Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:29

"Prezident uy berdi" deb televizordan rahmat ayttirilgan andijonlik ayol "shou uy"dan chiqarildi(VIDEO)


Xurshida Tillaeva "O‘zbekiston 24" kanalida "uy bergan prezidenti"ga minnatdorchilik bildirmoqda.
Xurshida Tillaeva "O‘zbekiston 24" kanalida "uy bergan prezidenti"ga minnatdorchilik bildirmoqda.

O‘zbekiston prezidentining 16 may kuni Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida "uy berildi" deb TVda ko‘rsatilgan 35 yashar Xurshida Tillaeva Ozodlikka aslida hech qanday uy olmaganini aytib berdi.

Ozodlik prezident tashrifi paytida “uyga ega bo‘ldi” degan xo‘jako‘rsin spektakl qurboni bo‘lgan boshqa ayollar bilan ham gaplashdi.

Shulardan biri 30 yashar Muyassar Rahimova “uy oldi” degan tadbir paytida “prezidentga loyiq” kiyimlarni sotib olishga majburlanganidan ham nolidi.

Andijon viloyat hokimligi vakili Ozodlik bilan suhbatda uy olganlarning berilgan xonadonlardan chiqarib yuborilganini rad qildi.

Mulozimga ko‘ra Andijon shahrining adirga tutash chekkasidagi “Qorako’l stroy engineering” mas’uliyati cheklangan jamiyati ishlab chiqqan loyihaga ko‘ra 7,5 gektar yerda 108 ta taunxaus uy qurilib¸ unga muhtoj oilalar ko‘chib o‘tgan.

Bir soatlik uy bekasi

Andijonlik ikki farzandning onasi¸ tikuvchi Xurshida Tillaeva O‘zbekiston prezidenti Andijonga borgan kuni bir kunda teleyulduzga aylanganini aytadi:

-Tikuv sexida ishlab¸ uy uchun ariza berib qo‘ygandim. Prezident keladigan kuni Andijon shahar hokimligi Xotin-qizlar bo‘limidan kelib¸ "mana shu uyga ko‘chib kirasiz"¸ deb aytishdi. Bog‘cha xodimlari bezatib qo‘yishgan ekan uyni. "O‘zbekiston 24" kanali muxbiri meni videoga oldi. "Otam o‘lgan edi¸ prezidentim otam o‘rniga ota bo‘lib¸ uy berdi"¸ deb ko‘zimga yosh olib gapirsam¸ butun Andijon ko‘ribdi. Hamma meni tabrikladi. Prezident kelib ketganidan keyin bu uyni egasi bor¸ sizga keyinroq dom beramiz¸ deyishdi. O‘shanda men buning hammasi aldov ekanini tushundim¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda soxta shou qahramoniga aylangan Xurshida.

Uning aytishicha¸ o‘sha kuni jami 8 nafar ayolga uy berilgan va ulardan oltitasi prezident ketishi bilanoq¸ uylardan chiqarib yuborilgan.

Ozodlik “prezident uy berdi” degan spektakl qurbonlaridan yana biri bilan gaplashdi. Andijonlik 30 yashar Muyassar Rahimova ham avvaliga uy berilib¸ keyin qaytarib olingan ayollardan biri ekanini tasdiqladi:

- Xursand bo‘lib¸ yig‘lab prezidentni duo qildim¸ uylik bo‘lganim uchun. Ko‘chlaringizni ertaga obkelasiz¸ prezident kelganida tugunlaringiz dizaynni buzmasin¸ deyishdi. Adrasdan kiyim tiktirishdi o‘zimning hisobimdan. 300 ming so‘mga tushdi kiyim. Bolalaringizni ham yaxshi kiyintiring¸ deyishdi. Prezident kelganida uy olgan baxtli oilaga yarasha kiyining¸ deyishdi. Keyin esa¸ xor qilib kamsitib chiqarib yuborishdi. Bu bir o‘yin ekan. Prezidentni aldash uchun bizdan o‘yinchoq sifatida foydalanishdi¸ deydi suhbatdosh.

TV dagi yolg‘on qanday yasaldi?

O‘zbekiston prezidentining 16 may kuni Andijon viloyatiga tashrifini yoritgan "O‘zbekiston 24" kanali taunxaus tipidagi hovli uylardan iborat yangi massivga 164 oila ko‘chib kirganligini aytadi. Tashrifni yoritishda ishtirok qilgan mahalliy jurnalistlardan biri ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikkka ba’zi tafsilotlarni aytib berdi.

