Линклар

Шошилинч хабар
06 декабр 2019, Тошкент вақти: 20:33

AQSh Eronni ogohlantirish bilan birga uning rahbarlarini muzokaraga da’vat qilmoqda


AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo

Amerika Qo‘shma Shtatlari Tehronga munosabatida “ham kaltak, ha holva” yondashuvidan foydalanmoqda. Bir tarafdan, Vashington Eronning har qanday hujumiga “tez va keskin” javob berishini aytayotgan bo‘lsa, boshqa tarafdan, mamlakat rahbarlarini muzokara qilishga da’vat etmoqda.

Davlat kotibi Mayk Pompeo 9 mayda tarqatilgan bayonotida “bizning ushbu masaladagi bosiqligimizni Eron qat’iyatsizlik deb tushunlamasligi kerak”, deb aytdi.

‒ Tehrondagi rejimning o‘zi yoki biror vakilining AQSh manfaatlari yoki vatandoshlariga hujumiga Qo‘shma Shtatlar “tez va keskin” javob qaytaradi, ‒ dedi Pompeo. ‒ Biz urishmoqchi emasmiz. Lekin Eronning 40 yil davomida Amerika askarlarini o‘ldirgani, Amerika inshootlariga hujum qilgani va amerikaliklarni garovga olgani o‘zimizni himoya qilishimiz uchun doimiy eslatmadir.

Pompeo 1979 yilgi Islom inqilobi vaqtida AQSh diplomatlari garovga olinganini eslatib shunday dedi.

Pompeo ushbu izohni prezident Donald Tramp Eron rahbarlariga “menga qo‘ng‘iroq qiling” deganidan so‘ng berdi.

− Eron rahbarlaridan menga qo‘ng‘iroq qilishini so‘rayman, − dedi Tramp Oq Uyda jurnalistlarga.

Prezident, shunga qaramasdan, mavjud tarang vaziyatni nazarda tutib, harbiy to‘qnashuvni istisno qila olmasligini ham aytdi.

− Sizlar har doim shunaqa deyishingiz mumkin, to‘g‘rimi? Men yo‘q demoqchi emasman, biroq bunday bo‘lmasligiga umid qilaman, − dedi u.

Bir necha frontda Vashington bilan Tehron o‘rtasidagi munosabatlar tarangligi yuza keldi.

Qo‘shma Shtatlar 8 mayda Eronning metall sanoatiga qarshi sanksiyalar joriy etdi. O‘sha kuni rasmiy Tehron dunyoning yetakchi mamlakatlari bilan o‘zining yadro dasturi bo‘yicha 2015 yili erishgan ayrim majburiyatlaridan voz kechishini bildirdi.

Vashington esa bir yildan beri Eronning eng asosiy chet el valyutasi manbai bo‘lgan neft eksportini cheklash bo‘yicha choralar ko‘rdi.

AQSh harbiylari Eron sohillariga yaqin hududga harbiy uchoqlar tashuvchi kemasini yubordi. Pompeo 7 mayda oldindan e’lon qilmay, Bag‘dodga kelib Iroq rasmiylari bilan AQShning xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlari, ya’ni Eronning “keragidan ortiq” faollashuvini muhokama qildi.

Ushbu qadamlar AQShning Eron bilan imzolangan 2015 yilgi bitimdan chiqishiga bir yil to‘lgan kunlarga to‘g‘ri keldi.

Rasmiy Tehron Pompeo bilan Trampning so‘nggi bayonotlariga zudlik bilan javob qaytarmadi. Biroq oldinroq uning vakili Eron bundan buyon ortiqcha boyitilgan uran va og‘ir suvni, yadro dasturi bitimida ko‘zda tutilganidek, boshqa mamlakatlarga sotmasligini bildirgan edi. Yana u yetakchi davlatlar yangi shartlarni muhokama qilishga ko‘nmasa, Eron 60 kun ichida mavjud uran zaxirasini qurollar darajasigacha boyitish bilan tahdid qildi.

AQSh prezidentining maxsus yordamchisi va ommaviy qirg‘in qurollariga qarshi kurash bo‘yicha yetakchi direktor Tim Morrison Eronning bayonoti “Yevropani yadro quroli bilan qo‘rqitishdan boshqa narsa emas” deb aytdi.

Britaniya, Fransiya, Germaniya va Yevropa Ititfoqi 9 mayda yadro quroli bo‘yicha bitimga sodiq qolishini takrorladi, biroq shu bilan birga Tehronni ushbu bitim shartlariga oid “har qanday ultimatumi”ni rad etishini aytib ogohlantirdi.

‒ Eron ushbu bitimdan chiqmasligi kerak va chiqmasligi uchun hammamiz bosh qo‘shishimiz zarur, ‒ dedi Fransiya prezidenti Emmanuel Makron. ‒ Asabiylashib, vaziyatni keskinlashtirmasligimiz lozim. Shuning uchun Fransiya bitimdan chiqmayapti va chiqmaydi ham. Eron ham chiqmasligiga qattiq ishonaman.

O‘tgan yili Tramp AQSh bitimdan chiqishini e’lon qilganda unda Eronning ballistik raketalar dasturi kiritilmagani “katta xato” bo‘lganini va ushbu mamlakat terrorizmga homiylik qilayotganini aytgan edi. Ammo Eron bu iddaoni inkor qilib keladi.

Britaniya, Fransiya va Germaniya bitimni asrab qolishga harakat qilish barobarida Tehron ballistik raketalarni sinab ko‘rayotganidan tashvish bildirib kelmoqda. Bitimga Rossiya bilan Xitoy ham qo‘l qo‘ygan va undan chiqmaslikka va’da bergan edi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG