Линклар

Шошилинч хабар
12 ноябр 2019, Тошкент вақти: 03:16

Rishtonda xalq kutubxonasi buziladigan bo‘ldi. K.Allamjonov Dima Qayumga yordam va’da qildi


Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Dima Qayum taxallusi bilan tanilgan rishtonlik tadbirkor, bloger Dilshod Boltaboev xalqdan tushgan xayriya hisobiga qurgan kutubxona buziladigan bo‘ldi.

Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonov unga yangi kutubxona qurishda yordam va’da qildi.

2017 yilda qurilgan kichikkina kutubxona ijtimoiy tarmoqlarning oddiy foydalanuvchilari va jamoatchilik faollari birgalikda quvvatlagan, so‘ngra real hayotda amalga oshishiga erishgan o‘ziga xos ramziy maskanga aylangandi.

Xalq saqlagan kutubxona

Rishton bozorida pechka sotib, kun ko‘rish bilan birga Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi postlari bilan tanilgan bloger Dima Qayum (Dilshod Boltaboev) bu gal kutubxonani saqlab qolishga umidi qolmaganini aytadi.

"Avvalgi yili buzamiz deganidan so‘ng katta shov-shuv bo‘lgandan keyin to‘xtab qolgandi. Hozirni bozorning 80 foizi buzilib bo‘ldi. Bu gal buzilishi aniqroq bo‘lib turibdi", dedi Ozodlikka.

Tadbirkor hozirgacha bu kutubxona, shuningdek, ayni bozorda joylashgan do‘koni uchun tovon puli to‘lash yoki yangi joy berilishi haqida biror ma’lumot berilmaganini aytmoqda.

Kutubxonani bloger tarmoqlar orqali to‘plagan pul hisobiga 2017 yil oktabrda qurgan va unga "Roshidoniy" xalq kutubxonasi, deb nom bergandi. Hozirga kelib uning fondida 2 ming donadan ko‘proq kitob yig‘ilgan, kuniga 30-40tasi kitobxonlarga ulashiladi.

2018 yil davomida bozor ma’muriyati kutubxonani, bozor tarxiga mos kelmagani va hujjatlarda muammo borligini aytib, bir necha bor buzishga uringandi. Ammo, ijtimoiy tarmoqlarda jamoatchilik jiddiy e’tiroz bildirgach, kutubxona saqlab qolingandi.

Allamjonov va’da berdi

Dima Qayum Facebook ijtimoiy tarmog‘i orqali Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonovdan yordam so‘radi.

Allamjonov bu haqda o‘z sahifasida ma’lum qildi va blogerga yordam va’da qildi. Uning javobida ham xalq puli va rishtonlik tadbirkor tashabbusi bilan qurilgan kutubxonaning buzilishi muqarrarligi ko‘rinadi.

"Sizga telefon orqali qo‘ng‘iroq qilib aytganimdek, bugungi kunda tumanda bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari boshlangan. Biz viloyat hokimi Shuhrat Madaminovich bilan kelishgan holda, sizning kutubxonangiz o‘z faoliyatini davom ettirishi uchun kerakli choralarni ko‘ryapmiz. Kutubxona uchun tumandagi eng yaxshi joyni tanlasangiz, o‘sha yerda birgalikda kutubxona quramiz", deb va’da qildi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari.

Prezidentning taklifi

Bu kutubxona haqida maqola chop qilgan "Xalq so‘zi" onlayn nashrining yozishicha, prezident Mirziyoev shu yil 6-7 may kunlari Farg‘onaga tashrifi chog‘ida Rishtonni namunali tumanga aylantirish yuzasidan taklif bergan.

Shu kunda Rishton bozorida borayotgan buzilishlar ana shu taklif asosida qilinmoqda va "ko‘rimsiz, arxitektura talablariga javob bermaydigan turar joy va noturar joy binolari buzilmoqda".

Endilikda Dima Qayum Komiljon Allamjonovning yangi kutubxona qurishda yordam berishiga astoydil umid qilayotganini aytdi va kutubxonani bozor hududida qoldirishni so‘radi.

"Chekka joy bo‘lsa, birov bormaydi o‘zlariga ham aytdim. Menga qolsa, yangi kutubxona bozorning kiraverishida qurilgani ma’qul. Tirikchiligim ham o‘taveradi. Iloji bo‘lsa, yerto‘lali bo‘lsa, o‘sha joyda tirikchilik qilaman. Tepasida xotin kitob tarqataveradi. Kitoblar 2000 donadan ko‘p, kuniga 30-40 ta kitob ketadi yoshlarga", deydi tadbirkor.

Ta’kidlash joiz, tadbirkor Rishton bozorida pechka sotib, tirikchilik qilarkan, kundalik ishlarining orasida kutubxonani ham, xotini bilan birga, hech bir xizmat haqisiz yurgizmoqda.

Ramziy kutubxona

Dima Qayum kutubxona qurishni niyat qilgan kunidan boshlab, Facebook tarmog‘ida o‘z harakatlarini birma-bir yozib bordi.

Uning aytishicha, bozor ichida o‘ziga ajratilgan maydonda xayriya mablag‘lari evaziga "xalq kutubxonasi" qurish tashabbusiga Rishton tumanining avvalgi hokimi G‘ayrat Mamadaliev og‘zaki ruxsat bergan va bundan tuman bosh arxitektori xabardor qilingan.

Shundan so‘ng, ijtimoiy tarmog‘ida yuzlab odam Dima Qayumning bu tashabbusini qo‘llab, kutubxona uchun pul va kitob yetkazib berishga kirishgandi.

Tadbirkor esa yig‘ilgan summaning qanchasi g‘ishtgayu qanchasi kitob javonlariga ketgani haqida hisob berib bordi.

"Prezident kitobxonlikni rivojlantirish haqida 2017 yil 13 sentabrida qaror chiqarganlaridan so‘ng, o‘sha kundan boshlab harakat qildim. O‘zimning kitoblarim va Xalqdan kitob yig‘dim. Avvaliga 300 kitob bilan boshlangan kutubxonada hozirda 2000 dan oshiq kitob bor. Prezident qarorini amalda bajarib, O‘zbekiston tarixida bozorda kutubxona ochgan men opa", deb hazillashadi bloger.

Hozirga kelib bu kutubxona O‘zbekistondagi ijtimoiy tarmoqlarning oddiy foydalanuvchilari va jamoatchilik faollari birgalikda quvvatlagan, so‘ngra real hayotda amalga oshishiga yordam bergan o‘ziga xos ramziy loyihaga aylangan.

Farg‘ona vodiysiga yo‘li tushgan tarmoq faollari esa Dima Qayumning kutubxonasiga kirib-o‘tishni odat qilgan.

XS
SM
MD
LG