Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:53

Alisher Usmonov Britaniya boylari ro‘yxatida 8-o‘rinni egalladi


Asli o‘zbekistonlik, hozirda Rossiyada yashayotgan oligarx Alisher Usmonov Buyuk Britaniyaning eng badavlat 10 kishisi ro‘yxatiga kirdi.

Britaniyadagi eng boy 1000 kishining ro‘yxatini The Times jurnali e’lon qildi.

O‘tgan oy Bloomberg Usmonovni dunyo boylari ro‘yxatida 70-o‘ringa qo‘ygandi.

The Times jurnali Namanganda tug‘ilib, ayni paytda Rossiyada faoliyat yuritayotgan tadbirkor Alisher Usmonovni Britaniya boylari ro‘yxatida sakkizinchi o‘ringa qo‘ygan. Usmonovning boyligi 11339 milliard funt-sterlingni tashkil qilishi yozilgan. Sayt ma’lumotiga ko‘ra, Usmonov bu boylikni tog‘ ishlari va investitsiya sohasida qo‘lga kiritgan.

Alisher Usmonov Bloomberg 2 aprel kuni e’lon qilgan jahondagi 500 nafar milliarder reytingida 70-o‘rinni egallagandi. ​Reytingda aytilishicha, uning boyligi bir yilda 2 milliard dollarga ko‘paygan.

2016 yilda Shavkat Mirziyoev hokimiyatga kelganidan boshlab¸ Alisher Usmonov O‘zbekistonda turli loyihalar ustida ish boshlagani rasman xabar qilingan edi.

Jumladan, prezident Mirziyoev so‘nggi marta 1 mart kuni Alisher Usmonov Namangandagi "Obod qishloq" dasturi uchun 50 million dollar ajratganini yig‘ilishlardan birida aytib o‘tgan.

Bundan tashqari Usmonov O‘zbekistonga 7 milliard dollar sarmoya kiritmoqchi ekani to‘g‘risida ham xabarlar paydo bo‘lgan edi.

Ayni paytda Usmonov Amerika Qo‘shma Shtatlari Vladimir Putin hukumati va uning yaqinlariga joriy qilgan sanksiyalar ro‘yxatiga ham kiritilgan.

The Times jurnali ro‘yxatida Usmonovdan tashqari yana ikki rossiyalik tadbirkor kirgan.

Alfa Group va LetterOne investitsiya kompaniyasining asoschilaridan biri Mixail Fridman har yili e’lon qilinadigan ro‘yxatga birinchi marta kirdi. The Times jurnaliga ko‘ra, u 10,9 milliard funt-sterling bilan o‘ninchi o‘rinda.

Ro‘yxatda Roman Abramovich to‘qqizinchi o‘rinni egalladi. Jurnal ma’lumotlariga ko‘ra, uning boyligi 11 milliard funtdan ortiqni tashkil qiladi. O‘tgan yilda Abramovich Britaniyaning uzoq muddatli vizasidan ajraldi, ammo mamlakatga Isroil pasporti bilan kirishi mumkin.

Ro‘yxatda birinchi o‘rinni 22 milliard funt sterling bilan hindistonlik aka-uka Shri va Gopi Xinduya egallagan. Ular ishlab chiqarishning turli sohalariga va moliyaviy sektorga sarmoya yotqizish bilan shug‘ullanadi.

XS
SM
MD
LG