Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:11

Prezident kelishiga ekilgan gullarni sug‘orishga chiqarilgan uch hasharchi ayol, mashina urib, halok bo‘ldi


Andijon viloyati, Jalaquduq tumani tibbiyot birlashmasi xodimlari majburiy hasharda
Andijon viloyati, Jalaquduq tumani tibbiyot birlashmasi xodimlari majburiy hasharda

Andijon viloyat, Asaka tumanining obodonlashtirish bo‘limiga yordam sifatida mahalladan yuborilgan, katta yo‘l chetidagi gullarni sug‘orayotgan uch nafar ayolni 16 may kuni ertalab Cobalt avtomobili bosib ketdi.

Ayollardan ikki nafari voqea joyida halok bo‘ldi, bir nafari esa kasalxonada vafot etdi.

Ayollar prezident o‘tishi ehtimoli bo‘lgan avtomobil yo‘li chetida ishlayotgan bo‘lgan. Shu kuni Andijon viloyatiga prezident Mirziyoev keldi.

Asaka tuman ichki ishlar bo‘limidan olingan ma’lumotga ko‘ra, avtomobil haydovchisi voqea joyidan qochib ketgan va qidiruv e’lon qilingan.

O‘zbekiston prezidenti 16 may kuni Andijon viloyatiga safar qildi.

Shu kuni erta tongdan Asaka tumanining obodonlashtirish bo‘limi ishchilari va mahalladan yuborilgan ayollar prezident o‘tish ehtimoli bo‘lgan yo‘llarni tozalashga, ekilgan gullarni sug‘orishga safarbar qilindi.

Asaka tumanining Dasturxonchi qishlog‘ida yashaydigan, ismi sir qolishini so‘ragan mahalla faollaridan birining aytishicha, ularning qishlog‘idan yuborilgan uch ayolni mashina bosib ketgan:

“Bizning mahalladan ham ayollar obodonlashtirish ishlariga jalb qilingan edi. Yo‘l chetidagi gullarga suv quyishga chiqarilgan. Bugun ertalab, Qadim qipchoq yo‘lida ayollarni mashina urib yuboribdi, degan xabarni eshitganimdan so‘ng voqea joyiga bordim. O‘sha yerdagi qizlardan biri bilan suhbatlashdim. Uning aytishicha, katta tezlikda kelgan Kobalt mashinasi Omadxon, Fazilatxon, Barchin opalarni urib yuboribdi. Omadxon bilan Fazilatxon o‘sha joyning o‘zida jon taslim qilibdi, Barchin opani esa yo‘lovchilardan biri mashinada kasalxonaga olib ketibdi. Hozirgina u opaning ham vafot etganini eshitdik. Kobalt haydovchisi voqea joyidan qochib ketgan”.

Asaka tuman obodonlashtirish bo‘limida ishlaydigan, ismi sir qolishini so‘ragan ishchilardan birining aytishicha, bu ayollar doimiy ishchi bo‘lmagan:

“Bu ayollar jamoatchilikdan kelgan ayollar, obodonlashtirish bo‘limining doimiy maosh olib ishlaydigan ishchilari emas. Ularni brigada qilib, sariq forma berib ishlatishadi”.

O‘zini Valijon deb tanishtirgan Asaka tuman obodonlashtirish bo‘limining boshlig‘i Ozodlik savollariga javob berishdan bosh tortib, aloqani uzib qo‘ydi.

Asaka tuman ichki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, bu avtohalokatda uch nafar ayol halok bo‘lganini tasdiqladi:

“Ularni Kobalt rusumli avtomobil urib yuborib, haydovchi voqea joyidan yashiringan. Hozir prokuratura va ichki ishlar tergovchilari bu voqeani birgalikda o‘rganishmoqda. Bu ayollar hasharchilar bo‘lgan, lekin ustlarida nurda tovlanadigan formasi bor ekan. Ayni paytda, tezkor tadbir e’lon qilinib, haydovchi va uning mashinasi qidirilmoqda”.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatining Ozodlikka bildirishicha, halok bo‘lgan ayollar hasharchi emas, obodonlashtirish bo‘limining ishchilari bo‘lgan.

