlarni “bo‘yniga sobiq SSSR sog‘inchi deb atalgan toshni osib¸ Putin Rossiyasi botqog‘iga cho‘kayotgan johillar” deb atadi:

- Ular o‘tmish bilan yashashadi. Bugungi kun yoki kelajak ularni o‘ylantirmaydi. Chunki ular sovet paytida parvarishlangan qatlam. Ular shu parvarishni sog‘inib¸ Kreml o‘yinlariga qo‘g‘irchoq bo‘lishmoqda. Ular aytganidek¸ Rossiya madaniyat markazi emas. Madaniyat markazi bu London¸ Madrid, Vena, Parij va Berlin. Agar madaniyatga oshno bo‘lmoqchi bo‘lsak¸ rus tili emas¸ ingliz¸ nemis va ispan tilini o‘rganaylik. Hech kim rus tilida gaplashmang¸ demadi sizga. Lekin O‘zbekistonda davlat tili - o‘zbek tili. Hujjat va qonunlar davlat tilida yozilishi shart. Angliyada ingliz¸ Fransiyada fransuz¸ Ukrainada ukrain tilida yoziladi. Bu oddiy holatni tushunmagan odamni ziyoli deb aytishga tilim bormaydi¸ deydi rassom Vyacheslav Oxunov.

Gorbachev sovg‘asi

O‘zbekistonda Mixail Gorbachyov boshlab bergan oshkoralik siyosati tufayli millat o‘z davlat tilini belgilash huquqiga ega bo‘lgan edi.

1989 yil 21 oktabrda O‘zbekiston Oliy Soveti tomonidan O‘zbekistonda davlat tili haqidagi qonun qabul qilingan edi.

“Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun matbuotda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ko‘pchilik ziyolilar o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishini qo‘llab-quvvatlagan edi.

Ayni paytda¸ oradan 30 yil o‘tib ham o‘zbek tilining davlat tili maqomi darajasiga ko‘tarilmagani e’tirozlarga sabab bo‘lib kelmoqda.

XS
SM
MD
LG