Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:56

Musulmonlar idorasi imomning ko‘chirmachilik qilganini tan oldi


Farg‘ona viloyat bosh imom-xatibi Salim qori Qodirov (o‘ngdan birinchi) kitobxonlar bilan.
Farg‘ona viloyat bosh imom-xatibi Salim qori Qodirov (o‘ngdan birinchi) kitobxonlar bilan.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Farg‘ona viloyat bosh imom-xatibi yozgan kitobning uchdan bir qismi birovning kitobidan ko‘chirilganini tan oldi.

Imom-xatib yozgan kitob matnining uchdan ikkidan ko‘proq qismi kitoblaridan ko‘chirilganini aytayotgan olima mualliflik huquqlarini himoyalash uchun harakatini davom ettirishini bildirdi.

Bosh prokuratura matbuot xizmatiga ko‘ra, plagiat holati bo‘yicha viloyat prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

Farg‘ona viloyat bosh imom-xatibi Salim qori Qodirovning “Ayolni e’zozlagan din” kitobi plagiat, bu kitob yuridik fanlar nomzodi Nigora Yusupovaning “Islomda ayol huquqlari” monografiyasidan ko‘chirilgan. Bunday xulosaga tilga olingan ikki kitobni qiyoslab o‘rgangan Ekspertlar guruhi kelgani to‘g‘risida Ozodlik xabar qilgan edi.

Salim qori Qodirovning kitobi
Salim qori Qodirovning kitobi

7 mayda e’lon qilingan maqolani tayyorlash jarayonida Ozodlik Nigora Yusupovaning onasi Munavvar opa bilan gaplashgan, u 7 may kuni Musulmonlar idorasidan xat olgani aytar ekan, "Xatda Salim qori Qodirov ko‘chirmachilik qilgani, lekin ko‘chirma hajmi 31 foizgina ekani aytilgan", degan edi.

Maqola e’lon qilingan kunning ertasiga Ozodlikka boshqa manbadan Munavvar opa aytgan xatning nusxasi yetib keldi.

Nigora Yusupovaning vakili Kamoliddin Yusupov nomiga yozilib, idoradan 11 aprelda chiqqan, Musulmonlar idorasi rais o‘rinbosari shayx Abdulaziz Mansur imzolagan xatda bunday deyilgan:

“Sizning da’voingiz bo‘yicha Salim qori [Qodirov] N. Yusupovaning asaridan 70% ko‘chirgan. Ammo solishtirib ko‘rilganda 32% foydalangani ma’lum bo‘lmoqda”.

Musulmonlar idorasi o‘zining qisqagina xati davomida da’vogar tomonga vaziyatning yechimini ham taklif qilgan:

“...murojaatda ko‘targan masalangiz bo‘yicha Salim Qodirov bilan kelishib, o‘zaro murosa qilishingiz, maqsadga muvofiqdir”.

Musulmonlar idorasi xati
Musulmonlar idorasi xati

Musulmonlar idorasi “kelishib” deganda nimani nazarda tutgani maktub mazmunidan anglashilmaydi. Paydo bo‘lgan savolni berish uchun Musulmonlari idorasi xatini imzolagan, Salim qori Qodirovning kitobiga mas’ul muharrirlik qilgan, kitobga so‘zboshi yozgan shayx Abdulaziz Mansur bilan Ozodlik muxbiri yana bog‘lana olmadi.

9 may kuni “Islomda ayol huquqlari” monografiyasi muallifi, yuridik fanlar nomzodi Nigora Yusupova Ozodlikka Musulmonlar idorasi xati kuni kecha kelganini tasdiqlar ekan, Salim qori Qodirov bilan nimani “kelishishi” kerakligini tushunmaganini, u faqat “o‘z mualliflik huquqlari himoyalanishini istayotganini” bildirdi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati Ozodlikning mavzu yuzasidan so‘roviga 8 may kuni javob berdi.

Nigora Yusupovaning monografiyasi
Nigora Yusupovaning monografiyasi

Prokuratura javobidan ma’lum bo‘lishicha, Farg‘ona shahrida yashaydigan Kamoliddin Yusupov opasi, Toshkent Islom universiteti dotsenti Nigora Yusupovaning mualliflik huquqlarini buzdi deb, viloyat bosh imom-xatibi Salim Qodirovning ustidan Farg‘ona viloyat hokimligiga arz qilgan. Hokimlik arizani viloyat prokuraturasiga yuborgan.

“Salim Qodirov “Ayolni e’zozlagan din” kitobini yozishda Nigora Yusupovaning “Islomda ayol huquqlari” kitobidan mualliflik huquqini o‘zlashtirib olish holatlari hamda mualliflik huquqlari buzilganligi mavjud yoki mavjud emasligini aniqlash maqsadida 2019 yilning 30 aprelida viloyat prokuraturasining jinoyat haqidagi ariza va xabarlarni qayd etish kitobiga ro‘yxatga olinib, shu kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi sud-adabiyotshunoslik ekspertizasi tayinlangan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda”, deyilgan Bosh prokuratura matbuot xizmatining Ozodlik so‘roviga javobida.

Javobda sud-adabiyotshunoslik ekspertizasi 30 aprelda tayinlangani aytilgan.

Biroq nusxasi Ozodlikda mavjud Ekspertlar xulosasida sud-adabiyotshunoslik ekspertizasi viloyat prokuraturasi 10.1- bo‘lim boshlig‘i K. Alixo‘jaevning 2019 yil, 18 apreldagi 10.01-980-19 sonli xatiga asosan o‘tkazilgani aytilgan.

Ekspertlar xulosasi muqaddimasi
Ekspertlar xulosasi muqaddimasi

Xo‘sh, sud-adabiyotshunoslik ekspertizasi 30 aprelda tayinlanganmi yoki 18 apreldami?

Bu savolga javob hozircha yo‘q. Lekin yaqin vaqt ichida paydo bo‘lib qolishi mumkin. Chunki Bosh prokuratura matbuot xizmatining 8 maydagi javobida pliagiat masalasi yuzasidan boshlangan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilayotgani xabar qilinar ekan, “natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi”, deyilgan.

XS
SM
MD
LG