Prezident kelishiga odamlar butun viloyat bo‘ylab majburiy mehnatga jalb qilindi

Andijon viloyatida prezident tashrifidan oldin byudjetdan maosh olib ishlaydigan tashkilotlar xodimlari majburiy mehnatga jalb etilgani haqida Ozodlik 15 may kuni mana bu xabarni olgan edi:

“Jalaquduq tumanida Prezident tashrifidan oldin barcha tashkilot xodimlari magistral yo‘lni tozalashga hokim tomonidan jalb qilinmoqda. Eng achinarlisi tibbiyot xodimlari, barcha QVP mudiralari rahbarligida, ro‘za og‘iz bilan oftobda ish qilishib yurishibdi. Bu maddoh rahbarchalarning xarakati natijasida, fuqarolarda davlat rahbariga nisbatan salbiy fikr paydo bo‘lishiga olib keladi. Munosabat bildiray desam, biznikilar indama deydi. Birgina tibbiyotning o‘zidan yuzlab xodim Jalaquduqdan Qo‘rg‘ontepagacha bo‘lgan masofani bo‘lib olishib, yo‘lni tozalashga va fermer yerlaridagi o‘tlarni yulishga majburlanmoqda”.

Mushtariy bu aytganlariga isbot sifatida tibbiyot xodimlari majburiy mehnatga jalb qilingani haqidagi suratlarni ham ilova qildi.

Andijon viloyati, Jalaquduq tumani tibbiyot birlashmasi xodimlari majburiy hasharda
Andijon viloyati, Jalaquduq tumani tibbiyot birlashmasi xodimlari majburiy hasharda

O‘zbekistonda majburiy mehnat olib chiqilgan xodimlarning baxtsiz hodisaga uchrashi birinchi marta sodir bo‘layotgani yo‘q.

O‘tgan yilning 14 mart kuni Samarqand viloyat, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi maktab o‘qituvchisi, 23 yoshli Diana Yenikeeva prezident kelishiga ko‘chalarni supirib-tozalashga majburan chiqarilganda,uni yuk mashinasi urib yuborgan, o‘qituvchi voqea joyida halok bo‘lgan edi.

Prezident ko‘zbo‘yamachilikni tanqid qilgan, lekin bu davom etyapti

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 13 aprel kuni Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida o‘tkazilgan yig‘ilishda Diana Yenikeevaning ko‘cha supurishga chiqarilganida mashina urib ketganini bilishini aytar ekan, bu uchun prezident o‘zini ham aybdordek his qilgan:

“Men samarqandlik o‘qituvchining vafoti haqida eshitdim. Qanaqadir direktor, rahbar yoki hokim qachondir mehmon keladi, deb ikki-uch kun oldin aytgan. Lekin, mening yuragimda bu xuddiki, men tufayli yuz bergandek tuyuldi. Yana bir bora va so‘nggi marta barcha rahbarlarni alohida ogohlantiraman: bundan buyon bironta hududda o‘qituvchi, shifokor yoki talabalar obodonlashtirishga jalb etilsa, jazo juda qattiq bo‘ladi. Ishdan olish bilan birga o‘sha rahbar qonun oldida javobgar bo‘ladi. Menga farqi yo‘q, juda katta xizmat qilgan hokim bo‘lsa ham, u ishdan ketadi. Men buni aytishga majburman, chunki bu davom etmoqda”, degan prezident.

Shavkat Mirziyoev uning viloyatlarga borishiga tayyorlanayotgan ko‘zbo‘yamachilik ishlarni ham tanqid qilar ekan, joylardagi ahvolni o‘zi juda yaxshi bilishini aytgan:

“Men osmondan paydo bo‘lib, tushib kelmayman: bir kun oldin qaysi viloyatga tashrif buyurishim haqida ma’lumot yetkaziladi. Lekin, ko‘p joylarda ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yilmoqda. Ochig‘i, menga bu noqulay, menda nafrat uyg‘otmoqda. O‘qituvchilarni majburlab chiqarib qo‘yib, obodonlashtirish, ularga ko‘cha supurtirish, tayyorgarlik​ka jalb etish - siyosatga xiyonat. Bu harakatlar faqat menga emas, siyosatga ham xiyonat”, deb aytgan prezident.

Prezident fikricha, hokimlar majburiy mehnat bilan o‘zlariga rahmat emas, balki la’nat olmoqda:

“Men devor ortida nima borligini, O‘zbekistonda qaysi ko‘cha supurilgani yo obodligini juda yaxshi bilaman. Bitta narsani aytmoqchiman: yo‘lni supurganingiz bilan hech nima o‘zgarmaydi, odamlar rahmat demaydi, la’nat aytadi. Bizni do‘stlarimiz ham ko‘p, dushmanlarimiz ham. Siz mana shu ishlaringiz bilan dushmanlarning tegirmoniga suv quymoqdasiz. Butun viloyatlar va tumanlar rahbarlari, mana shuni bilib oling”, degan edi prezident.

XS
SM
MD
LG