"Prezident kelishi mumkin bo‘lgan 10 ta xonadon ajratib olindi. Madaniyat boshqarmasi va bog‘cha xodimlari bu uylarni bezashga safarabar qilindi. Prezident bilan uchrashishi mumkin bo‘lgan ayollar maxsus libos dizayneri maslahati bilan shoyi va adras kiyimlar kiydirildi. Soch turmagi ustidan durra bog‘latishdi. Prezident kelishiga oz qolganda uning Dilfuza Hojimatova xonadoniga kelishi bildirildi. Zudlik bilan bu oilani bezash boshlandi. Qimmat stullar olib kelindi"¸ deydi suhbatdosh.

Prezident bilan uchrashadiganlar shortlistiga kirgan bir soatlik “uy bekalaridan” biri Muyassar Rahimovaning aytishicha¸ “spektaklning ishonarli chiqishi uchun” tashkilotchilar sidqidildan harakat qilishgan:

- O‘sha televizorda ko‘rgan uydagi jihozlarning hammasini hokimiyat vaqtincha olib kelib qo‘ygan. Oshxonadagi ziravor soladigan ko‘zalar va devordagi palmalar rasmigacha. "Prezidentga ortiqcha savol bermang¸ faqat duo qilib¸ minnatdorchilik bildiring"¸ deb uqtirishdi¸ deydi suhbatdosh.

Andijon viloyat hokimligining Ozodlik suhbatlashgan vakili prezident bilan uchrashgan Dilfuza Hojimatova 28 may kuni ham o‘sha uyda yashayotgani¸ qolgan ayollarning uy-joy muammosi kelgusida hal qilinishini bildirish bilan kifoyalandi.

Suv bo‘yiga oborib suv ichirmay kelish mahorati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 17 may kuni Andijon shahrining Mustaqillik mahallasiga borib, yomon sharoitda yashaydigan mahallalarni borib ko‘rib¸ ahvolni tanqid qilgan edi.

– Bunday og‘ir sharoitda yashashning o‘zi bo‘lmaydi. Ayniqsa, bolalar shu sharoitda yashab kelayotganiga umuman chidab bo‘lmaydi. Bugun bu yerga kelishimdan maqsad odamlar turmushi bilan tanishish, hamma oilalar uchun yaxshi sharoit yaratib berish, – degan edi Shavkat Mirziyoev.

Prezidentning bu gaplarini efirga berish ortidan "O‘zbekiston 24" kanali Andijon shahri yaqindagi bahavo adirlikda qurilgan qizil tomli villalarni namoyish qiladi.

Bu villalardan birida mehmon bo‘lgan prezident¸ “mana bo‘larkanku sharoit yaratsa”¸ deydi.

Prezidentnig bu gaplardan keyin efirda andijonlik ikki farzand onasi¸ tikuvchi Xurshida Tillaeva tasviri namoyish qilinib¸ “Tilaklar amalga oshadigan ro‘za oyida uylik bo‘lgan baxtiyor ona” deya ta’riflanadi.

Tillaeva Ozodlik bilan suhbatda prezidentni aldab¸ uy olmaganlarni oldi¸ deb ko‘rsatgan mahalliy mulozimlar harakatini tanqid ostiga oladi:

- Mana yana o‘sha snosga tushgan eski mahallada onamning xaroba uyida yashayapman. Meni suvga oborib suv ichirmay kelganlar mahoratiga qoyil qolib o‘tiribman. Bergan narsani qaytarib olgan rahbarlarga uyat. Ishontirib qo‘yib¸ bizni xo‘rlayapti. Bermaydigan bo‘lsa¸ boshida aytishi kerak edi¸ deydi suhbatdosh.

Xurshida Tillaeva o‘z hikoyasining hokimlik rasmiylari tomonidan "yolg‘on"ga chiqarilish ehtimoli kuchliligini yaxshi anglashini aytadi.

Shu bois ayol 28 may kuni "O‘zbekiston 24" shousida kiyib chiqqan ko‘ylagini kiyib¸ yashab turgan onasining hovlisidan Ozodlik uchun maxsus videomurojaat tayyorlab jo‘natdi.

Андижонлик Хуршида Тиллаева 28 май куни Озодлик орқали ўзини алдаганларга видеомурожаат қилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:19 0:00

XS
SM
MD
LG